Qashqadaryo viloyati IIB raddiyasi: «Svet» yo‘qligi tufayli pasport uchun surat tushib bo‘lmadi

O‘zbekiston 18:34 / 19.02.2019 12625

16 fevral kuni Qashqadaryo viloyat IIB binosida elektrenergiya ta'minotidagi uzilish tufayli deyarli 7 soat ichida fuqarolarga tegishli xizmat ko‘rsatilmadi. Bu haqda Qashqadaryo viloyat IIB Matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Gap shundaki, Kun.uz o‘quvchisi yo‘llagan murojaat 16 fevral kuni Qashqadaryo viloyat migratsiya boshqarmasida vaqtini navbat kutish bilan yo‘qotgan, keyin energiya yo‘qligi tufayli xorijga chiqish pasporti uchun rasmga tusholmagani holati tasvirlangan. 

Kun.uz saytining telegramdagi kanalida e'lon qilingan Qashqadaryo viloyat IIB MvaFRBning ish faoliyati yuzasidan bildirilgan fuqaro murojaatiga nisbatan viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan raddiya bildirildi.

«2019 yil 17 fevral kuni Kun.uz saytida «Suratga tushish uchun bir kun sarflagan fuqaro» sarlavhasi bilan Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqaro tomonidan Qashqadaryo viloyat IIB MvaFRBning ish faoliyatidan noroziligi bayon qilingan.

Fuqaro o‘z murojaatida ayrim holatlarni bo‘rttirib ko‘rsatgan bo‘lib, u tomonidan bildirilgan holatlarni Kun.uz'ning o‘quvchilari noto‘g‘ri tushunishlari oldini olish maqsadida Qashqadaryo viloyat IIB Matbuot xizmati quyidagi mazmunda raddiya bildiradi.

2018 yil 16 fevral kuni Qashqadaryo viloyat IIB MvaFRB belgilangan tartibda o‘z ish faoliyatini tashkil qilib, shu kuni fuqarolarga navbat bilan xizmat ko‘rsatish tizimi asnosida xorijga chiqish uchun beriladigan pasport olish uchun kelgan fuqarolarni fotosuratga olish bilan bog‘liq jarayonni tashkil etishi davomida mahalliy vaqt bilan soat 13:50da «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan yetkazib beriladigan elektr ta'minotida jiddiy shikastlanish yuzaga kelishi natijada MvaFRB elektr ta'minotsiz qolgan. 

Mazkur  holat bevosita 2019 yil 18 fevral kuni «Qashqadaryo XET» AJ tomonidan berilgan №12/2092 raqamli xati bilan tasdiqlanadi. Unda «16.02.2019 yil soat 13:50da Shimoliy-35/6kV podstansiyasidan chiquvchi 6 kVli «Shahar-2» havo elektr uzatish tarmog‘i MTZ himoyasidan avariyali holatda o‘chdi. Elektr tarmog‘idagi nosozlik bartaraf etilganidan so‘ng elektr tarmog‘iga soat 18:24da kuchlanish berildi», deb bayon qilingan.

Shuningdek, fuqaro o‘z murojaatida internet tarmog‘i orqali ijaraga beriladigan dvijok qidirganini bayon qilib o‘tgan», ─ deyiladi raddiyada. 

Ma'lum qilinishicha, viloyat MvaFRBda dvijok mavjud bo‘lib, fuqarolarni fotosuratga tushirish uchun mo‘ljallangan uskunalarni ishlatish uchun o‘zgaruvchan xususiyatga ega bo‘lgan doimiy elektr ta'minoti kerakligi tufayli bunday holatda uskuna dvijokka ulangan taqdirda mazkur uskuna nosoz holatga kelishi mumkin.

«Shu sababli fuqaro o‘z murojaatida dvijok qo‘yib berilishini so‘rab bildirgan vajlari asossiz bo‘lib, davlat idoralari har bir fuqaroga namunali xizmat ko‘rsatishni, har qanday noqulay sharoitni bartaraf etgan holda qulaylik va sharoit yaratib berishni o‘z majburiyati deb bilishini inobatga olishi lozim», ─ deyiladi viloyat IIB raddiyasida.

Raddiyada fuqarolarni fotosuratga tushirish uchun mo‘ljallangan uskunalar nega kafolatlangan, doimiy elektr ta'minotiga ulanmagani va murojaatchi bayon qilgan tirbandlik bo‘yicha izoh berilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: