Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi investorlarning ishonchli boshqaruviga beriladi

O‘zbekiston 21:34 / 21.02.2019 16809

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft-gaz va kimyo sanoatini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish vaqtida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini davlat-xususiy sheriklik asosida investorlarning ishonchli boshqaruviga berishni topshirdi.

«Yig‘ilishda «O‘zbekneftegaz» jamiyati tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, tariflarni bozor tamoyillari asosida qayta ko‘rib chiqish, neft bazalar va hududiy gaz ta'minoti xizmatlarini bosqichma-bosqich davlat-xususiy sheriklik asosida, jumladan, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini investorlarning ishonchli boshqaruviga berish bo‘yicha aniq choralar ham nazarda tutilishi kerakligi aytildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda shuningdek, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtanneftgaz va Gazlineftgaz korxonalarida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish, neft va gaz qazib chiqarish, geologik qidiruv uskunalarini sotib olish kabi loyihalarga talab etiladigan mablag‘lar mamlakatimizning yevroobligatsiyalari hisobidan moliyalashtirilishi ma'lum qilingan.

Ma'lumot uchun, Farg‘ona NQIZ yonilg‘i-moy materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqadagi yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi. U o‘z faoliyati davomida 60 turdan ortiq neft mahsulotlarini ishlab chiqargan. Bugungi kunga kelib korxona modernizatsiyaga muhtoj. Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda bu zavodning yuklanishi 50 foizdan oshmaydi.

O‘tgan yilning noyabrida Farg‘ona va Buxoro neftni qayta ishlash zavodlari modernizatsiya qilinishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: