Bugun «Paxtakor» va OKMK OChL yo‘llanmasi uchun maydonga chiqadi

Sport 10:19 / 19.02.2019 18217

Bugun Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichining barcha ishtirokchilari ma'lum bo‘ladi. Har ikki mintaqadagi to‘rttadan juftlikda g‘olib chiqqan 8 jamoa musobaqaning asosiy bosqichiga yo‘llanma oladi.

OChL saralash pley-offi
G‘arb mintaqasi
20:00. An-Nasr (BAA) – Paxtakor (O‘zbekiston)
Bosh hakam: Riuji Sato (Yaponiya)
20:00. An-Nasr (Saudiya Arabistoni) – OKMK (O‘zbekiston)
Bosh hakam: Muhammad Taqi (Singapur)
20:00. Ar-Rayyan (Qatar) – Saypa (Eron)
20:00. Al-G‘arafa (Qatar) – Zobahan (Eron)

Sharq mintaqasi
12:30. Shandong Luneng (Xitoy) – Na Noi (Vetnam)
Bosh hakam: Valentin Kovalenko (O‘zbekiston)
15:00. Sanfrechche Hiroshima (Yaponiya) – Chiangrai Yunayted (Tailand)
15:00. Kashima Antlers (Yaponiya) – Nyukasl Jyets (Avstraliya)
15:30. Ulsan Hyundai (Janubiy Koreya) – Perak (Malayziya)

G‘arb mintaqasidagi to‘rtala o‘yin ham Toshkent vaqti bilan soat 20:00da boshlanadi. O‘zbekiston vitse-chempioni «Paxtakor» Dubayda, O‘zbekiston kubogi sohibi OKMK Ar-Riyodda bir xil - «An-Nasr» nomli klublarga qarshi maydonga tushadi.

BAAning «An-Nasr» jamoasi mamlakatning eng uzoq o‘tmishga ega futbol klubi sanaladi. Dubay shahri jamoasiga 1945 yilda asos solingan. Al-Maktum nomidagi stadionda uy o‘yinlarini o‘tkazadi. BAA chempionatida uch marta (oxirgi bor 1986 yilda) g‘olib chiqqan. OChLda uch marta ishtirok etib, eng so‘nggisi – 2016 yilgi mavsumda chorak finalga qadar yetib borgan.

«An-Nasr» ichki chempionatning hozirgi pallasida 15-turdan keyin 14 jamoa orasida 10-o‘rinni egallab turibdi. Klub oxirgi uchta o‘yinidan ikkitasida yutqazdi, bir o‘yinda durang qayd etdi. Jamoada ispaniyalik Benyat San Xose bosh murabbiy sifatida ishlamoqda. «Real», «Manchester Siti», «Valensiya» kabi klublarning sobiq hujumchisi Alvaro Negredo jamoa yetakchisi sanaladi.

Ma'lumot uchun, «sherlar»ning OChLda BAA klublariga qarshi o‘yinlarda qayd etgan natijalari statistikasi ijobiy: jami 16 o‘yindan 10tasida «Paxtakor»ning qo‘li baland kelgan, 3ta bahsda durang va yana 3 o‘yinda mag‘lubiyat qayd etilgan. To‘plar nisbati «Paxtakor» foydasiga – 26:14.

Safardagi 8ta bahsda ham «Paxtakor» ijobiy ko‘rsatkichlar qayd etgan: 5 g‘alaba, 2 durang va 1 mag‘lubiyat. To‘plar nisbati esa 10:6.

O‘zbekiston vitse-chempioni «An-Nasr» bilan birinchi marta to‘qnash kelmoqda. Bu klub O‘zbekiston jamoalaridan faqat «Lokomotiv» bilan o‘ynagan: 3ta o‘yinning birida dubayliklar zafar quchgan, 2 bor durang qayd etilgan.

OKMKning raqibi «An-Nasr» esa Saudiya Arabistonining eng sovrindor klublaridan biri sanaladi. Jamoa Saudiya Premer-ligasida 7 marotaba g‘olib chiqqan (oxirgi marta 2015 yilda). Ar-Riyod shahri jamoasi jahon miqyosida o‘ynagan Osiyoning birinchi klubi sanaladi – «An-Nasr» 1998 yilda Osiyo Kubok egalari kubogi va Osiyo Superkubogini qo‘lga kiritib, FIFA tomonidan birinchi marta tashkil etilgan Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etgan. OChLdagi eng yuqori natijasi 1995 yilga to‘g‘ri keladi. O‘sha yili jamoa finalga qadar yetib borgan.

Ayni paytda «An-Nasr» Saudiya Arabistoni chempionatida 20-turdan keyin ikkinchi o‘rinda bormoqda.

«An-Nasr» Chempionlar ligasining turli mavsumlarida «Paxtakor» bilan 2 ,«Bunyodkor» bilan 4 marta to‘qnash kelgan. E'tiborlisi, jamoa oltita o‘yinning hech birida O‘zbekiston klublariga mag‘lub bo‘lmagan – 3 g‘alaba va 3 durang. To‘plar nisbati ham arab klubi tomonda – 6:15. Demak, Mirjalol Qosimov jamoasi guruh bosqichiga chiqish uchun «Paxtakor» va «Bunyodkor» uddalay olmagan vazifani bajarishi talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan seshanba kuni «Paxtakor» va OKMK o‘z maydonlarida «Eyr Fors» (Iroq, 2:1) va «Istiqlol» (Tojikiston, 4:2) klublarini mag‘lubiyatga uchratishgandi.

OChL guruh bosqichi 4 mart kuni start oladi.

Ko‘proq yangiliklar: