O‘zbekistonda onlayn rejimda dori izlash tizimi ishga tushadi

O‘zbekiston 19:59 / 20.02.2019 7009

Tez orada O‘zbekistonda onlayn rejimda zarur dori vositasini izlashga yo‘naltirilgan yangi Apptechka loyihasi ishga tushirilishi kutilmoqda. Pharmclub O‘zbekiston uyushmasi rais o‘rinbosari Erkin Karimov Kun.uz muxbiriga shu haqida ma'lum qildi.

"Farmatsevtika va dorixonalar tizimida axborot texnologiyalari yildan yilga rivojlanib bormoqda. ArzonApteka ilova va telegram-boti amalda yaxshi samara berganidan keyin shunga o‘xshash iste'molchiga yengillik yaratuvchi tizimlar taklif qilinmoqda. Yaqin orada ishga tushishi kutilayotgan Apptechka nomli loyiha bor. Unda siz onlayn rejimda dorixonaga qaysi dorini izlayotganingizni jo‘natishingiz mumkin. Bunga javoban bu dorilarning qaysi dorixonalarda, ularga qanday yetib olish mumkinligi va qanday narxda ekanligiga doir ma'lumotlar taqdim etiladi", - deydi Erkin Karimov.

Foto: Pharmclub O‘zbekiston uyushmasi rais o‘rinbosari Erkin Karimov

Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari 5-10 ta dorixonaga qo‘ng‘iroq qilib yoki borib so‘raladigan ma'lumotni endi istagan joydan turib onlayn yozish va ma'lumot olish imkoni paydo bo‘ladi. Har bir inson o‘ziga qulay variantni tanlab, dori vositalarini xarid qilishi mumkin.

"Bugun dorixonalar biznes sifatida faqatgina cho‘ntagini o‘ylashi emas, o‘z faoliyatini iste'molchilar manfaatiga yo‘naltirishga e'tibor qaratmoqda, iste'molchini o‘ylash darajasi va raqobat kuchaymoqda. Dorixonalar bir-biri bilan raqobatlashganda narxlarning ma'lum ma'noda pasayganini kuzatayapmiz. Shu bilan birga, iste'molchilarga qancha yengillik yaratilsa, ularni ushlab qolish imkoni shuncha yuqori ekani sezilmoqda", - deydi mutaxassis.

Bundan tashqari, Pharmclub O‘zbekiston uyushmasi rais o‘rinbosari bugungi kunda farmatsevtika rivojiga to‘sqinlik qilayotgan to‘siqlardan biri sifatida kadrlar bilim darajasining yetishmasligini qayd etdi. Zero xorij tajribasini o‘zlashtirib, zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish uchun ham bilimli kadrlar kerak. 

Bundan avval O‘zbekistonda farmatsevtika sohasining eng yaxshilari taqdirlanuvchi Pharmclub Awards 2018 marosimi o‘tkazilishi haqida xabar berildi.

Ko‘proq yangiliklar: