Tayvanlik qiz ikki yil davomida ekrani maksimal yorqinlikda bo‘lgan smartfondan foydalangandan keyin ko‘ziga tiklab bo‘lmas shikast yetgan. Bu haqda International Business News nashri xabar berdi.
2018 yil martida orolning janubidagi Gaosyun shahrida kotiba bo‘lib ishlovchi 25 yoshli Chen ismli qiz ko‘zida kuchli og‘riq his qila boshlagan. U og‘riqni ko‘z tomchilari bilan qoldirmoqchi bo‘lgan, biroq bu foyda bermagan. Bir necha oydan keyin og‘riq yanada kuchaygan, qizning ko‘z oqi esa qonga to‘lgan.
Qiz shundan keyin shifokorga murojaat qilgan. Ko‘rik vaqtida qizning chap ko‘zidagi ko‘rish o‘tkirligi 60 foizga, o‘ng ko‘zidagisi esa 30 foizga tushib ketgani aytilgan. Shifokorlar qizning o‘ng ko‘zi muguz pardasida 500 ta mikroteshikchani aniqlashgan. Ular qizga ko‘zi go‘yoki “mikroto‘lqinli pechda pishgandek“ ko‘rinishda ekanligini aytishgan.
Shifokorlar bunga qizning mobil telefondan maksimal yorqinlikdagi ekran holatida foydalanganini sabab deb atashgan. Qiz telefonning sozlanmalarini qorong‘ida ishlatganda ham o‘zgartirmagan.
Chenga steroidlar va tiklovchi protseduralar tayinlangan. Qiz hamon ularni qabul qilmoqda. Vaqt o‘tgach uning ko‘zi biroz yaxshilangan. Biroq shifokorlarning aytishicha, ko‘rish qobiliyatini to‘liq tiklab bo‘lmaydi.
Professor-oftalmolog Xun Tsitinning ta'kidlashicha, ekrani maksimal yorqin bo‘lgan telefondan 2 soat foydalangandan keyin ko‘rish bilan muammolar boshlanishi mumkin: “Bunda yaqinni yaxshi ko‘rmaslik, ko‘zlarning qizarishi, astenopiya, quruq ko‘z sindromi, achishish va ko‘zda yot narsa bordek his, so‘ngra muguz pardaning shikastlanishi, katarakta va retinopatiya avj oladi”. Shifokorning ta'kidlashicha, qiz bilan bog‘liq holatda ekranning yorug‘ligi tavsiya qilingan 300 lyumenda 625 lyumenni tashkil qilgan. Qizning ko‘zi shikastlanishiga sababchi telefon markasi va modeli ma'lum qilinmagan.