Qizilmiya yetishtiruvchilar uyushmasi a'zolariga qo‘shimcha preferensiyalar berildi

O‘zbekiston 10:30 / 20.02.2019 6930

Vazirlar Mahkamasining 15.02.2019 yildagi «Qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish hamda sanoat usulida qayta ishlashni samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 138-son qarori qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili hukumat qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etuvchi, shuningdek qizilmiya ildizini qayta ishlovchi va tayyor mahsulot chiqaruvchi tashkilotlarga imtiyozlar bergan edi.
 
Norma’ning yozishicha, endi ushbu imtiyozlar faqat Qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash tashkilotlari uyushmasi a'zolariga nisbatan qo‘llaniladi. Imtiyozlarning amal qilish muddati o‘zgarmagan – 2024 yil 1 yanvargacha. Biroq joriy yilning 1 mayidan boshlab Uyushma a'zolari – qizilmiya ekstrakti ishlab chiqaruvchilari 2024 yil 1 yanvargacha har yili 100 gektardan kam bo‘lmagan maydonda qizilmiya plantatsiyalarini tashkil etishlari shart.  
 
Uyushma a'zolari yuqorida ko‘rsatilganlardan tashqari qo‘shimcha preferensiyalar oldilar:
 
birinchidan, ularga 2024 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklar yetishtirish, plantatsiyalarni nazorat qilish va monitoringini olib borish jarayonini samarali boshqarish uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini olib kirishga ruxsat berildi. Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 10 kun muddatda dronlardan foydalanishga ruxsat etish to‘g‘risida xulosa beradi;
 
ikkinchidan, 2019 yil 1 maydan o‘zlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari, plantatsiyalar tashkil etish hamda qizilmiya va boshqa dorivor o‘simliklardan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan tovarlarni sertifikatlash talab etilmaydi. Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkiloti (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya qilish forumining (IAF) to‘laqonli a'zolari hisoblangan mamlakatlarning sertifikatlash organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlari yoki sinovlar protokollari taqdim etilganda imtiyoz amal qiladi.     
 
Davlat ulushi 50%dan ortiq bo‘lmagan sub'yektlar (EIZ ishtirokchilaridan tashqari) yil boshidan bunday huquqdan foydalanmoqdalar.
 
Xomashyo ko‘rinishidagi qizilmiyani O‘zbekistondan tashqariga yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish maqsadida olib chiqish uchun to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar berish amaliyoti bekor qilindi.
 
Hujjat 16.02.2019 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: