G‘ijduvonlik muallimaning sirli o‘limi: uning yaqinlari qotil(lar) jazolanishidan umidvor

Jamiyat 18:28 / 19.02.2019 184044

2018 yilning 4 yanvar kunini Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani «Zarangari» QFY Paxtakor qishlog‘ida istiqomat qilib kelayotgan 18 yoshli Sevinch hech qachon unutolmasa kerak. Oilaning yakka-yu yagona farzandi shu kuni onasidan ajralib qolgandi…

Ona — 1973 yilda tug‘ilgan, G‘ijduvon tumanidagi 10-maktabda 26 yildan buyon boshlang‘ich ta'lim o‘qituvchisi sifatida ishlab kelgan Gulmira Nuriddinova 2017 yil 27 dekabrda — maktabda qishki ta'til boshlanganidan foydalanib, salomatligini biroz tuzatib olish maqsadida, Quyi Mahalla qishlog‘idagi o‘zi ishlaydigan 10-maktabning yonida, fuqaro S.X.ning uyida uning rafiqasi M.X. nomiga ochilgan YaTT shaklidagi xususiy klinikaga davolanishga boradi.

Unga mazkur xususiy shifoxonada yotib muolaja olish buyuriladi. Va shunday ham bo‘ladi. 2018 yil 3 yanvar kuni kechqurun G.Nuriddinovaning turmush o‘rtog‘i Rahmat Muhammedov undan xabar olishga boradi.

Gulmira Nuriddinova eriga «meni bu yerdan olib keting», deydi. Lekin shifokor S.X.ning qizi S. bir paytlar o‘zini o‘qitgan o‘qituvchisini uyda ochilgan shifoxonada qolishga ko‘ndiradi. «Siz bilan birga yotaman, o‘zim qarayman», deydi sobiq o‘quvchi.

Er bo‘lmish R.Muhammedov qizga ishonganicha shu kuni uyiga qaytib ketadi…

Ertasi kuni — 4 yanvar tongida shifokor S.X. negadir orqa davlat raqam belgisi yechilgan «Captiva» mashinasida Gulmira Nuriddinovaning uyiga kelib, u yo‘qolib qolganini bildiradi.

Alhol, qarindosh-urug‘ uni qidirishga tushib ketadi. 4 yanvar kuni kunduzi soat 11lar chamasi «Havzak» MFY, Xo‘jalar qishlog‘idan o‘tuvchi G‘ijduvon-Shofirkon yo‘li yoqasidagi Katta Ja'fari arig‘ining ichidan Nuriddinovaning jasadi topiladi.

G.Nuriddinovaning jasadi topilgan joy

Uni kiyimlari bilan ariq ichidan chiqarib olishadi. Qulog‘ida bir dona ziragi va oyog‘ida bitta shippagi yo‘q bo‘lgan.

Marhumaning otasi Fazliddin bobo Nuriddinov qizining, uning turmush o‘rtog‘i Rahmat aka o‘z rafiqasining, o‘g‘il Sevinch esa onaizorining o‘limiga nima sabab bo‘lganini aniqlash uchun shuncha vaqtdan buyon ovora-yu sarson.

Marhumaning otasi Fazliddin Nuriddinov (o‘ngda) va kuyovning tog‘asi Axtam Muqumov (chapda)
haqiqat qaror topishiga ishonishadi

O‘sha voqea sodir bo‘lgan kuni murdani yorib ko‘rgan G‘ijduvon tumani sud-tibbiy eksperti F.Ahmedovning xulosasiga ko‘ra, G.Nuriddinova suvda cho‘kib vafot etgani qayd etilgan. Ekspertiza xulosasida tergovchi o‘lim vaqtini aniqlash savolini qo‘ygan, lekin shu savolga ekspert F.Ahmedov aniq javob bermagan. Murda suvda qancha ko‘p vaqt tursa, teri qatlami shuncha tez buziladi, ko‘p vaqt o‘tmay jasad shishishni boshlaydi. O‘lim vaqti aniq o‘rnatilganida, jasadning suvda bo‘lish vaqtiga to‘g‘ri kelmas edi, shuning uchun tergovchi ham, ekspert ham bu savolni ochiq qoldirishgan.

Tabiiyki, marhumaning qarindoshlari ekspertning bu xulosasiga qo‘shilmaydi. Ular o‘sha mash'um tunda shifoxonada nimadir bo‘lganidan hanuzgacha shubhalanib kelishmoqda.

G.Nuriddinovaning yo‘qolib qolgani xabarini uyga keltirgan shifokor S.X.ning «Captiva» rusumli mashinasining davlat raqami nega yechilgan bo‘lgani, 10-maktabda doimo ishlab turgan kamera nega aynan o‘sha tunda ishlamagani, shifoxonaga eng yaqin joydan ariqqa tashlanganida ham jasad shuncha muddat ichida G‘ijduvon shahri ichidagi hovlilar ichidan o‘tib, 6 km 880 metr masofaga oqib borgani marhumaning yaqinlarida qattiq shubha uyg‘otmoqda.

Boz ustiga, Katta Ja'fari arig‘ida 2018 yilning 3 yanvaridan 4 yanvariga o‘tar kechasi bor-yo‘g‘i 30 sm balandlikda suv bo‘lgan. Bu haqda G‘ijduvon tuman irrigatsiya bo‘limi ma'lumotnomasi ham bor.

Qolaversa, ular ish bo‘yicha tergovga qadar tekshirish harakatlarini olib borgan G‘ijduvon tuman prokuraturasi tergovchisi Dilshod Narzullayevning xatti-harakatlaridan juda ham shubhalanishmoqda. Bosh prokuror nomiga yozilgan shikoyat arizasining mana bu qismi chindan ham diqqatga sazovor:

G.Nuriddinovaning qarindoshlari yozgan shikoyat ariza asosida G‘ijduvon tuman ma'muriy sudi 2018 yil 29 mart kuni S.X., M.X. va S.U.ga nisbatan MJtKning 53- (Sanitariya qonun hujjatlarini buzish), 54- (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) va 165- (Faoliyat bilan litsenziyasiz va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz shug‘ullanish) moddalari bilan ma'muriy ish qo‘zg‘atadi, ularga sodir etgan huquqbuzarliklari uchun tegishli jazo qo‘llaniladi.

Ularning bu boradagi murojaatlari avvalo G‘ijduvon tuman huquq tartibot organlari, chunonchi tuman prokuraturasi tomonidan mutlaqo e'tiborsiz qoldiriladi. G.Nuriddinova vafot etgani holatida jinoyat alomatlari yo‘q, deb topiladi.

Shuncha yildan buyon maktabda yosh bolalarga ta'lim berib kelgan o‘qituvchi G.Nuriddinova ruhiy kasalga ham chiqariladi va shifokorlar tomonidan bu haqida xulosa beriladi.

Oilaning respublikadagi ikkita eng yirik ommaviy axborot vositalari - «Xalq so‘zi» gazetasi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga yo‘llagan shikoyat xatlari ham Bosh prokuratura organlariga o‘rganish uchun yuborilgan.

Adliya vazirligining virtual qabulxonasiga qilingan murojaatga javoban Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Bositxanova imzosi bilan berilgan javob xatida o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida S.X.ning shifoxona sharoitida bemorlarni davolash huquqini beruvchi me'yoriy hujjatlari va shart-sharoitlari mavjud emasligi aniqlangan bo‘lsa-da, u tibbiyot xodimi sifatida va qasamyodi asosida (!) murojaat qilgan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatib kelgani aniqlangani bayon qilingan. Bu holatga oydinlik kiritish yana o‘sha G‘ijduvon tumanining huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakolat doirasiga kirishi eslatilgan.

Yoza-yozdan so‘ng Buxoro viloyat prokuraturasi ishni qayta o‘rganish uchun Vobkent tuman prokuraturasiga o‘tkazadi. Vobkentlik prokurorlar ham 2018 yil 1 iyundagi xatida mazkur ishda hech kimning harakatida jinoyat izlari topa olishmagani va jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etishayotganini xabar qilishadi.

Navbatdagi murojaatlardan so‘ng 2018 yil 27 iyul kuni Buxoro viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari D.Fayziyev imzosi bilan 25 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi JKning 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi (moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlar ehtiyotsizlik orqasida odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani haqidagi xat keladi.

Nihoyat, ko‘p sonli murojaatlar va betinim yugurishlardan so‘ng, qarindoshlarning ketma-ket arizalariga ko‘ra, eksgumatsiya tayinlanadi. Eksgumatsiya 2018 yilning sentabr oyida o‘tkaziladi. Toshkentdan kelgan ekspert Shohsanam Yadgarova boshchiligida qabr ochiladi va jasaddan namunalar olinadi.

Takroriy ekspertiza xulosalari o‘tgan yilning dekabr oyiga kelib tayyor bo‘lgan, ayni paytda tergov ishlari davom ettirilmoqda.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ekspert Sh.Yadgarova ekspertiza xulosasi o‘zida borligini, lekin uni faqat tergovni olib borayotgan Buxoro viloyat prokuraturasi tergovchisi Jahongir Haydarovning ruxsati bilangina berishi mumkinligini aytib o‘tdi.

J.Haydarov esa o‘z navbatida ekspertiza xulosasini bera olmasligini, ayni paytda tergov ishlari ketayotganini, tergov sirini oshkor etolmasligini bildirib o‘tdi. Tergov ishlari yakunlangach bu haqda Kun.uz’ga o‘zi ma'lumot berishini ma'lum qildi.

«Suv yo‘q-ku?». Bu eksgumatsiya chog‘ida G.Nuriddinovaning otasi qabr tepasida ekspert Sh.Yadgarovadan eshitgan gap. Garchi marhumaning oilasi takroriy ekspertiza xulosasini hali qo‘liga olmagan bo‘lsa-da, ular G.Nuriddinova doridan zaharlanib o‘lgani, birinchi ekspertiza soxtalashtirilganini ishonch bilan ta'kidlashadi.

Ular S.X. va uning oila a'zolarini G.Nuriddinovaning o‘limiga sababchi, deb bilishadi. Ularning bemalol ochiqda yurishi, 2018 yil 4 yanvar kungi dastlabki ekspertiza chog‘ida vrachlar til biriktirib ekspertiza xulosalarini soxtalashtirishganiga ishonishadi. Ular G.Nuriddinova «ruhiy kasal»ga chiqarilib, tuman prokurorlari tomonidan ishni «yopdi-yopdi» qilishga urinilgani, bir oilaning murojaatlari «koptok» qilinganini aytishmoqda.

Masalan, «Captiva» avtomashinasining orqa davlat raqam belgisi nima maqsadda yechib olingani haqidagi savolga javob topilmagan. Yoki o‘sha mash'um kechada marhumani o‘z uyida davolagan vrach S.X. va uning qizi S.ning shaxsiy telefon apparatlari pelengatsiya yordamida ular o‘sha kecha ertalabgacha qayerda bo‘lganliklari to‘g‘risida bergan ko‘rsatmalari bilan solishtirilmagan va shu kecha ular kimlar bilan nima maqsadda, qaysi mavzuda aloqaga chiqqanliklari, o‘sha marhuma jasadi aniqlangan, Xo‘jalar qishlog‘idan o‘tuvchi, 30 sm balandlikdagi suv bo‘lgan ariq atrofida uyali telefon antenna radiobazasidan kimlar foydalanishgani to‘g‘risidagi ma'lumotlarga aniqlik kiritilmagan. 3 yanvar kuni kechqurun G.Nuriddinova bilan statsionar davolanishda birga, bir xonada qo‘shni koykalarda davolangan qishloqdoshlari bilan holatga oydinlik kiritish maqsadida surishtiruv ishlari olib borilmagan.

Jinoyatni ochish o‘rniga, kimlarningdir manfaatiga qarab odam joni ham hech qanday rol o‘ynamasligi, dastlabki surishtiruv, odam hayotining uzilishi bilan bog‘liq bo‘lishiga qaramay yuzaki rasmiyatchilik uchun, chuqur o‘rganilmay jinoyat jazosiz qolishini ta'minlagani — har qanday odamda shubha uyg‘otishi tabiiy.

Shunchaki, 26 yildan buyon bolalarni o‘qitib kelgan «esipast» o‘qituvchi go‘yoki o‘zini o‘ldirish uchun suvi 30 sm bo‘lgan ariqqa tashlab, deyarli 7 km (dastlabki tergov hujjatlarida shu ham 4 km qilib ko‘rsatilgan) masofaga oqib borgani asosiy sabab qilib olingan. (Prokuratura xodimlari marhumaning qarindoshlarining so‘rovlariga asosan yoki o‘zlarining shaxsiy tashabbuslariga ko‘ra holatga oydinlik kiritish maqsadida o‘sha Ja'fari arig‘iga 30 sm chuqurlikdagi suvga maniken oqizib ko‘rib, o‘z tusmollarini isbotlashmagan ham). Birlamchi surishtiruv davomida shifokor S.X. marhumaning oyoq kiyimini Zarangari arig‘i bo‘yiga tashlab ketganini ko‘rgan cho‘pon yigitning ko‘rsatmalari prokuror tergovchisi tomonidan pisand qilinmay, inobatga olinmaganini qanday tushunish mumkin?

Yuqoridagilar — marhumaning qarindoshlari qalbidan otilib chiqqan so‘zlar edi.

«Kun.uz tahririyatiga murojaat yo‘llashimdan maqsadim ushbu ishni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘z nazoratiga olib, ishni xolisona o‘rganib, tugatib berishini so‘rash. Chunki buxorolik tergovchilarga mutlaqo ishonchim o‘lib bo‘lgan, — deydi marhumaning otasi Fazliddin Nuriddinov biz bilan suhbatni yakunlar ekan.

Kun.uz G‘ijduvonda ro‘y bergan mazkur voqea tafsilotlarini kuzatishda davom etadi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

Kun.uz muxbiri.

P/S: Bundan avvalroq ham saytda G‘ijduvon tumanidagi vaziyat yuzasidan «Buxoroda qilni qirq yoradigan, haqiqatparvar organ xodimi topiladimi?» sarlavhali material e'lon qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: