Umid Ahmadjonov: «O‘zbekistonni futbol fabrikasiga aylantirishimiz kerak»

Sport 17:34 / 19.02.2019 7868

O‘zbekistonda futbol akademiyalari o‘zlari tarbiyalagan futbolchilarni sotish orqali o‘z xarajatlarini qoplashi va daromad olishi lozim, deb hisoblaydi O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov. U bu haqda bugun, 19 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tgan.

«Iqtidorlarni tarbiyalash orqali O‘zbekistonni futbol fabrikasiga aylantirishimiz lozim. Tarbiyalangan futbolchilarni sotish orqali akademiyalar o‘zini qoplashi va daromad ko‘rishi kerak. Ishlab topilgan mablag‘ orqali hududda futbolni yanada rivojlantirish mumkin bo‘ladi. Biz birgalikda ana shu tizimni yaratib olishimiz lozim. Rejalar har bir viloyat uchun alohida ishlab chiqiladi», – degan Ahmadjonovning so‘zlarini keltirmoqda qo‘mita matbuot xizmati.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Yig‘ilishda viloyat futbol federatsiyalari va futbol akademiyalari rahbarlari ishtirok etgan hamda o‘z viloyatlarida futbolni ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berishgan. Shuningdek, majlisda akademiyalar faoliyatini rivojlantirish, murabbiylar malakasini oshirish, muxlislarni stadionga jalb qilish va boshqa masalalar ko‘rib chiqilgan.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

«Futbol akademiyalari futbolchini 17 yoshgacha tarbiyalab, o‘qitib, unga futbol sir-asrorlarini o‘rtagatadi. Keyinchalik bu futbolchi sotiladigan bo‘lsa, akademiyalar bundan hech qanday manfaat ko‘rmaydi. Bu noto‘g‘ri. Tarbiyalanuvchilar bilan tuziladigan shartnomalarda keyinchalik futbolchi sotiladigan bo‘lsa, transfer narxidan ma'lum qismi uni tarbiyalagan akademiyaga tushishi kerak. Bu pullar akademiya rivoji uchun sarflab boriladi. 

Shuningdek, bolalar futbolini rivojlantirish, joylarda futbolni rivojlantirish uchun ham har bir viloyat alohida reja tuzgan holda ish olib borishi kerak. Chunki har bir viloyatning o‘ziga xos sharoiti bor. Mahallalarda futbol maydonlari qurilishi bo‘yicha ham O‘FA Futbolni rivojlantirish departamenti va «Mahalla» jamg‘armasi bilan birgalikda ish olib borish zarur», - degan Umid Ahmadjonovdan iqtibos keldirdi O‘FA rasmiy sayti.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Bundan tashqari, viloyat futbol assotsiatsiyalari vitse-prezidentlariga yangi futbol mavsumiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ham topshiriqlar berilgan. Superligada qatnashayotgan klublar stadionlarda barcha sharoitlarni yaratishlari zarurligi, futbol tomosha qilishga tashrif buyuradigan muxlislar stadionda haqiqiy hordiq chiqarib, futbol uchrashuvini tomosha qilishlari, taom va ichimliklar savdosini yo‘lga qo‘yish, barcha yoshdagi muxlislar uchun qulayliklar yaratish, oilaviy sektorlar tashkil qilish masalalari muhokama qilingan. Shuningdek, stadiondagi muxlislik madaniyatiga rioya qilish, o‘yin davomida so‘kinish, hakam va futbolchilarni haqorat qilish kabi salbiy odatlarga barham berish zarurligi ta'kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta akademiya bo‘yicha talablarni bajarmagani uchun 7ta klub Superligadan chetlatilishi mumkinligini xabar qilingandi. PFL ma'lumotiga ko‘ra, «2018 yilda natija ketidan quvib, yulduz futbolchilar uchun katta chiqimlar qilgan, ammo o‘z futbol akademiyasini tashkil qilib ulgurmagan» «Lokomotiv», «Paxtakor», OKMK, «Metallurg», «Buxoro» va «Qo‘qon-1912» klublari chempionatga qo‘yilmasligi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: