2021 yildan avtomobillarni majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tadbirkorlik sub'yektlariga o‘tadi

O‘zbekiston 08:56 / 20.02.2019 16391

Vazirlar Mahkamasining 15.02.2019 yildagi 136-son qarori bilan transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibining takomillashtirilishi munosabati bilan hukumatning ayrim qarorlariga tuzatishlar kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
Jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtomobillarni tadbirkorlik sub'yektlari – yuridik shaxslar tomonidan majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish sanasi 2021 yil 1 yanvarga ko‘chirildi. Vazirlar Mahkamasining 22.12.2017 yildagi 1010-son qaroriga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Shu tariqa, ko‘rsatilgan sanagacha ushbu funksiyani IIV Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlari bajaradilar.  
 
Biroq tadbirkorlik sub'yektlari jarayondan to‘liq chiqarib tashlanmadi. Ular avvalgidek yo‘lovchilar tashish uchun mo‘ljallangan va (haydovchi o‘rnidan tashqari) o‘tirish uchun sakkiztadan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega M1 toifadagi transport vositalarining texnik holatini tekshirishlari mumkin. Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 1 yanvardan bunga ruxsat berilgan. Bu borada o‘zgartirishlar kiritilmadi.
 
Bunda transport vositalarining texnik holatini baholash uchun mo‘ljallangan ishlab chiqarish-texnik baza joylashtiriladigan xona va maydonlarga talablar, shuningdek texnik ko‘rik liniyalarining o‘lchamlari tasdiqlandi. Tegishincha, ushbu faoliyatni amalga oshiradigan barcha tadbirkorlik sub'yektlari belgilangan talablarga javob berishlari kerak. Ular Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovalar ko‘rinishida bayon etilgan. 
 
Hujjat 16.02.2019 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: