O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Markaziy Osiyoda yettita vazifaga yechim topish muhimligini aytdi

O‘zbekiston 14:58 / 19.02.2019 16383

Toshkentda «Markaziy Osiyoda o‘zaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov unda nutq so‘zladi.

Uning aytishicha, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha muvofiqlashtirilgan pozitsiya ishlab chiqish zarur.

«Mintaqamizning o‘ziga xos xususiyatiga xavfsizlik, savdo, transport, suvdan foydalanish, ta'lim va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlari samarali ishlashi aylanishi kerak.

Shu maqsadda quyidagi vazifalarni bajarish muhimdir.

Birinchidan, Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlari va qoidalarini ishlab chiqish hamda muvofiqlashtirish. Davlat rahbarlari sammitlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish tartibi, tashqi ishlar vazirlari hamda ekspertlar yig‘ilishlari bo‘yicha aniq jarayon belgilanishi kerak.

Ikkinchidan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish.

Biz mamlakatlarimiz o‘rtasida erkin savdo rejimining to‘liq ishlashini ta'minlash, shuningdek, bojxona jarayonlarini soddalashtirish, «yashil» yo‘laklar va chegaralarimizni kesib o‘tishni yengillashtiradigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish muhim, deb bilamiz.

Uchinchidan, dengiz portlari va yangi tashqi bozorlarga qisqa muddatda kirishni ta'minlovchi mintaqalararo o‘zaro bog‘langan transport-logistika tizimini shakllantirish zarur.

To‘rtinchidan, turizm Markaziy Osiyo davlatlarida iqtisodiy rivojlanishga yangi turtki bo‘lib bormoqda.

Dunyoda mintaqani qabul qilish darajasi yaxshilangani sari, mamlakatlarimiz o‘rtasida ham mintaqa ichida, ham xalqaro darajada sayyohlik sohasida hamkorlik uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda.

Beshinchidan, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash muammolari bo‘yicha muzokaralar mexanizmini yaratish.

Oltinchidan, mintaqada suvdan foydalanish va ekologiya muammolarini iloji boricha tezroq hal qilishni ta'minlash.

Biz Orol dengizi falokati bilan bog‘liq dolzarb muammolarni hal qilish borasidagi sa'y-harakatlarimizni muvofiqlashtirishimiz kerak.

Yettinchidan, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish.

Markaziy Osiyo doimo yagona va ajralmas mintaqa bo‘lib kelgan. Bizni umumiy tarix va din, tillarimiz, urf-odatlarimiz hamda ma'naviy qadriyatlarimiz birlashtiradi», - dedi Abdulaziz Komilov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abdulaziz Komilov Markaziy Osiyodagi yaqinlashuv jarayoni hech kimning manfaatlariga qarshi qaratilmagani haqida ma'lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: