Hukumat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘yicha qaror qabul qiladi

O‘zbekiston 13:34 / 19.02.2019 11298

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining moliyaviy asoslarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan fuqarolar yig‘inlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan va xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lardan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanishi mumkin.

Fuqarolar yig‘inlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan pul mablag‘lari Xalq bankining filiallarida ochilgan hisob raqamlarida belgilangan tartibda jamlanadi.

Nizomga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan mablag‘lar deganda fuqarolar yig‘inining qaroriga asosan jismoniy shaxslardan ixtiyoriylik asosida, yuridik shaxslardan esa shartnoma (bitim) asosida yig‘ib olingan pul mablag‘lari va mol-mulk tushuniladi.

Xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lar deganda jismoniy va yuridik shaxslardan fuqarolar yig‘inlariga xayriya ehsonlari va homiylik mablag‘lari shaklida tushadigan pul mablag‘lari va mol-mulk tushuniladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar xayriya ehsonlari shaklidagi yordamni qonun hujjatlariga muvofiq ixtiyoriy va beg‘araz ko‘rsatadilar.

Jismoniy va yuridik shaxslarni xayriya faoliyatiga va ularning pul mablag‘larini sarflash bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish taqiqlanadi.

Fuqarolar yig‘inlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan va xayriya ehsonlari shaklidagi pul mablag‘lari Xalq bankining filiallarida ochilgan hisob raqamlarda belgilangan tartibda jamlanadi.

Fuqarolar yig‘inlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan ixtiyoriylik asosida jalb etilgan va xayriya ehsonlari shaklida beriladigan mablag‘lar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda kirim qilinadi.

Fuqarolar yig‘inlari tomonidan jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘larini olish va ulardan foydalanish xayriyaning maqsadidan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘larini olish va ulardan foydalanish fuqarolar yig‘inlari va yuridik shaxslar o‘rtasida xayriya yordami ko‘rsatish to‘g‘risida tuzilgan shartnomalarga (bitimlarga) muvofiq amalga oshiriladi.

Pul mablag‘laridan foydalanish fuqarolar yig‘ini kengashining qarori asosida amalga oshiriladi. Pul mablag‘larini boshqarish hamda taqsimlash fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan amalga oshiriladi.

Pul mablag‘lari agar xayriya boshqa maqsadlarga qaratilgan bo‘lmasa yoki xayriya yordami ko‘rsatish to‘g‘risida tuzilgan shartnomalarda o‘zgacha hol qayd etilmagan bo‘lsa quyidagi maqsadlarga sarflanadi:

a) kam ta'minlangan va ehtiyojmand bo‘lgan yolg‘iz keksalar, nogironlar, shuningdek, birinchi navbatdagi hayotiy ehtiyojini ta'minlay olmaydigan kam daromadli, voyaga yetmagan bolalari ko‘p, boquvchisi nogiron yoki mehnat qobiliyati vaqtincha yo‘qotgan, surunkali kasalni parvarish qilayotgan oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida qo‘yidagi yo‘nalishlarga:

- uy va kvartiralarni ta'mirlashga;
- qattiq yoqilg‘i (ko‘mir va o‘tin) mahsulotlari bilan ta'minlashga;
- nogironlarni reabilitatsiya vositalari bilan ta'minlashga;
- sog‘lig‘ini tiklashga;
- kommunal xizmatlari haqini to‘lashga;
- nikoh va sunnat to‘ylarini o‘tkazishga;

b) mahallada tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli talofat ko‘rgan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatishga;

v) mahalla hududini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va sanitariya jihatdan tozalashga hamda kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishga;

g) ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga.

Fuqarolar yig‘ini tomonidan mablag‘lardan foydalanishning hisobini yuritish, shuningdek ushbu mablag‘lardan foydalanish to‘g‘risidagi hisobotlarni tuzish va taqdim etish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

Fuqarolar yig‘ini huzuridagi Taftish komissiyasi mablag‘lardan fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan maqsadli foydalanilishini, shuningdek ushbu mablag‘lardan foydalanish to‘g‘risidagi hisobotlarda ma'lumotlar aks ettirilishining to‘g‘riligini muntazam nazorat qiladi. Fuqarolar yig‘ini huzuridagi Taftish komissiyasi jismoniy va yuridik shaxslarning yozma so‘rovlari bo‘yicha mablag‘lardan foydalanishning istalgan bosqichida mablag‘larning maqsadli sarflanishini tekshiradi.

Fuqarolar yig‘ini raisi mablag‘larining maqsadli ishlatilishi to‘g‘risida har chorakda fuqarolar yig‘iniga (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) hisobot beradi.

Fuqarolar yig‘ini raisi qonun hujjatlariga muvofiq:

mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi;

buxgalteriya hisobi to‘g‘ri yuritilishi, shuningdek mablag‘lardan foydalanish to‘g‘risidagi hisobotlar tuzilishi va taqdim etilishi uchun javob beradi.

Fuqarolar yig‘inlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari jismoniy va yuridik shaxslarni xayriya faoliyatiga majbur etilganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.

Ko‘proq yangiliklar: