O‘zbekistonda nostrifikatsiya jarayoni bo‘yicha qanday o‘zgarishlar yuz beradi?

Jamiyat 18:58 / 20.02.2019 7498

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashabbusi bilan “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Rossiyaning “Glavekspersentra” tashkiloti bosh eksperti Vera Skorobogatova bilan ochiq muloqot tashkil etildi. 

Unda yoshlar ittifoqi faollari, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining xorijiy hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash bo‘limi mutaxassislari, Rossiyadagi oliy ta'lim muassasalarini tamomlagan yoshlar vakillari ishtirok etdi.

Ayni paytda dunyo bo‘ylab 6 mingdan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar xorijiy davlatlarda oliy ta'lim olmoqda. Ularning aksariyati turli sohalarda ilmiy tadqiqot ishlarini ham olib borishyapti. 

Asosiy masala xorijiy  davlatlarning diplomini olib kelgan, yurtimiz iqtisodiyotiga, ijtimoiy rivojlanishiga hissa qo‘shadigan talabalarning hujjatini nostrifikatsiya qilish, ya'ni tan olishdir. Hozirda jarayon bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim inspeksiyasi shug‘ullanib kelyapti.

— O‘tgan 2018 yilning o‘zida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga  2,5 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushdi, — deydi Pedagog kadrlar sifati nazorati, ta'lim hujjatlarini legallashtirish, tan olish va nostrifikatsiya qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdurahim Nosirov. — Ularning ko‘pchiligi qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikistonda ta'lim olib kelgan yoshlardan iborat.  Albatta, murojaat egalarining  hammasini to‘g‘ridan to‘g‘ri mehnat bozoriga tavsiya qilib bo‘lmaydi. Chunki u yerda sifatli kadrlar bo‘lishi kerak. Umuman olganda, Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan tartib va nizomga ko‘ra jarayon amalga oshirib kelinadi. Shuning uchun sinovlar orqali faoliyatga ruxsat berilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning dekabr oyida Ta'lim inspeksiyasi vakillaridan iborat delegatsiya Rossiya Federatsiyasiga borib, Fan va ta'lim sohasini nazorat qilish federal xizmati mutaxassislari bilan birgalikda “Ta'lim hujjatlarini, malakaviy va ilmiy darajalarni o‘zaro tan olish bo‘yicha hukumatlararo Bitim” loyihasi tayyorlangan.

Ushbu loyiha Vazirlar Mahkamasi tomonidan imzolangandan keyin amaliyotga tatbiq etiladi. Natijada bir qator muammolarga barham beriladi.  

Bitimning imzolanishi ikki davlat o‘rtasida ta'lim hujjatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinishiga zamin yaratadi. O‘zbekistonlik yoshlar maktabni bitirganlik haqidagi shahodatnoma bilan Rossiyadagi oliy ta'lim muassasalarida to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘qishini davom ettirishi mumkin bo‘ladi.  

Ochiq muloqot so‘ngida tadbir qatnashchilari va ijtimoiy tarmoqlar orqali kelgan savollarga ekspert Vera Skorobogatova tomonidan  atroflicha javoblar qaytarildi.

Ko‘proq yangiliklar: