Toshkentdagi Yodju Texnika instituti haqidagi iddaolar qanchalik haqiqat?

O‘zbekiston 18:29 / 21.02.2019 31786

Bugungi kunda O‘zbekistonda yoshlarga sifatli oliy ta'lim berish imkoniyatlarini kengaytirish, bu borada raqobatni kuchaytirish maqsadida yirik xorijiy oliy o‘quv yurtlarining filiallari tashkil etilmoqda. Rossiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Singapur kabi davlatlarning oliy ta'lim muassasalari o‘z shoxobchalarini ochgani ko‘pchilikka ma'lum.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

O‘zbekistonga malakali kadrlarni tayyorlab berish borasida sa'y-harakat qilayotgan xorijiy institut-universitetlar orasida Janubiy Koreya oliy ta'lim muassasalari soni salmoqli. 2018 yil 15 oktyabrida rasman faoliyatini boshlagan Toshkent shahridagi Yodju Texnika instituti shular jumlasidan.

Shartnoma asosida qabul qilingan talaba bir yilda tegishli ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha 16 mln so‘mdan 24 mln so‘mgacha to‘lovni amalga oshirib, arxitektura va shaharsozlik, turizm, qurilish, muqobil energiya va biznesni boshqarish yo‘nalishlarida Koreya va xalqaro ta'lim standartlari bo‘yicha oliy ma'lumotli mutaxassis bo‘lib yetishadi.

Biroq, ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalari Yodju Texnika institutidagi ta'lim jarayonini go‘yoki talabadan kelgan murojaatga asoslanib tanqid qilmoqda. Garchi, maqolada murojaatchi keltirgan vajlar sanab o‘tilgach, Institut tomonidan taqdim etilgan izohlar berilgan bo‘lsa-da, dalillarni tekshirish to‘laqonli amalga oshirilmagan hamda maqola ko‘proq murojaatchining e'tirozlari haqli, degan mazmundagi sarlavha bilan o‘quvchi e'tiboriga havola etilgan.  

Xo‘sh, talabaning e'tirozlari nimalardan iborat edi?

- Institut binosiga bo‘lgan e'tiroz. Unga ko‘ra, bino to‘liq bitmagan.

- Darsliklar xususida – hamon elektron variant va kitoblarning nusxalaridan foydalanilmoqda. Axborot-resurs markazi faoliyatidan qoniqmaslik.

- Kredit ta'lim tizimi bo‘yicha. Talaba fikricha, bu tizim O‘zbekistonga to‘g‘ri kelmaydi, dars vaqtining 50 daqiqa bo‘lishi yetarli emas. Nazorat, ta'lim sifati, ustozlar tarkibiga e'tirozlar.

- Koreyada oliy ta'limni davom ettirish xususidagi da'volar. Qolaversa, qo‘shimcha ta'limlar pullik ekanligi. 

- Imtihonni topshira olmagan talabaning qo‘shimcha pul to‘lashi – korrupsiyaga yo‘l ochish, degan fikr asnosida ustoz bilan kelishib bo‘lmasligining e'tirofi.

Yuqorida sanab o‘tganlarimiz, talabaning ko‘plab e'tirozlarining umumlashmasidir.

Kun.uz tasvirga olish guruhi maqolada yoritilgan e'tirozlar haqiqatga qanchalik mos keladi, kredit ta'lim tizimi nima, u talabalarga nima beradi hamda boshqa qator savollarga javob olish maqsadida ayni institutga tashrif buyurdi. Ta'kidlash kerak, bu lavha tayyorlashdan institutdagi ta'lim jarayonlarini emas, balki aynan xorij OAVda chiqqan maqoladagi faktlarni tekshirish maqsad qilindi.

Dastavval YTIT binosi xususida. Bu oliy ta'lim maskanining binosi, ularning tuzilmasi, auditoriyalar zamonaviy uslubda barpo qilingan. 6 qavatli binoning 3 qavatidagi xonalar talabalar, ustozlar va ma'muriyat ixtiyorida. Qolgan 3 qavatga ehtiyoj bo‘lmagani sababli, hozircha foydalanilmayapti. 

Yo‘laklar keng, har bir talabaga, xorij standartiga muvofiq, shaxsiy shkaf biriktirilgan. Binoning yerto‘lasida oshxona, bundan tashqari, talabalarning mazmunli hordiq chiqarishlari uchun shart-sharoit barpo qilingan.

Kuzatuv kameralari xonalar, yo‘laklarni to‘liq nazorat qiladi. Ta'lim jarayoni Yodju Texnologiyalar institutining ushbu ta'lim dargohidagi uch nafar professor-konsultantlari tomonidan muntazam kuzatib boriladi.  

Xonalarning sig‘imi haqida gapiradigan bo‘lsak, kichik guruhlar va ma'ruzalar o‘tishga mo‘ljallangan zallar mavjud. Bino qurilishida zamonaviy arxitektura va dizayndan xabari bor kishiga tanish bo‘lgan loft uslubi keng qo‘llanilgan. Xonalarda tabiiy yorug‘lik tushishini ta'minlash, natijada binoning ekologiya muhofazasiga hissasini oshirish maqsadida yirik romlar o‘rnatilgan. Institutda 2ta axborot-resurs markazi mavjud bo‘lib, o‘qish uchun barcha sharoit muhayyo. Talabalar uchun 2 qavatda maxsus kompyuter xonalari ham tashkil etilgan.

Biz tashrif buyurgan kunda institutda birinchi semestr yakunlari bo‘yicha sinovlar o‘tkazilayotgan edi. Imtihonlar adolatli va shaffof tarzda o‘tayotganiga guvoh bo‘ldik. Talabalar esa, e'tirozlari yo‘qligini ta'kidlashdi. Semestr yakunlari bo‘yicha sinovlar fanlar kesimida barcha talabalar uchun bir vaqtda tashkil etildi.

Imtihon jarayonini kuzatish maqsadida J.Koreyadan qo‘shimcha professor-o‘qituvchilar, kuzatuvchilar kelishgani ham ma'lum bo‘ldi. Fursatdan foydalanib, ularning ayrimlari bilan suhbatlashib, ularga yuqoridagi e'tirozlarga javob bo‘ladigan savollar bilan murojaatlar qildik.   

O‘zbekistonga xush kelibsiz! Koreyadagi Yodju Texnika institutida o‘quv jarayoni qanday tashkil etilgan? Institutning Toshkentdagi filiali bilan ayni deyish mumkinmi?

«Janubiy Koreyadagi Yodju instituti poytaxt Seul atrofidagi, Kyongi-do shaharchasida joylashgan. Unda jami 6500 talaba tahsil oladi. Institut 24ta fakultetdan iborat. Institutdagi ta'limning o‘ziga xosligi shundaki, talabalar amaliyotga, ya'ni bitirgandan keyin ishlab chiqarish jarayoniga shay kadr bo‘lib tayyorlanishadi.

Sizning savolingizga kelsak. Aslida maqsad ham, Koreya va O‘zbekistondagi institutlardagi ta'limni bir xil tashkil etishdir. Biroq, ayrim standartlar mos kelmayotgan jihatlar mavjud. Bu borada o‘rganishlar olib borilyapti. Bu yerda ham bitiruvchilarning tayyor kadrlar bo‘lib yetishishlariga e'tibor berilmoqda. Ular amaliyotga shay holda bo‘lishadi», - dedi Choi Jong Chul.

YTIT tashkil etilganida 2+2 dasturi bo‘yicha, ya'ni 2 yil Toshkentda, 2 yil Janubiy Koreyada ta'lim beriladi, degan so‘zlar yangragan ekan. Bu qanday tashkil etiladi va haqiqatda talabalarni xorijda o‘qitish rejada bormi?

«To‘g‘ri, 2+2, ya'ni 2 yil Toshkentda, 2 yil Koreyadagi institutda ta'lim olish imkoniyati taqdim etilishi haqida so‘z borgan. Bu asosiy dastur hisoblanadi. Bundan tashqari, 3+1, 1+3 kabi dasturlar ham mavjud. Ayni chog‘da biz 1+3 yo‘nalishini ham jiddiy o‘rganib chiqyapmiz. Biroq bu dasturlar bo‘yicha ta'lim berish, ayrim shartlarga bog‘liq.

Choi Jong Chul

Shartlar nimalardan iborat? Birinchi navbatda bu yerdan boradigan talabalar koreys tilini mukammal bilishlari kerak. Chunki, Koreyaga borgach, ularga til o‘rgatilmaydi, balki texnik darslar o‘tila boshlanadi. Buni o‘zlashtira olishlari kerak.

Ikkinchidan, Koreyadagi ta'lim narxi O‘zbekistondagi shartnoma to‘lovidan keskin farq qiladi. Shu bilan birga, talabaning bilimi, iqtidoridan kelib chiqqan holda, uni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasida qanchalik yordam bera olamiz, necha foiziga ta'lim granti yoki chegirma taqdim etiladi. Bularni ham o‘rganib chiqish kerak bo‘ladi.

Yana bir bor eslatib o‘taman, O‘zbekiston va Koreyadagi ta'lim qonunchiligidagi muvofiqlik ham muhim o‘rin tutadi. O‘zaro mutanosiblikni ta'minlab olish maqsadida dastavval 2+2 dasturi haqida so‘z borgan. Aslida 1+3, 3+1 shakllarida ham ta'lim olish imkoniyati mavjud», - dedi Choi Jong Chul.  

Koreyalik ustoz institutni kengaytirish borasidagi rejalarni ham bildirar ekan, xorijiy davlatlarda bo‘lgani kabi kempuslar barpo etilishiga oydinlik kiritdi. 

«Albatta, institutni kengaytirish rejalarimizda ham bor. Maqsadimiz ham shu. Biz bu yerga amaliyot o‘tash uchun kelganimiz yo‘q. Yo‘nalishlarning 5ta ekani ham vaqtincha. Negaki, O‘zbekiston rivojlangani sari texnika mutaxassislariga bo‘lgan kadrlarga talab oshadi. Bu, o‘z navbatida, texnika yo‘nalishida ta'lim beruvchi oliygohlarga bo‘lgan talabni kuchaytiradi. Shu bois, biz ham ta'lim yo‘nalishlarini kengaytiramiz va bu zarur ham», - deya qayd etdi Koreya instituti vakili.

Koreyalik mutaxassis semestr yakunidagi sinovlardan o‘ta olmagan talabalar ma'lum bir miqdorda pul to‘lab, imtihonni qayta topshirishlariga to‘g‘ri keladi, degan e'tirozga quyidagicha fikr bildirdi.   

«Yo‘q, bunday emas. Bu haqda noto‘g‘ri axborot tarqalgan. Faqat bir narsani aytishim mumkin, ta'lim jarayoni qiyin va murakkab bo‘lgani uchun ayrim talabalar sinovdan o‘ta olishmaydi. Ammo, ularga 3 karra qayta imkoniyat taqdim etiladi. Buning uchun pul to‘lanishi esa, noto‘g‘ri. Bunday tizim Koreyada ham, O‘zbekistonda ham yo‘q», - dedi Choi Jong Chul.

Yodju Texnologiyalar instituti professori, muqobil energetika fani mutaxassisi Kim Tae Hyung esa, Toshkentdagi Yodju Texnika institutida nima uchun muqobil energetika yo‘nalishi ochilgani, institutda ta'lim sifatiga doir e'tirozlarga o‘z munosabatini bildirdi.

Kim Tae Hyung

«Birinchidan, O‘zbekiston quyosh energiyasiga juda boy mamlakatlardan biri. Kelgusida quyosh energiyasidan sanoat darajasida foydalanish imkoniyatlari kengayishi bois, Yodju Texnika institutida shu yo‘nalishdan ta'lim berish belgilandi. Energetika fan o‘laroq, qanchalik muhim bo‘lsa, muqobil energetika uning ajralmas va muhim qismi hisoblanadi», - dedi koreyalik professor.

Xorij OAVlardan birida YTIT’dagi ta'lim tizimi haqida talabalardan biriga asoslangan holda tanqidiy maqola e'lon qilindi. Institutda kamchilik va nuqsonlarni kuzatdingizmi?

«Toshkentdagi Yodju Texnika instituti tashkil etilganiga endigina 6 oy bo‘ldi. Har bir yangi ishda kamchilik bo‘lganidek, bu ta'lim dargohi ham kamchiliklardan xoli emas. Lekin bu tashvishlanarli emas, balki yo‘l-yo‘lakay hal etish mumkin bo‘lgan ishlardir. Birinchi semestr endi yakunlanmoqda. Ikkinchi semestr yakunida bu kamchiliklar bartaraf etilgan bo‘ladi. Umuman olganda institut yaxshi natija ko‘rsatmoqda va bizning talablarimizga javob bermoqda», - deya ta'kidladi professor Kim Tae Hyung.

Biz talaba tomonidan bildirilgan e'tirozlarning ayrimlari xususida YTIT o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Jonpo‘lat Kudaybergenovga murojaat qildik.

Jonpo‘lat Kudaybergenov

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda yangi zamonaviy usullaridan foydalangan holda oliy ta'lim berishga katta e'tibor berilmoqda. Toshkentdagi Yodju Texnika instituti esa, rivojlangan davlatlarda yaxshi samara berib kelayotgan kredit tizimida darslarni tashkil etgan ilk oliy ta'lim dargohidir. Ko‘pchilikka yangi tushuncha bo‘lgan kredit tizimi xususida ma'lumotlar bersangiz?

«To‘g‘ri aytdingiz, O‘zbekiston oliy ta'lim tizimiga kredit tizimi endi kirib kelyapti. Lekin, jahon amaliyoti, ayniqsa, YeI mamlakatlari, AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa rivojlangan davlatlarda anchadan beri bor. O‘zimiz ham «Umid» jamg‘armasi orqali Angliyada kredit tizimida tahsil olib kelganmiz. Uning afzalliklari ko‘p.

Shulardan biri, talaba to‘lagan kontrakt summasi evaziga ba'zi bir majburiyatlarni bajarishni o‘z zimmasiga oladi. Majburiyatlar nimalardan iborat bo‘ladi? Semestr yakuniga binoan, har bir modul, ya'ni fandan semestr mobaynida ma'lum bir ko‘nikmaga ega bo‘lish shartligidir.

Kredit tizimida kontrakt summasi har bir fanga alohida hisoblanadi. Bunda talabaning o‘sha belgilangan fan bo‘yicha qarzi borligini bildiradi. Bu qarzni yopish esa, talabaning semestr davomida mustaqil ravishda o‘qib-o‘rganib, semestr yakunida mustaqil ishlar, yoki imtihonlardan o‘tish orqali, mid-term – oraliq imtihonlarida esa, o‘z bilimini namoyish qilib, isbotlasa qarzini yopgan bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, talabani mustaqil o‘qib-o‘rganishga rag‘batlantiradi.

Talaba ma'lum bir fanni yaxshi o‘zlashtirolmasa, u fanni keyingi kursda qaytadan o‘qishi hamda mumkin bo‘lgan minimal ballni olishi zarur bo‘ladi. Uning qaytadan o‘qishi uchun ustozlar jalb etiladi. Institutning boshqa xarajatlari ham qo‘shiladi. Shu bois, biror fandan yaxshi o‘zlashtirolmagan talaba o‘sha fan uchun qayta pul to‘lab, o‘qishga, so‘ngra qayta imtihon topshirishi shart bo‘ladi», - dedi YTIT o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori.   

Institut ta'lim jarayonida innovatsion texnologiyalardan naqadar foydalanilmoqda, elektron kitoblar xususida izohlaringiz qanday?

«Oxirgi vaqtlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanmoqda. O‘quvchi talabalar ixtiyorida smartfonlar, planshetlar mavjud. Bu o‘z-o‘zidan elektron kitoblarga bo‘lgan talabni kuchaytirmoqda. Sababi elektron kitoblar ham arzon, ham foydalanish uchun qulay. Jahondagi yirik kutubxonalar, xususan, British Library’da ham nashr qilingan ko‘rinishdagi kitoblardan elektron namunadagi kitoblarga o‘tish tendensiyasi kuzatilmoqda. Shu bois biz ham, ta'lim dargohida nafaqat kitoblar, balki ularning elektron ko‘rinishlarini, turli darslik va qo‘llanmalarga obuna bo‘lish amaliyotini tashkil etganmiz», - deydi prorektor Jonpo‘lat Kudayberganov.

Oliygoh talabasi tomonidan bildirilgan e'tirozda xorijlik murabbiylar soni kamligi aytiladi. O‘quv ishlari bo‘yicha prorektorning aytishicha, bugungi kunda 70 nafar professor-o‘qituvchilar talabalarga dars bersa, shundan 12 o‘qituvchi Koreya respublikasidan. Ammo, qolgan mahalliy o‘qituvchilarning 80 foizga yaqini xorijiy, jumladan, AQSh, Buyuk Britaniya, YeI, Koreya kabi davlatlarning nufuzli universitet-institutlarida tahsil olgan mutaxassislardir.

Uning bildirishicha, institut tomonidan iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish, ularga ta'lim grantlari taqdim etish kabi ishlarda O‘zbekistondagi Koreya kompaniyalari bilan ham yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, talabalar institutni bitirganidan keyin ularni ishga joylashtirish borasida ham amaliy harakatlar ko‘riladi, shu yerning o‘zida turli kompaniyalar tomonidan mehnat yarmarkalari tashkil etiladi. Talaba amaliyotga shay mutaxassis sifatida oliygohni bitiradi.

Xullas, ming marta eshitgandan ko‘ra, bir marta ko‘rgan yaxshi, deyishadi. Shunday ekan, keling, ko‘ring va xulosa qiling.

P.S.: To‘g‘risini aytaman, men va operatorimiz ushbu institutda yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, talabalikni orzu qildik. Bunday imkoniyatlarga ega talaba yoshlar faqat o‘qishi, o‘z ustida ishlashi, ter to‘kishi, mamlakatimiz mehnat bozoriga yetuk mutaxasssis bo‘lib kirib kelishi lozim bo‘ladi. Talabalar orasidagi do‘stona muhit esa havasimizni keltirdi.

Manzil: Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani,

                Usmon Nosir ko‘chasi, 156 uy.

Murojaat uchun telefon: +998 78 129 40 40

Elektron manzil: info@ytit.uz

Universitetning ijtimoiy tarmoqlardagi manzillari:

Instagram: www.instagram.com/ytit.uz

Facebook: facebook.com/ytit.uz

Telegram: t.me/yodju

Veb-sahifa: www.ytit.uz

Ko‘proq yangiliklar: