Amir Temur haqida film, daraxt va film kesuvchilar, tonna-tonnalik osh va o‘zbek madaniyati. Bugungi O‘zbekiston Zulfiqor Musoqov obektivida

Jamiyat 11:00 / 19.02.2019 27876

O‘zbekiston san'at arbobi, taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bugungi jamiyat, o‘zbek kinosan'ati va kinosanoati to‘g‘risidagi fikrlarini aytib o‘tdi.

Rejissyor daraxtlarning noqonuniy kesilishi haqida so‘zlarkan, shunday deydi: «Madaniyat tozalik va tartibdan boshlanadi. Ko‘chada yuz metrlar chamasi yurib, daraxt kesuvchilar bilan tortishib qoldim. To‘xtatdim. Ichki ishlar xodimlarini chaqirgunimcha qochib ketishdi. Iqlim o‘zgarib boryapti. Buning bari o‘z-o‘zidan sodir bo‘layotgani yo‘q. Ular hech narsadan qo‘rqmayapti. Shoxini kesishsa ham mayli, yuz yillik chinorlarni kesish, menimcha, bu musulmonchilikka ham to‘g‘ri kelmaydi. Bizda aytishadi-ku, «Daraxt ekkan savob ish qiladi» deb».

Zulfiqor Musoqov aholi orasida ommaviy madaniyatsizlikka aylanib ketayotgan tadbirlar to‘g‘risida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi: «Yaxshi niyat bilan qilinayotgan tadbirlar o‘zining teskari natijasini ko‘rsatyapti. Mana yaqqol misol, «Ginnes palovi» butun dunyoga sharmanda bo‘ldi. Internetda tarqalib ketdi-ku.

Men uyalib ketdim. Nahotki bir kosa oshga puling yo‘q. Ko‘rinib turibdi, og‘zi to‘la tilla tish erkaklar va ayollar tog‘ora ko‘tarib kelishgan. Tekin oshga».

Taniqli rejissyor so‘zlarida davom etarkan, o‘zbek kinematografiyasida vaqt sinovidan o‘tolmaydigan filmlar ko‘payib ketayotgani haqida tanqidiy fikrlarini bildirib o‘tdi.

Shundan so‘ng u Amir Temur to‘g‘risida film ishlash borasida bo‘lgan taklif haqida so‘zladi: «Ikki yil oldin gap chiqqandi. Og‘zaki bir taklif bo‘lgandi. Men esa javobimni aytgandim, Amir Temur haqida film yaratish uchun, birinchidan, Amir Temur haqidagi barcha ma'lumotlar va materiallarni yig‘ishim kerak. Buning uchun men Britaniya muzeyiga borishim kerak, u yerda original manbalarni o‘rganishim zarur. Amir Temur haqida katta-katta ilmiy ishlar qilgan olimlarimiz bor. Ular bilan muloqot qilishimiz kerak. Ular bilan fikrlashib, bir yildan keyin yangi ssenariy yozish kerak degan edim.

Mana, masalan, Komil Yormatov rejissyorligida olingan «Alisher Navoiy» filmiga 70 yil bo‘ldi. Hanuzgacha uni tomosha qilishadi, chunki filmda juda puxta ssenariy va puxta rejissura bo‘lgan».

Zulfiqor Musoqov televideniye «filtrlari»ga to‘xtalib o‘tarkan, uning «Vatan», «Bomba» kabi filmlari kesib berilgani haqida so‘zlaydi: «Nafaqat mening filmlarimni, balki boshqalarnikini ham kesishadi. Ikki-uch muharrir o‘tirib olgan. Men O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi direktori janob Xodjayevga ham kesib tashlashlar haqida aytdim. Rais va'da bergandi. Ularning davlat mulkini kesishga nima haqi bor?

O‘sha kesilgan joyining ichiga reklama qo‘shishadi. «Vatan» filmi ketyapti, o‘rtasiga reklama chiqib ketadi. Pul qilishadi».

O‘zbekiston san'at arbobi, taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov bilan suhbatning to‘liq talqinini Kun.uz ning YouTube va Mover’dagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Ko‘proq yangiliklar: