Shavkat Mirziyoyev «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha yangi qaror imzoladi 

O‘zbekiston 07:55 / 21.02.2019 43138

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti ““Obod qishloq” dasturini 2019 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

2019 yilda Dastur doirasida quyidagilar:

mamlakatimizning 159 ta tumanida 1,6 million nafardan ortiq aholi istiqomat qiladigan 478 ta qishloqda amalga oshiriladigan qurilish va obodonlashtirish ishlarining asosiy ko‘rsatkichlari;

amalga oshiriladigan chora-tadbirlar uchun sarflanishi rejalashtirilgan 4,8 trillion so‘m miqdoridagi xarajatlarning moliyalashtirish manbalari;

umumiy uzunligi 5 476 kilometrdan iborat mintaqaviy yo‘llar (ichki ko‘chalar)ni ta'mirlash va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari;

1,3 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘lar hisobidan qishloqlarni obodonlashtirish chora-tadbirlari;

36 mingdan ortiq hamda umumiy uzunligi 2 458 kilometr bo‘lgan tungi ko‘cha yoritish hamda 21 ta aloqa tizimini yaxshilash chora-tadbirlari;

aholiga transport xizmati ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, xususan 556 ta avtobekat qurish hamda umumiy qiymati 46,3 milliard so‘mlik 189 ta zamonaviy avtobuslar xarid qilish bo‘yicha chora-tadbirlar;

ichimlik suvi ta'minoti tizimini yaxshilash maqsadida 2 219 kilometr yangi tarmoq hamda 221 ta suv inshootini qurish, 729 kilometr tarmoqlar hamda 163 ta suv inshootlarini rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari;

361 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar hisobidan elektr va gaz ta'minoti tizimini yaxshilash chora-tadbirlari;

214,2 mingta yakka tartibdagi uy-joylarni ta'mirlash bo‘yicha chora-tadbirlar;

1 182 ta ko‘p xonadonli uy-joylarni ta'mirlash chora-tadbirlari hamda 378 ta ko‘p xonadonli uy-joylar hududlarini obodonlashtirish chora-tadbirlari;

280 ta maktabgacha ta'lim, 510 ta maktab, 237 ta sog‘liqni saqlash hamda 439 ta boshqa ijtimoiy soha obektlarini qurish va ta'mirlash chora-tadbirlari;

jami 2 532 ta bozor infratuzilmasi obektlarini qurish va ta'mirlash yuzasidan chora-tadbirlar;

irrigatsiya-melioratsiya sohasida, jumladan, 296 kilometr irrigatsiya va 1 538 kilometr melioratsiya obektlarini qurish va ta'mirlash, 584 kilometr irrigatsiya obektlarini tozalash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar;

talab etiladigan asosiy turdagi qurilish va pardozlash materiallari to‘g‘risidagi ko‘rsatkichlar;

Dastur parametrlari ijrosini o‘z muddatida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi “Obod qishloq” dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3630-son qarori bilan tashkil etilgan “Obod qishloq” dasturini amalga oshirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

bir oy muddatda mazkur qaror parametrlaridan kelib chiqqan holda, qishloqlarda 2019 yilda amalga oshiriladigan qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarining mahalliy hokimliklar va tegishli vazirlik (idora)lar tomonidan ishlab chiqilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan tuman va qishloqlar kesimidagi manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlaydi;

Dasturga kiritilgan qishloq aholi punktlaridagi mavjud uy-joylar, bino va inshootlar, infratuzilma obektlari, ichimlik suv tizimlari, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiyalarining texnik holatini o‘rganib chiqib, shu asosda 2019 yilda qurilish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlarining “tarmoq jadvallari”ni ishlab chiqib, tasdiqlash hamda ijrosini ta'minlash choralarini ko‘radi.

Respublika komissiyasi (A.Ramatov)ga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tashabbuslari asosida tegishli davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan kelishgan holda Dasturga qo‘shimcha qishloqlarni kiritish hamda amalga oshiriladigan qurilish-ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish natijalari bo‘yicha ish hajmlari va qiymatlariga aniqlik va tuzatish kiritish huquqi berildi.

Dastur doirasida bajariladigan qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari uchun ajratilgan mablag‘lardan maqsadli hamda samarali foydalanish, shuningdek, obektlarning ish hajmi va loyiha-smeta hujjatlari qiymatining asossiz ravishda oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari shaxsan mas'uldir.

Dastur doirasida bajariladigan qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha ish hajmi va smeta qiymati oshirilgan taqdirda qo‘shimcha talab etiladigan mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, tegishli vazirliklar, idoralar bilan birgalikda respublika budjeti va maqsadli jamg‘armalar hisobidan moliyalashtiriladigan ijtimoiy infratuzilma obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda ta'mirlash ishlarini O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi doirasida amalga oshiradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari, shuningdek, vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari tizimidagi buyurtmachi xizmatlar Dasturga kiritilgan obektlar bo‘yicha buyurtmachi etib belgilandi.

Ko‘proq yangiliklar: