Ular qanday tanishishgan? Tatyana Karimova Islom Karimov bilan ilk uchrashuvi haqida esladi

Jamiyat 19:11 / 19.02.2019 79440

Tatyana Karimova O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov bilan ilk uchrashuvi haqidagi xotiralarini e'lon qildi. Uning aytishicha, bo‘lg‘usi davlat rahbari va Tatyana Akbarovna ilk marta Islom Karimovning akasi Ibod G‘aniyevichning uyida tanishgan. 

«Islom Abdug‘aniyevich bilan 1970 yili Samarqandda, akasi Ibod G‘aniyevichning uyida tanishganmiz. Uning rafiqasi Xayriniso Sultonovna mening ammavachcham edi. Men Samarqandda muhandislik-texnologiya fakultetida tahsil olib, talabalar yotoqxonasida istiqomat qilar, darsdan keyin ularnikiga tez-tez mehmonga borib turar edim. Ibod G‘aniyevich oqko‘ngil, aqlli va odamshinavanda inson, boz ustiga, yaxshi suhbatdosh ham edi», – deya o‘sha kunlarni eslagan Tatyana Karimova.

Tatyana Akbarovna Islom Karimovni yangi yil arafasida uchratgan. 

«Uni menga Ibod G‘aniyevichning ukasi deb tanishtirishdi. Bu Islom Abdug‘aniyevich edi. Birinchi uchrashuvimizda deyarli gaplashmadik. Qizlik idrokimda nedir kuchli taassurot qoldirganini eslolmayman. Men uchun u paytda Islom Abdug‘aniyevich oq-qorani tanigan jiddiy bir odam, egachimning qaynisi edi.

Oradan bir necha oy o‘tib, fevral oylarida biz yana Toshkentda ko‘rishdik. Men Farg‘onaga ta'tilga ketayotgan edim. Quvasoydagi qarindoshlarni yo‘qlashga otlangan Xayriniso Sultonovna menga hamroh bo‘ldi. Islom Abdug‘aniyevich chipta olishda yordam berdi. Poytaxtda birrovga to‘xtab o‘tdik. Bu gal ham suhbatimiz uzoq davom etmadi», – deydi u.

Tatyana Karimovaning xotirlashicha, martning yettinchi kuni, ayni bayram arafasida, talabalar yotoqxonasiga uni so‘rab bir yigit kelganini xabar qilishgandi. 

«U kim ekani yetti uxlab tushimga ham kirmagani rost. O‘zimcha otam yo‘llagan (ehtimol biror narsa berib yuborgandir) yoki oilamiz, xonadonimizga daxldor birovdir-da deb o‘yladim. Chiqib ko‘rdimki, meni yo‘qlab kelgan odam Islom Abdug‘aniyevich ekan. Meni sayr va suhbatga taklif qildi. Biz ilk bor yolg‘iz o‘zimiz ko‘rishib turgan edik. Tabiat, ob-havo, o‘qish haqida suhbatlashdik. Odatiy suhbat.

Lekin sayr asnosida Islom Abdug‘aniyevich to‘xtab, hech kutilmaganda «Menga turmushga chiqasizmi?» deb so‘radi. Men, albatta, hayratdan qotib qolgan edim. Qanday izohlashni ham bilmayman, men shunday holga tushgan edim: aql vaziyatni hali to‘liq anglab, baholab bo‘lmasdan, qalb va yurak «ha» deya javob berib bo‘lgan edi. Ko‘ngil shubha-yu gumondan xoli kezlarda shunday bo‘ladi. Men bu insonning kuchi, samimiyati, jozibasi, qat'iyati va nedir bir ohanrabosini sezgan bo‘lsam kerak… Men «ha» deya javob berdim. Bari ana shunday kechgan edi. Bor-yo‘g‘i bir necha qisqa uchrashuv…», – deydi Tatyana Karimova.

Ko‘proq yangiliklar: