Putin Federal yig‘inga murojaatida nimalar haqida gapirdi?

Jahon 10:26 / 21.02.2019 23956

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Federal yig‘inga 15-bor murojaat qildi. Mazkur murojaatning asosiy mavzulari Kun.uz sharhida.

Oilalarni qo‘llab-quvvatlash

Rossiya prezidenti mamlakatda tug‘ilishning kamayib borayotganligini, bu holatga befarq qarab turish mumkin emasligini bildirdi.

U birinchi va ikkinchi farzandi uchun davlatdan to‘lov olayotgan ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash lozimligini ta'kidlar ekan, ko‘p bolali oilalarga soliq yukini pasaytirishni taklif qildi.

«Oilaga nisbatan soliq yuki pasayishi darkor. Tamoyil juda oddiy: farzand qancha ko‘p bo‘lsa, soliq shuncha kamayadi. Bolali oilalar uchun mulk solig‘i imtiyozlarini oshirishni taklif etaman», dedi Putin.

Qashshoqlikni bartaraf etish

Putinning so‘zlariga ko‘ra, qashshoqlikka eng ko‘p duch keladiganlar ko‘p bolali, to‘liq bo‘lmagan oilalar, yolg‘iz pensionerlar va munosib ish topa olmayotgan kishilardir. 

«Davlat odamlarga hayotdagi og‘ir vaziyatdan chiqib ketishiga yordam berishi kerak. Bunday yordamlardan biri ijtimoiy shartnoma bo‘lishi mumkin», dedi u.

Sog‘liqni saqlash

«Ko‘pincha kerakli mutaxassis ko‘rigidan o‘tish uchun bir necha kun navbat kutishga to‘g‘ri keladi, tez va bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tish imkoni yo‘q», dedi Rossiya prezidenti sog‘liqni saqlash tizimi xususida so‘zlar ekan.

Uning bildirishicha, 2020 yil oxiriga qadar tibbiy yordam qayerda yashashidan qat'i nazar barcha fuqarolarni qamrab olishi shart. Ikki yil ichida yana 1,5 mingta ko‘chma ambulator punktlari quriladi.

Ta'lim tizimi

Putinning aytishicha, 200 mingga yaqin bola me'yordagidek isitish, suv va kanalizatsiya tizimi bilan ta'minlanmagan maktablarga qatnaydi. U mazkur kamchiliklarni bartaraf etish bilan birga 2021 yil oxiriga kelib Rossiyadagi barcha maktablar yuqori tezlikdagi internet bilan ta'minlanishi kerakligini ta'kidladi.

Biznesni ta'qib qilish

Rossiya prezidenti «halol biznes xavotirda yurmasligi, jinoiy yoki ma'muriy jazo xatarini his qilmasligi kerak»ligini aytdi.

«Tadbirkorlar uchun ularning biznesiga nisbatan bo‘layotgan bosim haqida ommani xabardor qiluvchi va muammoni hal etishga yordam beruvchi maxsus raqamli platforma yaratishni taklif qilaman», dedi u.

Raketalar haqidagi kelishuv

O‘rta va kichik masofalarga mo‘ljallangan raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnoma borasida Putin keskin fikrlar bildirdi.

«Shartnomadan chiqish uchun soxta ayblovlardan foydalanish o‘rniga ochig‘ini aytish kerak edi. Shartnomani o‘zlari buzishadi, so‘ngra o‘zlarini oqlashib, aybdorlarni ko‘rsatishadi. Biz ayblovlarga javob qaytarishga majburmiz. AQSh shartnoma talablarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri va qo‘pol ravishda buzgan: Ruminiyada anchadan beri raketa uchirish qurilmalari turibdi. Rossiya Yevropada yangi raketalarni birinchi bo‘lib joylashtirish niyatida emas», dedi Rossiya prezidenti.

Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya nafaqat o‘ziga nisbatan xavf tug‘diradigan hududlarda, balki mamlakatga tahdid soluvchi raketa majmualarini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilinadigan markazlar joylashgan hududlarga nisbatan ham foydalanish mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘ turlarini yaratadi hamda joylashtiradi.

Ko‘proq yangiliklar: