«Lion» «Barselona»ni nollashtirdi. Barchasi javob o‘yinida hal bo‘ladi

Sport 12:20 / 20.02.2019 12096

Yevropa Chempionlar ligasining 1/8 finali doirasidagi birinchi uchrashuvda katalonlar safarda fransuzlar darvozasini ishg‘ol eta olmadi.

«Lion» (Fransiya) – «Barselona» (Ispaniya) – 0:0
«Lion»: Antoni Lopesh, Dyubua, Denayyer, Marselu, Mendi, Traore (Tuzar, 69), Auar, Ndombele (Diop, 84), Depay, Terre (Korne, 76), Mus.Dembele.
«Barselona»: ter Shtegen, Semedu, Pike, Langle, Jordi Alba, Serji Roberto (Vidal, 81), Buskets, Rakitich, Messi, Suares, U.Dembele (Koutinyu, 67).
Ogohlantirishlar: Auar, 3. Dyubua, 33. Serji Roberto, 80. Semedu, 88.
Hakam: Junayt Chaqir (Turkiya).
19 fevral. Lion. «Lyumer» stadioni.

Asosiy maqsad
Joriy mavsum avvalida Lionel Messi «Barselona»ning mavsumdagi maqsadlari haqida aniq tushuncha bergandi. Katalonlar klubining asosiy maqsadi – «Kamp Nou»ga «quloqli kubok»ni qaytarish. Ko‘k-anorranglilar bu turnirda oxirgi marta 2015 yilda g‘olib bo‘lishgan, keyingi 3 yilda sovrinni dushman taraf – madridliklar o‘ziniki qilishgan. Bu mavsumda esa maqsad yo‘lidagi ilk jiddiy urinishda «Lion» jiddiy qarshilik ko‘rsatdi.

Auar mashhurlashmoqda

«Park Olimpik Lion» stadionidagi o‘yin debyutidayoq mezbonlarning tayanch yarimhimoyachisi Hussem Auar qahramon bo‘lishi mumkin edi. Avvaliga, uchinchi daqiqada u Messini fransuzlar jamoasi jarima maydoni yaqinida yiqitdi va sariq kartochka oldi - mezbonlarning baxtiga argentinalik futbolchining jarima nuqtasidan bergan zarbasi biroz noaniq ketdi. Ko‘p o‘tmay Ter Shtegen pas berishda adashdi va «Lion» futbolchilari to‘pni egallab olib, tezkor hujum uyushtirishdi ammo Auarning katalonlar jarima maydoni ichidan turib bergan zarbasini germaniyalik darvozabon xatosini tuzatgan holda qaytarib yubordi.

Terening zarbasi
Ter Shtegen birinchi bo‘lim davomida zerikib qolmadi - 10-daqiqada Marten Tere uzoq masofadan zarba yo‘lladi, to‘p avval darvozabon qo‘lqopining uchlariga, keyin darvoza to‘siniga tegib maydonga qaytdi, «Barsa» darvozaboni ikkinchi urinishda to‘pni ushlab oldi.

Mehmonlar uchun imkon

 

«Lion»ning o‘yin boshidagi shiddati pasaygach, «Barsa» asta-sekinlik bilan tashabbusni qo‘lga olib, mezbonlar himoyasini buzib kira boshladi. Mehmonlar asosan chap qanotdan hujum uyushtirishdi, shunday vaziyatlardan birida Jordi Alba raqib jarima maydonida Messini topdi, ammo kataloniyaliklar yetakchisi zarbasi biroz yuqoridan ketdi. Uning ortidan Usmon Dembele ham qulay vaziyatga ega bo‘ldi, ammo uning yaqin masofadan bergan zarbasini darvozabon o‘z gavdasi bilan to‘sib qoldi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Serxio Buskets uzoqdan kuchli zarba yo‘lladi, ammo to‘p yo‘lidan himoyachi chiqdi va maydon tashqarisiga chiqib ketdi, mehmonlar burchak zarbasini amalga oshirishga ulgurishmadi - hakam hushtagi chalinib, tomonlar 15 daqiqalik tanaffusga taklif etildi.

Tranjirlar

Ikkinchi bo‘limda Luis Suares va Lionel Messi vaziyatlarni isrof qilishda davom etishdi. Ko‘k-anorranglilarning vaziyatlari xavfli chiqar ammo yakuniy zarbada barchasi bekor bo‘lardi. Valverde Dembeleni o‘yindan olib, uning o‘rniga Koutinoni maydonga tashlashi ham vaziyatni o‘zgartirmadi. Braziliyalik futbolchi ham vaziyatlar yaratar, ammo Suares yoki Messi bu imkoniyatlarni yo‘qqa chiqarishda davom etardi. Messi bir safar to‘pni raqib himoyachisining boshini mo‘ljallab tepdi, boshqa safar esa jamoadoshi Suaresning boshini nishonga oldi.

Qayd etish kerakki, «Barselona» hujumchisi Luis Suares ancha vaqtdan buyon YeChLning safar o‘yinlarida gol ura olmay kelmoqda. «Lion»ga qarshi birinchi uchrashuvda ham bu quruq seriya davom etdi, undagi halqalar soni 16ta o‘yinga yetib, maydonda to‘p tepgan vaqti 24 soatlik nuqtadan o‘tdi. Suares Chempionlar ligasida safardagi golini oxirgi marta 2015 yil 16 sentabr kuni «Roma» bilan o‘yinda urgan edi.

O‘yinning 86-daqiqasida Buskets yana bir bor zarba berish nuqtasiga chiqdi, ammo uning darvozabon to‘pni to‘sin ostidan qaytarib qoldi.

Koutinoning sa'y-harakatlaridan keyin Messi yana bir marta jarima zarbasini ijro etdi, ammo tablodagi hisob o‘zgarmay qoldi - nollar. O‘nlab vaziyatlarni yo‘qqa chiqargan «Barsa» YeChLning chorak finali masalasini javob o‘yiniga qoldirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: