O‘zbekistonda ilk marta ziyorat turizmi bo‘yicha xalqaro forum o‘tkaziladi

O‘zbekiston 23:50 / 19.02.2019 8334

21-23 fevral kunlari Buxoro shahrida yilning turizm sohasiga doir eng muhim tadbirlaridan biri - Ziyorat turizmi bo‘yicha birinchi xalqaro forum o‘tkaziladi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan forumning maqsadi - mamlakatning sayyohlik salohiyatini oshirish hamda O‘zbekistonning islom dunyosidagi ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida xalqaro miqyosda e'tirof etilishiga erishish, deya qayd etiladi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida

Ziyorat, ya'ni muqaddas joylarni ziyorat qilish ikki asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga olgan: ekskursiyaviy-ma'rifiy va diniy turizm. 

Islom dunyosining eng qimmatbaho Qur'oni karim namunalaridan biri - Xalifa Usmon Qur'on kitobi saqlanuvchi Hazrati Imom majmuasi, buyuk islom imomi Mahammad Al-Buxoriy maqbarasi, Naqshbandiyya tariqati izdoshlari qabrlari va shu kabi ko‘plab boshqa diniy markazlar mavjud. Bunday tarixiy va muqaddas qadamjolarga ziyorat va sayohat qilish uchun har yili dunyoning turli burchaklaridan minglab sayyohlar O‘zbekistonga tashrif buyurishadi. 

Ta'kidlash joizki, hukumat tomonidan O‘zbekistonning ziyorat turizmi yo‘nalishidagi jozibasini oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentning 5611-sonli farmoniga ko‘ra, joriy yilning 5 yanvar kunidan O‘zbekistonning madaniy-tarixiy va diniy-ma'naviy merosi va an'analarini o‘rganish uchun tashrif buyuruvchi xorij fuqarolariga 2 oygacha bo‘lgan muddat bilan beriluvchi Pilgrim visa joriy etildi. 

O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida e'tirof etilishi umumiy ma'noda mamlakatda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish va turistlar oqimini sezilarli darajada oshirishga turtki beradi. 

Buxoro shahrida bo‘lib o‘tadigan ziyorat turizmi bo‘yicha birinchi xalqaro forumda Malayziyaning Perlis shtati muftiysi Mohd Asriy bin Zayn-ul Obiddin hamda Islom turistik markazi, Halol tadqiqotlar va menejment instituti, Malayziya turistik kompaniyalari va turoperatorlari uyushmasi rahbariyati ishtiroki kutilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: