Ronaldu «Atletiko»ni uch bor orzudan ayirdi. U bu ishni yana qila oladimi?

Sport 17:40 / 20.02.2019 16518

Bugun, 20 fevral kuni Chempionlar ligasining nimchorak finalida yana ikki uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Kunning eng e'tiborli o‘yini Madridda mahalliy «Atletiko» va Turinning «Yuventus» klubi o‘rtasida kechadi.

«Atletiko» – «Yuventus»
20 fevral. Madrid. «Vanda Metropolitano». 23.00 (Toshkent vaqti bilan soat 01:00).
Yo‘qotishlar: Ernandez (jarohat), Koke (so‘roq ostida – Kuadrado (jarohat)
Hakam: Tsvayyer (Germaniya).

Quvonchlar va dardlar
«Atletiko» keyingi besh mavsum davomida muxlislarini quvontiradigan o‘yinlar namoyish etib kelmoqda, jamoa avvalgi 20 yilda erishilmagan natijalarga erishdi - 2012-13 yilgi mavsumda Ispaniya Kubogida (finalda «Real»ga qarshi Madrid derbisida 2:1 hisobida taslim etildi, bu derbilardagi keyingi 14 yildagi ilk g‘alaba edi), 2013-14 yilgi mavsumda Ispaniya chempionatida, 2014 yilda Ispaniya Superkubogida, 2017-18 yilgi mavsumda Yevropa Ligasida, 2018 yilda UYeFA Superkubogida g‘alaba qozonildi.

Shu bilan birgalikda, «matraschilar» jiddiy muvaffaqiyatsizliklarga ham uchradi, bu 5 yil ichida jamoa YeChLdagi muhim o‘yinlarda har safar «Real»ga yutqazdi. Bu 5 yildagi og‘riqlarning manbai «Real»ning sobiq hujumchisi Krishtianu Ronaldu bo‘lgandi.

Ikki final va bir yarim final

«Atletlar» bu vaqt ichida ikki marta ko‘p jamoalar orzu qiladigan YeChL finalida o‘ynashdi va undanda kattaroq orzuga bir qadam yaqin kelishdi. Yaqin-yaqingacha ichki chempionatda ham jiddiy klub sanalmaydigan jamoa Diyego Simeone kelgach yangi bosqichga chiqdi va jamoada o‘ziga xos uslub va sifat paydo bo‘ldi.

Bu jamoa bir marta eng yuksak nuqtaga chiqishga haqli edi ammo ikki safar ham, 2014 va 2016 yillarda «Real» «Atletiko»ning orzusini armonga aylantirdi. «Qirollik klubi»ning portugaliyalik yulduzi har safar «Atletiko» yuragiga zarba berdi. 2014 yilgi finalda asosiy vaqtda kuchlar teng kelgan, qo‘shimcha bo‘limlarda esa Zidan shogirdlari uchta gol urgan, 120-daqiqada Ronaldu penaltini aniq ijro etib, golni raqib jamoa muxlislari oldiga kelib nishonlagandi.

Ikki yil o‘tib «atletlar» finalda o‘yinni penaltilar seriyasigacha olib borishadi, ammo bu safar ham Ronaldu oxirgi so‘zni aytgan: Xuanfran hisob «Real» foydasiga 4:3 bo‘lib turganida to‘pni darvoza ustuniga tekkizgan, «Qirollik klubi»ning oxirgi zarbasini portugaliyalik futbolchi aniq ijro etgan.

Ronaldu yana bir safar qizil-oqlarni YeChLdan mosuvo qilgan, bu vaqt esa 2017 yilning may oyi oxiri emas, boshi edi: birinchi yarim final uchrashuvida «Real» 3:0 hisobida g‘alaba qozongan, «qaymoqranglilar»ning 7-raqamli futbolkasi egasi het-trik qayd etgan, javob o‘yinida 2:1 hisobida g‘alaba qozongan Simeone shogirdlari finalga chiqa olishmagan, «Real» navbatdagi kubok uchun kurashni davom ettirgan.

Navbatdagi to‘qnashuv
Madrid derbilaridagi asosiy to‘purar (21 gol) endi boshqa klubda, hatto boshqa chempionatda ishtirok etmoqda - u Italiya chempionatida ham javlon urmoqda, mavsumning ikkinchi yarmiga kelib ayni vaqtda 34 yoshda bo‘lgan futbolchi «Yuventus» uchun barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlarda jami 21 gol urdi va 12 golga uzatma berdi. Bu esa u hali ham yuqori sport formasida ekanini, u hali ham «Atletiko» uchun jiddiy bosh og‘riq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. 

Lekin turinliklar keyingi bosqichga oson yo‘l olmasligini ta'minlashi mumkin bo‘lgan bir necha omillar ham bor.

Oblak boshchiligidagi himoya va Grizmann

Birinchisi - «Atletiko» darvozaboni Oblak. Sloveniyalik bu futbolchi yaqinda madridliklar safida yubiley - 140-uchrashuvini o‘tkazdi, u bu o‘yinlardan 80tasida darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. «Quruq» o‘yinlar ulushi deyarli 60 foiz! Ronaldu bir necha marta unga qarshi o‘yinlarni golsiz tark etishga majbur bo‘lgan, mezbon muxlislar bugun ham shunday bo‘lishini kutishmoqda.

Ikkinchisi - Grizmann. 27 yoshli jahon chempioni bu mavsumda ham samaradorlik ko‘rsatishda davom etmoqda - 18 gol va 10ta golli uzatma (u oxirgi 10 o‘yinida 11 gol urgan). U oxirgi yillarda jamoasining asosiy umidi bo‘lib kelmoqda.

Yaqinda u shartnomani uzaytirdi, agar u amaldagi, 2020 yilgacha tuzilgan shartnomasini 2022 yilga qadar uzaytirdi, u bu shartnomani oxirigacha o‘tasa klubda 11 yil ishlagan bo‘ladi. U 2011 yilda, mavsum o‘rtasida jamoa turnir jadvalida 9-o‘rinda borayotganida, jamoani «xavfli hudud»dan 4 ochko ajratib turganida ishga kelgan va klubda yangi davrni boshlagandi. Uning muddati «MYu» va «Arsenal» klublarining sobiq bosh murabbiylari ser Aleks Fergyuson va Arsen Vengernikidan kamroq, lekin hozirda ishlayotgan barcha murabbiylarnikidan ko‘proq. Madrid klubida sakkizinchi yilini o‘tkazayotgan mutaxassisga La Ligada yaqin keladigani yo‘q, Yevropa futbolida esa «Yuventus» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri hamda «Tottenhem» bosh murabbiyi Maurisio Pochettino unga yaqinroq natijaga ega - ular o‘z klublarida 5 yildan ortiq vaqt davomida muqim ishlashmoqda.

Bir necha oydan keyin «Atletiko»ning uy stadioni «Vanda Metropolitano»da YeChL finali bo‘lib o‘tadi. Poytaxtning qizil-oq qismi «quloqli kubok» nihoyat o‘zlariniki bo‘lishiga umid qilishmoqda.

Statistikaga ko‘ra, Oblak-Grizmann bog‘lami Simeone jamoasiga jami 55ta g‘alaba olib kelgan, sloveniyalik darvozabon bu o‘yinlarda darvozasi daxlsizligini saqlagan, fransuz hujumchisi esa shuncha o‘yinda gol urgan. Shunday o‘yinlardan biri o‘tgan haftada, La Liga doirasida «Rayo Valekano»ga qarshi kechdi va unda Oblak darvozasi daxlsizligini saqladi, Grizmann g‘alabani ta'minlagan golga mualliflik qildi.

«Vanda» Krishtianuni kutmoqda
So‘z yana stadion haqida. Ronaldu «Atletiko»ning yangi o‘yingohida atigi bir marta, hali «Real» futbolchisi ekanida o‘ynagan. Bir yil avvalgi derbi golsiz durang bilan yakunlangandi. Bugun u o‘zining eski tanishlarini uy stadionida ranjitish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Madridlik muxlislar portugalcha zarbalarning og‘riqlarini yaxshi eslashadi.

U bugun yana bir bor qizil-oqlarning yuragiga xanjar ura oladimi?

1/8 final. Birinchi o‘yinlar

12 fevral, seshanba

«Roma» – «Portu» 2:1

«Manchester Yunayted» – «PSJ» 0:2

13 fevral, chorshanba

«Tottenhem» – «Borussiya» D 3:0

«Ayaks» – «Real» 1:2

19 fevral, seshanba

«Lion» – «Barselona» 0:0

«Liverpul» – «Bavariya» 0:0

20 fevral, chorshanba

«Atletiko» – «Yuventus»

«Shalke» – «Manchester Siti»

Javob o‘yinlari

5 mart, seshanba

«Borussiya» D – «Tottenhem»

«Real» – «Ayaks»

6 mart, chorshanba

«PSJ» – «Manchester Yunayted» 

«Portu» – «Roma»

12 mart, seshanba

«Yuventus» – «Atletiko»

«Manchester Siti» – «Shalke»

13 mart, chorshanba

«Barselona» – «Lion»

«Bavariya» – «Liverpul»

Ko‘proq yangiliklar: