Amerika mehmonxonalar instituti vakillari ilk marta O‘zbekistonda mahorat darslari o‘tkazadi

O‘zbekiston 16:36 / 21.02.2019 2219

O‘zbekistonda birinchi marta Amerika mehmonxonalar instituti (AHL&E) vakillarining mahorat darslari bo‘lib o‘tadi. Kun.uz muxbiri III Xalqaro gidlar forumidan shu haqida xabar berdi. 

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro gidlar forumining ikkinchi kuni - 22 fevralda O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalari hamda professional kollejlarning o‘qituvchi va murabbiylari uchun "Amerika mehmonxonalar institutida turizm va mehmondorchilik sohasi mutaxassislarini o‘qitish tizimi: tajriba, amaliyot va tendensiyalar" mavzuidagi qator mahorat darslari o‘tkaziladi.

Mahorat darslari Amerika mehmonxonalar institutining xalqaro masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti janob Ed Kastli boshchiligida olib boriladi. 

Unda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Samarqanddagi "Ipak yo‘li" xalqaro turizm universiteti, Buxoro davlat universiteti va boshqa o‘quv muassasalarining pedagoglari ishtiroki kutilmoqda. 

Amerikalik mutaxassislar ishtirokidagi mahorat darslarining maqsadi - pedagoglarning professional malakasini oshirish va mehmonxona servisiga oid yangi ta'lim usullari bilan tanishtirish.

Xorijiy mehmonlar ishtirokidagi mahorat darslari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda "Turizm o‘quv-konsalting markazi" tomonidan tashkil etilmoqda.

 

Ko‘proq yangiliklar: