Deputat minbari: Tadbirkor sub'yektlarini pasportlashtirishda soliq organlari mas'uliyat bilan yondashishi lozim

Jamiyat 18:00 / 21.02.2019 3657

Kuni kecha veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda Respublikamizda soliq islohotlarini amalga oshirish jarayonida tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan soliq qonunchiligiga rioya etilishini profilaktika qilish maqsadida yalpi pasportlashtirish (ko‘zdan kechirish hamda so‘rov o‘tkazish) tadbirlari o‘tkazilayotgani xususidagi xabarlar tarqaldi.

To‘g‘ri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 iyundagi «Davlat soliq organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorida Davlat soliq xizmati organlari faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlari belgilandi va unda pasportlari tuzilgan soliq to‘lovchilarning sonini aniqlash ko‘rsatib o‘tilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda yozilishicha, ushbu qarordan kelib chiqqan holda o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlar xo‘jalik sub'yektlarini tekshirish bilan umuman bog‘liq bo‘lmasdan, asosiy maqsad tadbirkorlarga soliq qonunchiligiga rioya etishlarida ko‘mak va maslahat berishdan iboratligi aytilgan. Mayli ko‘mak va maslahat berish yaxshi albatta.

Ammo ko‘pchilikda ushbu jarayonga oid bir nechta mulohazali savollar paydo bo‘lmoqda.

Xususan, pasportlashtirish jarayoni qanday rasmiylashtiriladi, ma'lumotnoma yoki dalolatnoma shaklidami, tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatiga, ya'ni ishlab turgan manziliga borilsa-yu hech xalaqit bermasdan pasportlashtirilsa xo‘p-xo‘p, ammo boshqacha holatlar kuzatilsa, nima qilish kerak? 

Yana bir jihat ijtimoiy tarmoqlarda keltirib o‘tilgan ma'lumotlarda ushbu tadbirlar chog‘ida tadbirkorlik sub'yektlariga nisbatan hech qanday ma'muriy hamda moliyaviy jarimalar qo‘llanmaydi va mavjud tushunmovchiliklar hamda kamchiliklar hamkorlikda bartaraf etilishi aytib o‘tilgan. Shu o‘rinda bir mulohaza. Misol uchun, Soliq organi xodimi tadbirkorning manziliga borib o‘rgandi va kamchilik aniqladi. Aytaylik, korxonada hisobotlarda ko‘rsatilganidek 5 nafar emas, 15 nafar ishchi ishlamoqda. Tabiiyki, ushbu kamchilik uchun tadbirkor qonunda belgilangan tartibda ma'muriy yoki moliyaviy jarimaga tortilishi lozim. Ammo pasportlashtirish jarayonida hech kim javobgarlikka tortilmasligi qayd etilyotgan bir paytda tadbirkorga nisbatan, ma'muriy yoki moliyaviy jarimani qo‘llamaslik bo‘yicha ham qonunchiligimizda biror norma mavjud emas. Bu esa mazkur jarayonning huquqiy asoslari hali to‘liq shakllantirilmasdan, ishga kirishilganidan dalolatdir.

Masalaning yana bir tomoni mavjudki, bu ham bo‘lsa korrupsion harakatlardir. Demoqchi bo‘layotganimiz, tadbirkorning kamchiliklarini ko‘rib, unga hujjatlar rasmiylashtirishdek jarayonda albatta inson omili pand berishi muqarrar. Shu bois, pasportlashtirishni o‘tkazish jarayonida qatnashadigan soliq xodimlarini puxta tayyorlash, kerak bo‘lsa attestatsiyadan o‘tkazib, undan keyin pasportlashtirish tadbiriga jalb etilsa, korrupsion harakatlar oldini olishi mumkin.

Bu masala ura-ura qilmasdan, tizimli ravishda amalga oshirib borilishi lozim deb o‘ylayman, chunki pasportlashtirish deganda tadbirkorning qaysi turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi, qancha mahsulot ishlab chiqarishi va qancha xodim ishlashi kabi masalalar aniq va ravshan ko‘rsatilishi kerak. Shuningdek, tadbirkorlarga pasportlashtirilgandan keyin ularning tartiblilarini rag‘batlantirish masalasi ham ko‘rib chiqilsa, hamma sohalarda o‘zgarish bo‘layotgan mazkur kunlarda jarima so‘zini soliqchi so‘zi bilan yonma-yon ishlatadigan tadbirkorlar soni kamayishiga hissa qo‘shilardi.

Maqsud QURBONBOYeV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi
raisi o‘rinbosari

Ko‘proq yangiliklar: