Alamli xato, afrikalik shamanlar va Arveladzening yosh futbolchilardan e'tirozi haqida. Toshkentlik ​Piter Odemvingiye bilan suhbat

Sport 11:10 / 21.02.2019 15527

O‘zbekistonlik futbol muxlislari hech bo‘lmasa bir futbolchimiz Angliya Premer-Ligasida o‘ynasaydi deb orzu qilishadi. Lekin o‘zbekistonlik futbolchilardan biri Angliyada o‘ynagan desak xato bo‘lmaydi. O‘zbek futboliga befarq bo‘lmaganlar Piter Odemvingiyeni o‘zimizning futbolchi deb bilishadi. Piter Toshkent shahrida nigeriyalik shifokorlar oilasida tug‘ilgan.

Toshkent o‘zi uchun qadrli ekanini ko‘p bora ta'kidlagan Piterni Rossiyada ham yaxshi ko‘rishadi. Keyinchalik Nigeriya terma jamoasi va Angliya Premer-Ligasi yulduziga aylangan Odemvinge Toshkentda ruscha gaplashib ulg‘aygani sabab Rossiya chempionatiga tez moslashib ketadi. Uning onasi hamon Moskvada yashaydi.

Piter yaqinda Toshkentga kelgani yodingizda. Uning «Bunyodkor» safida paydo bo‘lishi mumkinligi xaqida xabarlar ham paydo bo‘ldi. Piterning Toshkentdan keyingi manzili Moskva bo‘ldi. Bu imkoniyatdan foydalangan Championat.com sayti Odemvingiyedan intervyu oldi.

Intervyu davomida nigeriyalik futbolchi «Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze bilan yosh futbolchilar haqida gaplashganini hikoya qildi. Rus tilini yaxshi biladigan Piter ko‘plab mavzularda mulohazalarini bildirgan. Quyida suhbatning qiziqarli qismlarini keltiramiz.

– Bu yerlarni uncha yaxshi bilmayman. Misha Mossakovskiy (Match TV sharhlovchisi) yordamida topib keldim. Mening Moskvadagi gid-do‘stim aynan Misha (kuladi).

– Studiyamizga kirishda futbolchilarning rasmi orasida «Loko»dagi jamoadoshlaringizni ko‘rib xursand bo‘lgandirsiz?

– Ko‘rdingizmi, ular meni ko‘rgach xursand bo‘lishdi (kuladi). Sichyov (Dmitriy Sichyov), Diniyar (Bilyaletdinov), Samedov (Aleksandr Samedov). Ajoyib xotiralar yodga tushdi.

– «Lokomotiv»ning qaysi murabbiyi bilan ishlash sizga ma'qul kelgan?

– Barcha murabbiylar bilan yaxshi chiqishganman, chunki doim maydonga tushganman. Bir marta Yuriy Palich (Yuriy Pavlovich Syomin) kimningdir gapiga quloq solib meni zaxirada qoldirgan va bu orqali mendagi «olovni alanga oldirmoqchi bo‘lgan». O‘sha vaqtlar bir nechta o‘yinda gol ura olmayotgandim.

– Syominning eng esda qolarli ko‘rsatmasi?

– G‘alaba qozonishimiz shart bo‘lsa, u bir gapni aytardi: «Agar maydonda o‘tni yeyish kerak bo‘lsa, yenglar».

– Bir vaqtlar o‘zingizni «Lokomotiv»ning eng yaxshi futbolchisi deb aytgandingiz, hozir ham shunday o‘ylaysizmi?

– Xa-xa-xa, bu qiziq voqea bo‘lgandi. Jurnalist menga «Sen eng zo‘rsan, shunchaki supersan», dedi. Axir men u bilan bahslashib ketmayman-ku (kuladi). Sarlavhalarda esa bu gaplarni mening tilimdan chiqarib yuborishdi. Murabbiy intervyuni o‘qigach oldiga chaqirdi va «Nimalar qilib yuribsan?», dedi. O‘sha intervyudan keyin ikki haftacha menga qovoq o‘yib yurishdi (kuladi). Lekin jiddiy muammo bo‘lgani yo‘q. Bilasizmi, natijalar yaxshi bo‘lsa, hech kim bunday narsalarga e'tibor bermaydi. Lekin natijalar salbiy bo‘lsa, barcha yomon narsalarni kovlay boshlaydi. Masalan, Stiven Jyerrard klubining afsonasiga aylangan, lekin ko‘pchilik u birgina vaziyatda yiqilgani va shu sabab jamoasi sovrindan mahrum bo‘lganini eslaydi.

– Sizda ham shunday alamli xato bo‘lganmi?

– Ha, «MYu» darvozasiga penaltidan gol ura olmaganman. Aytarli yomon voqea bo‘lmagan lekin sherigimning «O‘zim tepsam bo‘larkan» degan gapi alam qilgandi.

– Rossiya chempionatidan Angliyaga qanday borib qoldingiz?

– «Vest Brom» sport direktorining ukasi Nigeriyada ishlagan. U Nigeriya terma jamoasining o‘yinlarini kuzatgan va meni akasiga tavsiya qilgan. O‘sha vaqt «Loko»da rahbariyat o‘zgargan va mening bir yillik shartnomam qolgandi. Klub mening transferimdan foyda qilib qolish imkonini qo‘ldan chiqarmadi. Umuman, shu va hayotimdagi boshqa voqealar haqida avtobiografiya yozishni niyat qilganman.

– U qaysi tilda bo‘ladi?

– Qaysi tilda bo‘lishi muhim emas, chunki bugun kitoblarni tarjima qildirish muammo emas. Lekin kitobni rus tilini biladigan odam yozishini xohlardim. Agar bu odam Angliyada yashasa yana ham yaxshiroq bo‘lardi (kuladi).

– Diniyar Bilyaletdinov to‘g‘ri keladimi?

– Vo, chindan ham yaxshi variant. Lekin uning otasi bilan bo‘lgan ziddiyatimiz bunga ta'sir qilishi mumkin deb o‘ylayman. Bu haqda eshitgan bo‘lsangiz kerak.

– Ha. O‘zi nima bo‘lgan edi o‘shanda?

– Gretsiyaga o‘yinga bordik. Asosiy tarkibda hali maydonga tushmagan yoshlarni ko‘rib, jig‘ibiyron bo‘ldim. Bu holat meni xuddi qizil bayroqni ko‘rgan buqaga aylantirdi va katta Bilyaletdinovning oldiga murabbiyga hech bo‘lmasa Erik Karchaginni tushirishi kerakligini, u o‘zini ko‘rsatayotganini aytdim.

– Keyinchalik o‘sha vaziyatda xato qilganingizni tan olgandingiz, to‘g‘rimi?

– Ha. Chunki professional sifatida hissiyotlarimni jilovlashim kerak edi. Agar bir kun kelib bu haqda o‘g‘limga hikoya qilib bersam, unga otasi nohaq bo‘lganini aytaman.

– Nima deb o‘ylaysiz, yosh futbolchilarga maqsadiga yetishish uchun nima xalaqit beradi?

– Oktyabrda Shota Arveladze bilan gaplashib qoldim. Bilsangiz kerak, u hozir «Paxtakor» bosh murabbiyi. U qiziq gapni aytib berdi: «Yosh futbolchilardan «Hayotda nimani xohlaysan», deb so‘rasam, «Mashina», deb aytishadi». Men masalan yosh vaqtimizda nimani orzu qilasan deyishsa, «Milan»da o‘ynashni», deb javob berardim. Bugun yoshlar uchun uy, kvartira hayotdagi eng asosiy natijaga aylangan. Masalan zo‘r mashina sotib olish Chempionlar Ligasini yutib olishdek yoqimli emas. Shukrki, men bu borada ancha namunali bo‘lganman (kuladi).

– Afrika klublarida shamanlar shifokorlardan ham muhimroq ekani rostmi?

– Ja unchalik emas, lekin 70 foiz futbolchilar shamanlarga ishonishadi va shamanlar beradigan damlamalar ularni asraydi deb o‘ylaydilar.

– Rossiyaga onangizni ko‘rish uchun keldingizmi?

– Ha shunday. Bundan tashqari Aleksey Smertin meni o‘zi tashkil qilgan loyihasiga ham chaqirgan. Biz maktablarga boramiz, bolalar orasida sportni va tenglikni targ‘ib qilamiz.

– Bugun Smertin bilan birgalikda irqchilik, notenglikka qarshi kurashyapsiz. O‘zingiz ham bir vaqtlar irqchilikdan jabrlangandingiz. «Lokomotiv»dan ketayotganingizda muxlislar banner ko‘tarib «Vest Brom», senga rahmat», deb yozib, yoniga bananning rasmini qo‘yishgandi. Bu sizga qanday ta'sir qilgan?

– To‘g‘risini aytaman, juda xafa bo‘lganman. Lekin tushkunlikka tushib qolgandim desam, xato bo‘ladi. Axir men APLga ketayotgan edim va bu xursandchilikni hech narsa buza olmasdi.

– 2017 yil qanday qilib Indoneziyaga borib qoldingiz?

– O‘zim ham bilmayman (kuladi). Ba'zan xotinimga hazil qilib, «Hammasiga sen aybdorsan, axir u yerga boraylik deb sen aytganding», deyman (kuladi). Xullas, men jarohat oldim va uni tiklaganimcha Yevropada transfer oynasi yopildi. Keyin Indoneziyadan taklif bo‘ldi. Bir nigeriyalik futbolchi telefon qilib xavotir olmasligimni, hammasi joyida ekanini aytdi. Bundan tashqari, u yerda Maykl Essen ham o‘ynardi. Bir vaqtlar «Real»da o‘ynagan Essenlar borgan bo‘lsa, men nimaga bormasligim kerak deb Indoneziyaga yo‘l oldim. U yerda 7 yulduzli mehmonxonaga joylashdim, bunaqasini keyinchalik hech qayerda ko‘rmadim. Sharoitlar juda zo‘r edi.

– Indoneziyaga futbol o‘yinlariga biror kishi tushadimi?

– 80 minglab muxlis tushadi.

– Hazillashyapsizmi?

– Yo‘q, masalan Jakartada «Persidja»ning o‘yinlariga 80 ming odam tushadi. Stadionga kira olmaydiganlar ham juda ko‘p bo‘ladi. Stadion ham juda ajoyib.

Ko‘proq yangiliklar: