Adashgan ayol va uning uch farzandi Vatanga qaytarildi

Jamiyat 11:30 / 22.02.2019 16343

Mamlakatimizda inson va uning manfaatlari oliy qadriyat sanaladi. Shu bois har bir fuqaro emin-erkin yashash huquqiga ega. Surxondaryo viloyati Termiz tumanida istiqomat qiluvchi Almurod To‘rayev ham 2 o‘g‘il, 2 qizni tarbiyalab, turmush o‘rtog‘i bilan tinch-totuv, baxtli hayot kechirib kelayotgan edi. Biroq o‘g‘illarining noqobil chiqishi ota boshini mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘, oshna-og‘aynilar oldida xam qildi.

1974 yilda hamda 1987 yilda tug‘ilgan aka-uka Ilhom va Erkin To‘rayev 2011 yil Rossiyaga ishlash uchun boradi. Afsuski, ular u yerda «O‘zbekiston islom harakati» xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo‘shilib qolishadi va odamlarni yollash bilan shug‘ullana boshlashadi. Shu orada Ilhom To‘rayev turmush o‘rtog‘i va farzandlarini ham yolg‘on va'dalar bilan o‘z yoniga chaqirib oladi. Ammo, Ilhomning qing‘ir harakatlari uzoqqa cho‘zilmaydi. Tez orada u huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan qo‘lga olinib, O‘zbekistonga deportatsiya qilinadi.

Ilhom To‘rayev qo‘lga olingan vaqtda uning ukasi Erkin Turkiyaning Istanbul shahrida qo‘nim topib, Pokiston, Afg‘oniston va Suriya davlatlaridagi «O‘zbekiston islom harakati» va «Imom al-Buxoriy katibasi» xalqaro terroristik tashkilotlar safiga yangi a'zolarni yollash va jo‘natish ishlari bilan shug‘ullanib kelardi. Shundan so‘ng Erkin 2013 yil akasining turmush o‘rtog‘i va farzandlarini Rossiyadan Turkiyaga chaqirib oladi va ularni ham o‘zlarining safiga qo‘shadi...

2019 yil Almurod To‘rayev uchun xayrli boshlandi. Sababi, to‘ng‘ich farzandi Ilhom To‘rayevning turmush o‘rtog‘i va 3 nafar voyaga yetmagan farzandi Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining sa'y-harakatlari bilan Turkiyadan O‘zbekistonga qaytarildi. Bu quvonchli xabar 67 yoshni qarshilagan Almurod To‘rayevning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini qayta uyg‘otdi.

– 2013 yil o‘zga yurtlarga ketib, adashib diniy oqimlarga aralashib qoldim, – deydi Xolbibi Ko‘chirova. – Istanbul shahrida farzandlarim bilan ijarada qiynalib yashadim, bolalarimning hujjatlari yo‘q edi, hech qayerga murojaat qilolmadim. 10 yoshli katta farzandim hujjati yo‘qligi uchun maktabda o‘qiy olmadi. Vatanga qaytgim kelardi, lekin qaytishning iloji bo‘lmadi. Prezidentimizga ming rahmat, bizga shunday imkoniyatlar berdi. Mana bugun farzandlarim bilan o‘z uyimda o‘tiribman.

Almurod ota ham marhum turmush o‘rtog‘i bilan farzand dog‘ida hayotning ko‘p mashaqqatlarini chekdi. Kelini va nabiralarini ko‘rishdan butunlay umidini uzgan bir mahalda, bu kun otaxon uchun esda qolarli bo‘ldi. Shunday og‘ir damda xalqimizga xos mehr-oqibat unga dalda bo‘lganini gapirar ekan, ko‘z yoshlarini tiyib turolmadi.

– Shuncha yillar davomida farzandlarim, nabiralarimni ko‘rishning imkoni bo‘lmasdan, mana shu azobda rahmatli ayolim bilan kutib yashadik, – deydi Almurod ota. – Bugungi xursandchilik ko‘z yoshlariga yetkazgan Yurtboshimizga ming rahmat. O‘tgan yili farzandlarim dog‘ida ayolim qazo qildi. Bir o‘zim shu hovlida qoldim. Prezidentimizga yana bir bor rahmat.

Ha, otaxonning yuragidan otilib chiqayotgan bu gaplar har qanday insonning qalbini larzaga solishi shubhasiz. Hozirda Ilhom To‘rayev Sherobod tumanida joylashgan manzilli koloniyada jazo muddatini o‘tayapti va shu bilan birga, Jarqo‘rg‘on tumanidagi g‘isht zavodida shartnoma asosida ishlab kelmoqda. Albatta, Ilhom davlatimizning uning oilasiga, farzandlariga ko‘rsatgan bunday e'tibor va g‘amxo‘rligidan minnatdor.

– Hozir shunchalik hayajondamanki, uni so‘z bilan ifodalab berolmayman, – deydi I.To‘rayev. – Prezidentimizning qaroriga asosan mana yengillik bo‘lib, oilam sog‘-salomat uyga, bag‘rimizga keldi. Shu ekstremistik tashkilotlar safiga qo‘shilib qolganimdan ming-ming pushaymonman, ota-onam, yaqinlarimga aziyat yetdi. O‘zga yurtlardan kelolmay yurganlarga murojaat qilmoqchiman – qaytinglar, mana mening turmush o‘rtog‘im va farzandlarim sog‘-salomat uyga, bag‘rimizga kelishdi.

Xalqimizga xos kechirimlilik, mehr-oqibat va hamjihatlikning ko‘rinishi bo‘lgan bu kabi xayrli ishlar yurtimizda inson nomi va uning qadriga bo‘lgan e'tiborning yorqin namunasidir.

Ko‘proq yangiliklar: