Kloppga YeChL kerak emasmi? «Liverpul» o‘ziga o‘xshamadi

Sport 14:00 / 20.02.2019 11798

Chempionlar ligasi nimchorak finali doirasidagi birinchi uchrashuvda «Liverpul» va «Bavariya» golsiz durang o‘ynadi va zamonaviy futbolning qiyofasini ko‘rsatib berdi.

«Liverpul» (Angliya) – «Bavariya» (Germaniya) – 0:0
«Liverpul»: Alisson, Aleksandr-Arnold, Matip, Fabinyu, Roberson, Veynaldum, Henderson, Keyta (Milner, 76), Saloh, Roberto Firmino (Origi, 76), Mane.
«Bavariya» (Myunxen): Noyyer, Kimmih, Zyule, Hummels, Alaba, Tiagu Alkantara, Havi Martines, Koman (Riberi, 81), Gnabri (Rafinya, 90+1), Xames Rodriges (Renatu Sanchesh, 88), Levandovski.
Ogohlantirishlar: Kimmih, 28. Henderson, 55.
Hakam: Rokki (Italiya).
19 fevral. Liverpul. «Enfild» stadioni.
Javob o‘yini – 13 mart kuni Myunxenda.

Muhim savol
O‘yindan avvalgi matbuot anjumanida Yurgen Klopp savollarga javob berishni yakunlab, stoldan turganida zalda hamon qo‘l ko‘tarib turgan jurnalist qizni ko‘rib qoldi va uning ham savolini tinglashga qaror qildi. «Shu kunlarda men «Liverpul» fanatlari bilan gaplashdim. Fanatlardan biri Angliya chempionligi kafolatlansa, YeChLdagi mag‘lubiyatni to‘g‘ri qabul qilishini aytdi», dedi u.

Uni eshitib Kloppning yuziga tabassum yugurdi. Keyin u aql bilan javob berishga kirishdi: «Sizga javob berishim qiyin. Agar tanlash kerak bo‘lsa, «Liverpul»ning barcha fanatlari Angliya chempionligini tanlashadi. Ammo biz hozir Chempionlar ligasidamiz. Xudoga shukrki, biz tanlov qarshisida emasmiz».

O‘tgan yilning martida premer-liganing navbatdagi o‘yini oldidan Xosep Gvardiola ham Angliya chempionati muhimroq ekanini tan olgandi. «Biz mavsumdagi eng muhim sovrin uchun kurashni davom ettirmoqdamiz. Bu hozir Chempionlar ligasidan, Angliya Kubogi yoki Angliya Ligasi Kubogidan muhimroq», degandi «Siti» ustozi.

Bir oy o‘tib «shaharliklar» yevrokubokni tark etishadi, ikki oy o‘tib esa muddatidan oldin Angliya chempionatida g‘olib bo‘lishadi.

«Tottenhem» bosh murabbiyi Maurisio Pochettino ham o‘tgan mavsumda o‘z jamoasi uchun Chempionlar ligasida emas, Premer-ligada muvaffaqiyatli ishtirok etish muhimroq ekanini aytgandi. 

Kloppning eski tanishi
Yurgen Klopp va «Bavariya» - tarixda juda ko‘p marta to‘qnash kelgan. «Bavariya» uchun u chempionlik seriyasini tugatgan murabbiy bo‘lsa, Klopp uchun «Bavariya» Dortmund jamoasining eng yaxshi futbolchilarini tortib olgan raqib.

Klopp Chempionlar ligasidagi ilk finalini 2013 yilda o‘tkazgan. O‘shanda aynan «Bavariya» va «Borussiya» to‘qnashgandi. «Uembli» o‘yingohida kechgan final ikki tomonning («Bavariya» va Klopp) o‘zaro 30-to‘qnashuvi bo‘lgandi. 19 fevral oqshomida Kloppning sobiq shogirdlari Levandovski va Hummels narigi barrikada ortida edi.

Katta qurbonlik

Zamonaviy futboldagi boshni aylantiruvchi darajadagi yuqori temp barcha kuboklar uchun kurashishga imkon bermaydi. Ba'zida hatto Chempionlar ligasini ham qurbon qilishga to‘g‘ri kelishi mumkin. «Liverpul» bu mavsumda Angliyadagi ichki kuboklardan ochiqchasiga voz kechdi. Ko‘rinishidan muxlislar 29 yillik tanaffusdan keyin Angliya chempionligi qo‘lga kiritilsa, YeChLni erta tark etishni ham kechira olishadi. Mersisaydlik muxlislarni to‘g‘ri tushunish mumkin, bu vaqt ichida hatto «Blekbern» va «Lester» Premer-Ligasi kubogini bosh uzra ko‘tardi, «Liverpul» esa yo‘q.

Lekin unutmaslik kerakki, Chempionlar ligasi bir bo‘lak metall, ortiqcha dahmaza emas, Yevropaning eng nufuzli sovrini. Yana bir narsani unutmaslik kerakki, «Liverpul» bu kubokni yaqin tarixda, 14 yil muqaddam o‘ziniki qilgandi. 29 yil bilan 14 yilning farqi bor albatta. Qolaversa, hozirgi daraja bilan Klopp jamoasi YeChLni yutishi qiyin masala, yo‘lda faqat «Bavariya» emas, oldinda yana uchta bosqich kutib turadi. Maqsadlar hali uzoqda, shu tufayli birini deb ikkinchisi taqdirini xavf ostida qoldirish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Aslida bir o‘q bilan ikki quyonni urish deyarli imkonsiz ish.

Myunxenliklar bilan o‘yinda «Liverpul» YeChLni qurbon qilmoqchiligini ko‘rsatmadi. Birinchi bo‘limda Mane ko‘plab vaziyatlarni yo‘qqa chiqarmaganida mezbonlar barcha masalani birinchi o‘yindayoq hal qilib qo‘yishlari ham mumkin edi.

Ammo «Liverpul» o‘ziga xos bo‘lmagan ehtiyotkorlik ko‘rsatdi va imkon qadar to‘pni yo‘qotmaslikka harakat qildi. Ikkinchi bo‘limda esa maydon egalari butunlay himoyaviy uslubga o‘tib olishdi. Birinchi bo‘limning oxirgi 15 daqiqasida raqib darvozasi tomon 6 bor zarba yo‘llagan «Liverpul» ikkinchi bo‘limda atigi bir marta - 81-daqiqada darvozaga zarba berdi. Tanaffusda nima bo‘lgandi? Klopp o‘z futbolchilaridan xotirjamlik bilan o‘ynashni so‘raganmidi?

Biz maydonda shuni ko‘rdikki, tezlik va ishtiyoqsiz «Liverpul» juda jo‘n jamoaga aylanib qolar ekan.

Ikkinchi bo‘limda Salohni bir necha kishi bo‘lib kutib olishga o‘tishdi, Mane vaziyatlarni ko‘kka sovurishda davom etdi, o‘yin arafasida grippdan sog‘aygan Firminoning kuchi 90 daqiqaga yetmadi, myunxenliklarning eng serharakat futbolchisi Joshua Kimmih Manega ishlatgan qo‘polligi uchun ogohlantirildi va sariq kartochkalari ko‘payib ketgani tufayli javob o‘yinida ishtirok eta olmaydigan bo‘ldi.

Zyule esa senegallik futbolchiga qo‘pollik qilmaslikka qaror qilib o‘tkazib yuborganida, Noyyer burchakni yopishga ulgurdi. Qayd etish kerakki, «Bavariya» darvozaboni Manuel Noyyer uchun bu o‘yin YeChLdagi yubiley - 100-o‘yin bo‘ldi va bu eng qiyinlaridan edi. U o‘yin davomida to‘pga 70 marta tegdi - bu uning uchun turnir o‘yinlaridagi rekorddir.

Fitnali gumonlar
«Bavariya» esa o‘yin davomida biror marta darvoza sohasiga aniq zarba yo‘llamadi. Bu jamoaning ham niyatlari nima ekanini bilib bo‘lmaydi. Bundesligada yana «Borussiya» bosh ko‘targan va myunxenliklarning gegemonligiga barham berish uchun «bel bog‘lagan». Avvaliga dortmundliklar 9 ochko oldinga chiqib ketishgandi, hozirga kelib peshqadamning ketma-ket muvaffaqiyatsizligidan foydalangan Niko Kovach shogirdlari oradagi farqni 3 ochkoga qisqartirgan va endi jamoa uchun YeChL g‘olibi bo‘lishdan ko‘ra Germaniya chempionatida seriyani davom ettirish osonroq bo‘lib qolgan. Shu tufayli nemislar diqqatni ko‘proq ichki chempionatga qarata boshlagan bo‘lishlari mumkin. Lekin bular klub ichidagi kayfiyatni ifodalamaydi - shunchaki gumonlar.

Lekin shunisi aniqki, hozirda «Liverpul»da ham, «Bavariya»da ham bir xil vaziyat, shu tufayli jamoalar an'analarni bir chetga surib qo‘yishi mumkin.

Birinchi o‘yinda kuchlar teng kelgan bo‘lsada, javob uchrashuvi oldidan imkoniyatlar teng emas. «Liverpul» turnirning guruh bosqichida safar uchrashuvlarining barchasida mag‘lub bo‘ldi. Endi mersisaydliklar bu juftlik favoriti emas. Ko‘ramiz, 13 mart kungi javob o‘yinida Chempionlar ligasi madhiyasi qaysi jamoaga ko‘proq kuch berar ekan...

Ko‘proq yangiliklar: