Prezident qarori: qurilish sohasida yangi uyushma tashkil etiladi, «O‘zqurilishmateriallari» tugatiladi

O‘zbekiston 18:17 / 20.02.2019 18118

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Qurilish materiallari sanoatini tubdan takomillashtirish va kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qaror bilan qurilish materiallari sanoati korxonalari, “O‘zqurilishmateriallari” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:

O‘zbekiston qurilish materiallari sanoati korxonalari uyushmasini tashkil etish;

“O‘zqurilishmateriallari” AJning boshqaruv organlari yig‘ilishlarida uning xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitallaridagi aksiyalari (ulushlari) paketlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazish orqali jamiyatni tugatish masalalarini ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Qayd etilishicha:

a) qurilish materiallari sanoatining ixtiyoriy asosda kiruvchi korxonalari “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining a'zolari hisoblanadi;

b) “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi uyushma ta'sischilarining umumiy yig‘ilishi qarori bilan tasdiqlanadi;

v) “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining raisi va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi taqdimnomasi bo‘yicha uyushma ta'sischilarining umumiy yig‘ilishi qarori bilan saylanadi;

g) “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasini joriy ta'minlash va uning faoliyatini moliyalashtirish uyushma a'zolarining badallari va ajratmalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

d) quyidagilar “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi a'zolari manfaatlarini ifoda etish va himoya qilishni ta'minlash, shuningdek, qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ularga takliflar kiritish;

yuqori qo‘shilgan qiymatli qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, shuningdek, ixtisoslashgan yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni o‘zlashtirish uchun investitsiyalar, birinchi navbatda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlik qilish;

talab etilayotgan sifatli mahsulot ishlab chiqarish turlarini kengaytirish, ichki bozorni import o‘rnini bosuvchi va raqobatbardosh qurilish materiallari hamda mahalliy ishlab chiqarilgan buyumlar bilan to‘ldirish, shuningdek, tarmoqning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi a'zolari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;

hududlarning salohiyatini yanada rivojlantirish istiqbollaridan, xomashyo bazasi, infratuzilmalar, mehnat va boshqa resurslar hamda bozorlarning mavjudligidan kelib chiqqan holda korxonalarni joylashtirishga ko‘maklashish.

Belgilanishicha, 2022 yil 1 yanvarga qadar korxonalarning shartnomalar bo‘yicha “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga to‘lanadigan ajratmalari yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan bazadan chiqarib tashlanadi.

2019 yil 1 apreldan boshlab shunday tartib joriy etiladiki, unga muvofiq noruda foydali qazilmalar mavjud bo‘lgan yer qa'ri uchastkasidan geologik o‘rganish uchun foydalanish huquqini beruvchi litsenziya ariza kelib tushgan kundan boshlab o‘n kundan oshmagan muddatda beriladi.

Sanoat ko‘lamida o‘zlashtirish uchun investitsiyalar, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar jalb etiladigan noruda foydali qazilmalar konlari (uchastkalari)ning ro‘yxati tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi bilan birgalikda salohiyatli, shu jumladan, xorijiy investorlarni mazkur qaror bilan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan noruda foydali qazilmalar konlari (uchastkalari)ni o‘zlashtirishga jalb qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi.

“O‘zqurilishmateriallari” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qurilish vazirligi bilan birgalikda Qurilish materiallari sanoatidagi investitsiya loyihalari ro‘yxati ishlab chiqilgan va unda quyidagilar nazarda tutilgan:

2019-2021 yillarda umumiy qiymati 1,3 milliard AQSh dollari, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga 692 million AQSh dollari miqdorida amaldagi korxonalarni texnik va texnologik yangilash hamda yangi korxonalar barpo etish bo‘yicha 67 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish;

2021 yilga sement ishlab chiqarish quvvatlari hajmlarini 17 million tonnaga, arxitektura-qurilish oynasini – 32 million kvadrat metrga, yog‘och-qipiq plitasi (DSP)ni – 380 ming kub metrga, gaz-beton bloklarini – 700 ming kub metrga, gulqog‘ozlarni – 4,5 million rulonga, ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun yirik panelli temir-beton buyumlarini – 180 ming kvadrat metrga yetkazgan holda qurilish materiallari ishlab chiqarishni ko‘paytirish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 1 aprelga qadar ushbu bandda belgilangan Qurilish materiallari sanoatidagi investitsiya loyihalari ro‘yxatini, shuningdek, ularni amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini (“yo‘l xaritasi”ni) tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi ikki oy muddatda ichki va tashqi bozorlarda qurilish materiallariga bo‘lgan talab kon'yunkturasini, shuningdek, chet el bozorlarining rivojlanish tendensiyalarini o‘rganish asosida yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish, ichki bozorni mahalliy qurilish materiallari bilan to‘ldirish va ularning eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va joriy qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “O‘zqurilishmateriallari” AJ va qurilish materiallari sanoati korxonalarining “QurilishmateriallariLITI” MChJ ixtisoslashtirilgan loyiha ilmiy-tadqiqot institutini “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tarkibiga kiruvchi “O‘zqurilishmaterialLITI” MChJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi etib qayta nomlash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilindi, quyidagilar markazning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Texnologik rivojlanish agentligi, “O‘zstandart” agentligi hamda qurilish sanoatining ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajriba va respublikaning xomashyo salohiyatini inobatga olgan holda yangi qurilish materiallari va ulardan foydalanish texnologiyalari ishlanmalarini tashkillashtirish;

qurilish materiallarining yangi standartlarini faollashtirish va ishlab chiqish, shuningdek, qurilish tarmog‘ida foydalaniladigan qoidalar to‘plamini ishlab chiqishda qatnashish;

ishlab chiqariladigan qurilish materiallari va buyumlarning barcha turlarini sertifikatlashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda qurilish materiallari sanoatining talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislarga ta'lim berish yuzasidan o‘quv rejalari va innovatsion o‘quv kurslarini ishlab chiqish, shuningdek, zamonaviy o‘quv-metodik adabiyotlar va qo‘llanmalarni tayyorlash;

kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish, mutaxassislarning stajirovkasini, shu jumladan, xorijdagi ilmiy-tadqiqot markazlarida stajirovkasini o‘tkazishni tashkillashtirish;

ishlab chiqarishga mo‘ljallangan mashinalar, asbob-uskunalar va texnik tizimlar, sanoat obektlari, shuningdek, energetika va muhandislik infratuzilmasi obektlarining texnik auditi, energiya auditi, diagnostikasi va ekspertizasini o‘tkazish.

Ko‘proq yangiliklar: