Badjo. Yosharish fasli

Sport 10:30 / 19.02.2019 11041

90-yillar futbolida o‘ta kuchli iqtidor egalari to‘p tepishgan. Maradona, Matteus, Romario, van Basten, Gullit, Shuker, Stoichkov, Vea, Kanu, Ronaldo... va dekada oxirlab borayotganda Zidan!

Ular ichida Roberto Badjo butkul boshqacha figura. U yuqoridagilardan nimasi bilan ajralib turishi borasida ko‘p va xo‘p yozilgan. Shu kunlarda 52 yoshga to‘lgan afsona haqida faqat badiiy film suratga olish qoldi, ochig‘i. Taxminim bo‘yicha u quyidagicha ssenariy ostida bo‘lsa, to‘g‘riroq chiqadi.

37 yoshida o‘rtamiyona «Breshia» tarkibida tinimsiz gol urayotgan va butun Italiyani hayratlantirayotgan Badjo siymosining katta plani...

Bu nigoh orqali uzunsoch dunyo ahlini rozi qilgani ma'lum bo‘ladi. U futbolda o‘ziga haykal o‘rnatib bo‘lganini tushuntirmoqda. U shunday nigohki, ko‘z o‘ngida skuadro adzurra libosi fonida butun hayoti lentaga tizilib o‘tib ketadi.

«300» degan katta yozuv namoyish etiladi «Breshia»-«Pyachensa» o‘yinida. Roberto 2002 yilning 16 dekabrida o‘zining yubiley – 300-golini raqib darvozasiga yo‘llayotgani ma'lum bo‘ladi hammaga.

Badjoni tanimaydigan muxlis darhol film qahramoni o‘ta katta shaxs ekanini payqaydi. Har holda, faoliyati davomida shuncha gol urgan odam oddiy inson bo‘lmaydi. Yig‘layotganini tushuna olmaydi faqat: «Ko‘z yoshlar sababi nima ekan?» deganida, film «yosharayotgan Badjo»ni o‘sha yilgi mundial ostonasiga yetaklab ketadi.

2002 yilning bahori. Osiyoda o‘tkazilgan jahon chempionati oldidan hammayoqda shov-shuv: «A Seriyani titratayotgan yulduz o‘z faoliyatida ilk marta mundialni o‘tkazib yubormoqda!» Iya, bu qanaqasi, deydi olomon. Italiya terma jamoasi Janubiy Koreya va Yaponiya zaminiga Badjosiz yo‘l olmoqda. Sababini murabbiy oddiy qilib: «Futbolchining yoshi va o‘ynayotgan jamoasi saviyasi» deb tushuntiradi. Badjoning fonida termani musobaqaga olib ketayotgan Tottining ojiz qiyofasi...

Bu turnir moviy gvardiyachilar uchun nechog‘liq og‘ir kelishini guruh o‘yinlari tasvirlari tushuntirgan bo‘ladi.

Filmni tomosha qilayotgan yosh muxlis baribir qahramonning asl darajasini belgilashda qiynaladi. Hay, 300ta gol urgan zo‘r o‘yinchidir, ammo qariyaligi rost-ku, 35 yoshda turnirga boradiganlar kam-ku, deb hayratini ichiga yashira olmayotgan bo‘ladi. Uning kimligi keyingi planlarda o‘z aksini topadi:

1998 yilgi jahon kubogi. Mundialdan oldin del Pero degan yosh yulduzning porlab chiqqani tufayli murabbiylar Badjoni olish kerakmi yo yo‘qmi, deb maslahat qilib o‘tirishgani tasviri ketadi.

– Olish kerak, «Bolonya»dek o‘rtamiyonani bir o‘zi yelkasida ko‘tarib yurgani yetmaganidek, yarim yildayoq avvalgi formasini tiklab olganini hamma ko‘rdi-ku, qanday qilib olmaymiz? – deb jingalak sochli murabbiy faktlarni yog‘dirib tashlaydi.

Boshlar egik – ilojsiz holda Badjo terma jamoaga taklif etiladi.

Musobaqaning har bir o‘yini, holati, qahramonimizning «tishsiz hujumchi» nomini olgan Aleks o‘rniga maydonga tushib, qandaydir yarim bo‘lim ichida o‘yin masalasini hal qilib tashlayotganini ko‘raverib film tomoshabini, bu insonning o‘ta mahoratli va mo‘jizaga undovchi yulduz ekanini asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, ilg‘ay boshlaydi.

Va nihoyat penaltilar seriyasidagi kadr. Pley-off. Italiya turnir mezboni Fransiya bilan durang o‘ynab, g‘olib masalasini «yovuz lotereya»da hal etmoqda.

Birinchi bo‘lib to‘pga Badjo yaqinlashadi. Penalti tepayotgan payti ko‘z o‘ngida bir tog‘ paydo bo‘ladi va unga tipratikanga o‘xshab oqib kelayotgan sonsiz penaltilar yog‘iladi. U ana shu tikanli maxluqotlarni ustidan qoqib tashlashga, ularning hujumidan chiqib ketishga urinaveradi... va oxiri chiqib ham ketadi. Bu paytda esa, butun stadion uni olqishlayotgan, tepgan to‘pi darvoza to‘ri ichida aylanib yurgan bo‘ladi.

Zarbasi golga aylanib, ortga qaytayotganida, ko‘zlari yoshlanadi. Dunyo ostun-ustun bo‘lib ketgandek tasavvur paydo bo‘ladi. Italiya terma jamoasi garchi seriyada yengilgan bo‘lsa-da, Badjo nigohidagi mamnuniyat sababini muxlis u qadar tushunmasa, davomidan keladigan tasvir hammasiga oydinlik kiritadi:

Filmning kulminatsion nuqtasi: Roberto Badjo AQSh-94da final kechasida penaltilar seriyasida ishtirok etmoqda. Ungacha italiyaliklar ikki noaniq zarba yo‘llab bo‘lishgan. Skuadro adzurraning oxirgi zarbasini amalga oshirish uchun qahramonimiz nuqtaga qarab ketmoqda. Borayotgan payti kadr sekinlashadi va xayolidan bir nimalar o‘ta boshlaydi:

Musobaqaga olinayotgan payti – uydagilari ishonch bildirayotgan lahzalar...

Guruh o‘yinlaridagi nursiz harakatlari...

Pley-offdagi yulduzli onlari...

Nigeriyani bir o‘zi qanday dog‘da qoldirgani...

Ispaniyani bir o‘zi yer tishlatgani...

Bolgariya deb atalmish yangi qahramonlarning ertagiga bir o‘zi nuqta qo‘ygani...

Finalgacha butun Italiya uning yelkasiga osilib chiqqani...

Zarba berilar ekan, hayotining har bir daqiqasi tezlashtirilgan kadrda o‘tib ketadi.

Noaniq zarba va uning atrofida Braziliya yigitlari chempionlikni nishonlamoqdalar...

Italiya terma jamoasi uyiga qaytadi. Hamma ayb bitta insonga yuklatiladi, matbuot ahli so‘nggi zarbani noaniq yo‘llagan qahramon haqida gapirardi faqat. Roberto Badjo ruhan singan, atrofida nimalar bo‘layotganini u qadar anglay olmasdi. Dahshatning o‘zginasi.

Filmni tomosha qilayotgan muxlisga yanada tushunarli bo‘lishi uchun penalti haqida gap boradi.

Badjodan jurnalist so‘ramoqda:

– Siz shu nuqtaga yaqinlashayotganingizda noaniq zarba yo‘llab qo‘ysangiz, nimalar bo‘lishini tasavvur qilganmidingiz?

Robi javob beradi: – Yo‘q, men gol uraman deb bordim, boshqa narsani o‘ylay olmasdim.

– Endi-chi?

Javob: – Nima o‘ylashni bilmayapman.

– Roberto, siz shu penaltidan boshqa yana qachon gol ura olmagandingiz?

Badjo: – Hech qachon. Bundan boshqa bo‘lganida buning qiymatidan yuqoriroq bo‘larmidi?

– Endi faoliyatingiz nima bo‘ladi?

Javob: – Bilmadim.

– Siz bu turnirga dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lib kelgandingiz, esingizda bormi?

Badjo: - Ha, hozir eng yomoniman...

1993 yil. Roberto Badjo «Yuventus» libosida gollarni qalashtirmoqda va oxiri «Oltin to‘p»ni boshi uzra ko‘tarmoqda.

1990 yil. Italiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida u ilk bora mundialda qatnashish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ko‘zlarida olov. Yosh Robining harakatlari dunyo ahlini shoshirib qo‘yadi. Italiya terma jamoasi yarim finalda Argentinaga qarshi o‘ynamoqda va Badjo maydonda Maradonaga qarshi munosib raqibligini namoyish etmoqda.

Penaltilar seriyasi. Badjo nuqtaga kulib yaqinlashmoqda. Zarba va gol!

Boyagi jurnalist (yoshroq ko‘rinishda) Badjodan intervyu olmoqda:

– Roberto, Italiya yutqazgan bo‘lsa-da, siz maydonda butkul zo‘r edingiz? Maradonadan cho‘chimadingizmi?

– Yo‘q.

– Penaltilar seriyasida ham boshqalarga qaraganda ishonchliroq edingiz. Buning sababi nima?

– Bilmasam, men penaltidan qo‘rqmayman.

– Keyingi mundialda Italiya qanday ishtirok etadi, deb o‘ylaysiz?

– Chempion bo‘ladi.

1990 yilning bahori. Roberto Badjo «Fiorentina»dan «Yuventus»ga rekord summaga – 25 milliard lira evaziga transfer bo‘lmoqda.

1985 yil. Florensiya ahli yosh iqtidor egasini qarshi olmoqda. Uzunsoch matbuot ahli bilan anjumanda. Savol-javoblar:

– Siz endigina 18 yoshga kirdingiz. Lekin o‘yiningizda katta yoshlilarning salobati bor. Bu qadar ishonch sizga qayerdan kelgan?

– Men to‘pni sevaman, shunga bo‘lsa kerak.

– Roberto, nega aynan Florensiya klubini tanladingiz?

– Bu shahar menga yoqadi.

– Ayni daqiqalarda sizni qiynayotgan muammo nima?

– Tizzamdagi jarohat.

– Qanaqa jarohat?

Hamma hayratlanadi. Matbuot anjumani yakunlanadi.

Oxirgi kadrda bugungi Badjoning qiyofasi va u nevaralariga hikoya qilib o‘tirgan holati.

Kichikroq bolasi so‘raydi:

– O‘sha jarohat og‘irmidi, bobo?

– Ha, men Florensiyaga kelishdan bir yil oldin muolajaga yotgandim. 17 yoshli yigit edim. Onam tepamda turgan. Juda og‘ir bo‘lgan menga. Futbolni tashlash maslahati ham berilgan. Lekin men oyoqqa turoldim va bir yildayoq yana maydonga qaytdim. Futbol og‘ir o‘yin, tizza jarohati esa, umrbod sizni ta'qib etishi mumkin, deyishdi, mening javobim bir xil edi: Ha, nima qilardim, chidayman-da... Chidadim!

Soch-saqoli oqargan Roberto o‘rnidan turmoqchi bo‘ladi. Tizza og‘rig‘idan zo‘r-bazo‘r qo‘zg‘aladi. Jajji bolakaylar unga yordam berishga tushadilar.

– O‘zim turaman, - deydi Badjo. Hamma uning o‘rnidan zo‘rg‘a turib olganiga qarab turadi.

Roberto bolalarga qarab hazillashadi:

– Men doim shunday turganman. Birov yordam bermagan.

Sekin xonadan chiqib ketar ekan, bolalarga qarab shunday deydi:

– Bir umr tizza og‘rig‘i bilan futbol o‘ynagan bo‘lsam-da, bu og‘riq menga lazzat berardi. Bu lazzatga bora-bora o‘rganib ham qoldim. Hozir ba'zi futbolchilarga qarab hayron qolaman: ikki oyog‘ing butun bo‘la turib, nega yugurmaysan, nega rohatlanib o‘ynamaysan, deb.

Qariya Badjo chiqib ketadi.

Tashqarida kichik futbol maydonchasi. Bolalarning eng kichigi yugurib borib darvozaga turib oladi. Roberto to‘pni penalti nuqtasiga qo‘yadi va bolakayga tikilib qarab qoladi.

– Men Taffarel bo‘laman, bobo. Siz Badjo bo‘lasiz. Teping-chi...

Mening tasavvurimdagi film shu. Oxirigacha ko‘rgan bo‘lsangiz, sizga ham ma'qul keldi, deb o‘ylayman. Balki Badjo siymosi haqida boshqacharoq – yunon eposlariga o‘xshash film olish kerakdir. Buyog‘ini kinoijodkorlarga qo‘yib beramiz. Bizning nigohimizdagi Roberto mana shunday bo‘lib qolaveradi. Salomat bo‘linglar!

Xayrulla Hamidov

Ko‘proq yangiliklar: