Chiqindilarni jamoat joylariga tashlab ketishga qarshi kurashuvchi mobil ilova paydo bo‘ladi

O‘zbekiston 16:40 / 20.02.2019 4782

Hashar Week ijtimoiy loyihasi doirasida mobil ilova ishlab chiqiladi. Kelgusida undan chiqindilarni noqonuniy ravishda jamoat joylariga tashlashga qarshi kurash maqsadida ham foydalanish nazarda tutilmoqda, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, 11-17 mart kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Hashar Week ijtimoiy loyihasi doirasida Hashar Week ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar chiqindilarni saralab, 11ta tumanda tashkil etilishi nazarda tutilgan 22ta punktga saralangan chiqindini topshirsa, qimmatbaho sovg‘alarga ega bo‘ladi. 

«Loyiha kunlari tugagach, chiqindilarni noqonuniy ravishda jamoat joylariga tashlashga qarshi kurashdan ilovadan foydalanish rejalashtirilmoqda. Mazkur ilova orqali fuqarolar noqonuniy chiqindi tashlangan joy haqida ma'lumot berishi mumkin. Ekologiya qo‘mitasi shu ma'lumotga asosan joyni borib o‘rganadi, hududdagi mas'ul shaxslar bilan muammoni bartaraf etish choralarini ko‘radi. Ilova esa mart oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan», – deb xabar bergan Kun.uz muxbiri Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ma'lumotiga tayanib.

Eslatib o‘tamiz, The K'orôbe London boshqaruvchi direktori, xalqaro siyosiy maslahatchi Suna Park ishlab chiqqan Hashar Week loyihasi havoning ifloslanishi, ekologiya va chiqindi bilan bog‘liq muammolarga keng jamoatchilik e'tiborini qaratishga yo‘naltirilgan. Sinov-tajriba tariqasida Toshkent shahrida tashkil etilayotgan loyiha yaxshi natija bersa, u respublikada ham amaliyotga tatbiq etiladi. Tashkilotchilar loyihani amalga oshirish orqali chiqindilarni saralash tizimini rivojlantirish va ommalashtirishni maqsad qilib qo‘ygan.

Ko‘proq yangiliklar: