Jeparov Superligada o‘ynamasligi mumkin – u jismoniy testdan o‘ta olmadi

Sport 18:20 / 21.02.2019 15139

Xorijdagi bir necha yillik faoliyatdan keyin O‘zbekistonga qaytib, «Metallurg» a'zosiga aylangan yarimhimoyachi Server Jeparov jismoniy testdan o‘tolmadi. Tribuna.uz manbasi xabar berishicha, u endi Superligada ishtirok etmasligi mumkin.

17 fevral kuni «Metallurg» futbolchilari O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi tomonidan tasdiqlangan 30 metrga yugurish, uzunlikka sakrash, 7x50 metrga yugurish va «Yo-Yo» test-sinovlarini topshirishgan. Uni texnik rivojlantirish boshqarmasi ilmiy-metodik bo‘limi rahbari Shamil Iseyev qabul qilib olgan. 

O‘zbekiston terma jamoasining 36 yoshli yarimhimoyachisi Server Jeparov esa test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tolmagan. 

«Metallurg» klubining test-sinovlarga bag‘ishlangan 17 fevral kungi hisobotida bu haqda hech qanday ma'lumot berilmagan.

Qoidaga ko‘ra, test-sinovlaridan o‘tolmagan futbolchi uchun yangi mavsum boshlangunga qadar yana bir imkoniyat beriladi. Agar undan ham o‘tolmasa, futbolchi yozgi test-sinovlarigacha futboldan chetlatiladi.

Eslatib o‘tamiz, Server Jeparov avvalgi mavsumni Qozog‘istonning «Jyetisu» klubida o‘tkazgan edi. 2018 yil dekabr oyida tajribali futbolchi «Metallurg» bilan shartnoma imzoladi. 

Bugun, 21 fevral kuni «Metallurg» klubi «Milliy» stadion anjumanlar zalida yangi o‘yinchilarning taqdimot marosimini o‘tkazdi. Ularning orasida Server Jeparov ham bor edi.

Ko‘proq yangiliklar: