Ronaldo va Gvardiola «Kamp Nou»ga qaytdi, Kataloniya Madridni «sindirdi». La Ligada tur o‘yinlari

Sport 12:30 / 18.02.2019 31083

Ispaniya chempionatida 24-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Turnir peshqadami «Barselona» o‘z uyida «Valyadolid»ga qarshi o‘yinda qiyin g‘alabaga erishdi, «Real» esa Kataloniyaning boshqa bir jamoasi «Jirona»ga yutqazib qo‘yib, peshqadam bilan oradagi farqni 9 ochkoga yetkazib qo‘ydi.

«Barselona» - «Valyadolid» - 1:0 (1:0) 
Gol: Messi, 43 - penalti. 
Aniq ijro etilmagan penalti: Messi, 85 (darvozabon). 
«Barselona»: ter Shtegen, Serji Roberto, Pike, Fermalen, Jordi Alba, Vidal, Buskets, Alenya (Rakitich, 76), Messi, Dembele (Koutinyu, 70), Boateng (Suares, 60). 
«Valyadolid»: Masip, Fernandes, Kiko Olivas, Kalero, Antonito, Michel, Anuar, Verde (Vilya, 67. Plasa, 76), Nacho Martines, Gvardola, Enes Unal (Keko, 79). 
Ogohlantirishlar: Enes Unal, 11. Anuar, 34. Messi, 67. Michel, 70. 
Hakam: Martines Munuera.
16 fevral. Barselona. «Nou Kamp» stadioni.

Valverdeda yangi shartnoma
Juma kuni tongi «Barselona» uchun yaxshi yangilik bilan boshlandi - jamoa Ernesto Valverde bilan shartnomani 2020 yilga qadar uzaytiradi. Aslida mutaxassis bilan avvaliga «2+1» sxemasida shartnoma tuzilgandi va shartnomaning shu bandi amalga kiradigan bo‘ldi, lekin oxirgi vaqtlarda Valverdening kelajagi so‘roq ostida qolayotgandi, ko‘pchilik u mavsum yakunida jamoani tark etishini aytayotgandi va endi bu kabi gumonlarga o‘rin qolmadi. Endi uning o‘zi ham mavsumning hal qiluvchi pallasi kirib kelayotgan vaqtda faqat ish bilan band bo‘lishi mumkin.

Boatengning debyuti

Yangi haftada «Barselona» Chempionlar ligasining nimchorak final o‘yinlariga kirishadi. Kataloniyaliklarni «Lion»ga qarshi safar o‘yini kutmoqda, keyin esa «Sevilya» bilan safarda o‘yin bo‘ladi, undan keyin ikkita «klasiko» bahsi. Shu tufayli shanba kuni «Valyadolid»ga qarshi o‘yindagi tarkibni butunlay tajribaviy tarkib deyish mumkin edi. Valverde Langle, Koutino, Suares hamda Malkomni zaxirada qoldirdi, Fermalen, Alenya va Boateng asosiy tarkibdan o‘rin oldi (bu ganalik futbolchi uchun klubdagi ilk o‘yin bo‘ldi), shuningdek, jarohatdan tuzalgan Dembele safga qaytdi.

Tanish chehralarning qaytishi
«Valyadolid»ning Kataloniya poytaxtiga tashrifi ikki voqea bilan bog‘liq.

Birinchidan, «Kamp Nou»ga Ronaldo qaytdi. 1990-yillar o‘rtalarida «Barselona» safida to‘p surgan braziliyalik «So‘yloqtish» o‘tgan yil yozida 30 million yevro evaziga «Valyadolid» klubi aksiyalarining 51 foizini qo‘lga kiritdi hamda Primeroga qaytgan klub xo‘jayini hamda prezidentiga aylandi.

Ikkinchidan, Barselonadagi asosiy stadionga ko‘p vaqtlardan buyon ilk marta Gvardiola familiyali futbolchi chiqdi. «Valyadolid»ning Serxio ismli hujumchisi mahalliy muxlislar afsonasi bilan familiyadoshning klub bilan bog‘liq yana bir qiziq tarixi bor: 2015 yilda «Barselona» B u bilan shartnoma tuzgandi, uning taqdimot marosimi ham o‘tkazilgan, ammo tezda shartnoma bekor qilingan. Bunga yosh Gvardiola bir necha yil avval «Real»ga qarshi o‘yin vaqtida madridliklarni qo‘llab-quvvatlagani va kataloniyaliklarni qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlagani ma'lum bo‘lib qolgani sabab edi. Shu tariqa, Serxio Gvardiolaning ko‘k-anorranglilar safidagi sarguzashtlari atigi bir necha soat vaqt davom etgan.

Zerikarli o‘yin
Birinchi bo‘limda ikki jamoa ham ehtiyotkor o‘yin ko‘rsatishdi, «Barselona» futbolchilari mehmonlarning mudofaasini yorib o‘tishga erinchoqlik qilishardi, mezbonlar ahyon-ahyonda qarshi hujumlarga chiqish bilan kifoyalanishdi. Bu o‘yinda debyut qilgan Boateng esa umuman foydasiz bo‘ldi, Dembelega aniqlik va qat'iyat yetishmadi, hatto Messining ham paslari aniq chiqmadi, uning xato paslaridan biri tufayli ter Shtegen darvozasi oldida xavfli vaziyat ham sodir bo‘ldi.

Pike - eng yaxshi futbolchi
Birinchi bo‘limda mezbonlarning maydondagi eng yaxshi futbolchisi himoyachi Pike bo‘ldi, u tanaffus arafasida penalti ishladi va uni Messi aniq ijro etdi. Pike bundan tashqari, mezbonlarning hujumlarini muvaffaqiyat bilan qaytarib turdi, bir safar to‘pni «Valyadolid» hujumchisining oyoqlari ostidan olib qo‘ydi.

Masipning jasorati

Ikkinchi bo‘limda maydonga Suares va Koutino tushirildi - urugvaylik hujumchi 200 foizlik imkoniyatdan gol ura olmadi, Koutino esa «Barsa» uchun ikkinchi penaltini ishlab berdi, ammo bu imkoniyatdan Messi foydalana olmadi - ko‘k-anorranglilarning sobiq darvozaboni Jordi Masip to‘pni burchakdan olib chiqdi. Masip La Ligada Messi ijrosidagi penaltini qaytargan 9-darvozabon bo‘ldi. U o‘yinning oxirgi daqiqalarida ham Suaresni to‘xtatdi. 

«Valyadolid» «Barselona»ga bittadan ortiq gol urishga imkon bermadi, ko‘k-anorranglilar bunday o‘yin bilan muxlislarini xursand eta olishmagan bo‘lishsada, navbatdagi 3 ochko qo‘lga kiritildi.

Ramos antiqahramon, «Real»ning seriyasi to‘xtadi

«Real» - «Jirona» - 1:2 (1:0) 
Gollar: Kazemiro, 25 (1:0). Stuani, 65 - penalti (1:1). Portu, 75 (1:2).  
«Real»: Kurtua, Odriosola, Serxio Ramos, Varan, Marselu, Kroos, Kazemiru, Sebalos (Dias, 74), Vaskes (Vinisius Junior, 58), Benzema, Asensio (Beyl, 66). 
«Jirona»: Bunu, Xuanpe, Xonas Romalyu, Alkala, Porro (Losano, 46), Granel, Pere Pons (Aleyks Garsiya, 46), Duglas Luis, Portu (Fernandes, 84), Raul Garsiya, Stuani. 
Ogohlantirishlar: Losano, 48. Serxio Ramos, 64. Alkala, 86. Kazemiro, 88.  
Chetlatish: Serxio Ramos, 90.  
Hakam: Kuadra Fernandes.
17 fevral. Madrid. «Santyago Bernabeu» stadioni.

Soyadan chiqish
Nafaqat mavsum boshida, balki yil boshida ham «uxlab qolgan» «Real» soyadan chiqa boshladi. «Qaymoqranglilar» oxirgi 11 o‘yinda 9 g‘alabaga erishishdi, Ispaniya Kubogi yarimfinalida «Barselona»ga qarshi kechgan birinchi o‘yinda 1:1 hisobidagi durang qayd etilib, javob o‘yinidan avval yaxshi imkoniyat hosil qilindi, yagona mag‘lubiyat Ispaniya Kubogi chorak finalida «Leganes»dan qabul qilindi (0:1), ammo birinchi uchrashuvda 3:0 hisobida g‘alaba qozongan madridliklar keyingi bosqichga chiqishdi, chempionat doirasida «Atletiko»ga qarshi kechgan Madrid derbisida ishonchli g‘alabaga erishildi va bu g‘alaba evaziga Solari jamoasi ikkinchi o‘ringa ko‘tarilishdi. Qolaversa, bu orada YeChLning nimchorak finali doirasida «Ayaks»ga qarshi safar o‘yinida 2:1 hisobida g‘alaba qozongan madridliklar chorak final masalasini deyarli hal qilishdi. La Ligada shu tempni saqlab qolish uchun jamoa yakshanba kuni Madridda Kataloniyaning uchinchi klubi «Jirona»ni yengishi talab etilardi.

Rotatsiyalar
Santyago Solari Vinisius, Regilon hamda Karvaxalga dam berishga qaror qilib, Asensio, Marselo hamda Odriosolani o‘ynatdi. Turnirdagi o‘rinlar va oxirgi natijalardagi farqqa qaramasdan (kataloniyaliklar bu o‘yindan oldin turnir jadvalida 17-o‘rinda joylashgan, oxirgi 13 uchrashuvida biror marta g‘alaba qozona olmagandi), mehmonlar ilk daqiqalardan hujumga o‘tishdi va gol urishlariga bir baxya qoldi: Stuani o‘tkir burchakdan bergan zarbadan keyin to‘p Kurtuaning yuziga tegdi, darvozabonga tibbiy yordam ko‘rsatilishiga to‘g‘ri keldi.

Vaskesning vaziyati
Stuani yana zarba berdi - Kurtua yana qutqardi. Umuman, birinchi bo‘limda belgiyalik darvozabonga ish ko‘p bo‘lmadi, «Real» faol pressing uyushtirib, mehmonlarning hujumga oson chiqishiga yo‘l qo‘ymadi. Vaskes esa o‘ziga o‘zi juda ajoyib vaziyat yaratdi - u to‘pni ikki raqib orasidan olib o‘tib, zarba berish nuqtasiga chiqdi ammo darvozabonni alday olmadi.

Kazemironing goli
Birinchi bo‘limning ikkinchi qismida mezbonlar o‘yin nazoratini to‘liq qo‘lga olishdi - 25-daqiqada esa hujumning ikkinchi tempi gol bilan yakunlandi, Kroos to‘pni jarima maydonchasida turgan Kazemironing boshiga tashlab berdi va braziliyalik tayanch yarimhimoyachisi keyingi bir oy ichidagi uchinchi golini urdi - bungacha u «Sevilya»ga qarshi qiyin bahsda g‘alaba golini urgan (2:0), «Atletiko» bilan o‘yinda qaychi uslubida zarba berib hisobni ochgandi (3:1).

Tanaffus arafasida Kazemironing sa'y-harakatlari bilan tabloda 2:0 hisobi porlashi ham mumkin edi, uning a'lo darajadagi pasidan keyin vatandoshi Marselo to‘pni darvozaga yo‘lladi, ammo videotakror bu safar «Real» zarariga ishladi - ofsayd holati qayd etildi.

Stuanining javobi
Ikkinchi bo‘lim boshida Benzema bir necha vaziyatlarni ko‘kka sovurdi, u raqib darvozaboni bilan birga-bir vaziyatga chiqib borib, aniq zarba yo‘llay olmadi.

«Jirona» esa hujumga o‘ta boshladi va Kurtua darvozasi oldida xavfli vaziyatlar yuzaga keldi. Shunday vaziyatlardan birida Ramosning qo‘li to‘p yo‘lidan chiqdi va hakam hech ikkilanmasdan 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Stuani esa zarba berishda adashmadi - 1:1.

Portuning g‘alaba goli
Mehmonlar shu bilan kifoyalanishmadi. Portu avvaliga darvoza ustunini nishonga oldi, bir necha daqiqa o‘tib kataloncha gol urdi va bu gol g‘alaba goliga aylandi.

«Real» qolgan daqiqalarda to‘liq kuch bilan hujumga o‘tdi, jironaliklar maydonning ikkinchi qismidan o‘ta olishmadi, Beyl hisobni tenglashtirishga yaqin keldi, Marselo uzoqdan kuchli va aniq zarba berdi, ammo to‘p darvozaga kirmadi. Ramos o‘yin oxirida gol urishi mumkin edi, ammo u chalqancha uslubda zarba berayotib, raqibning gavdasiga tepib yubordi va ikkinchi sariq kartochkani olib, maydonni tark etdi (unga birinchi sariq kartochka penalti belgilangan vaziyatda ko‘rsatilgandi).

Bu qizil kartochka himoyachi uchun «Real» safida Ispaniya chempionati o‘yinlarida olingan 20-qizil kartochka bo‘ldi va u bu borada rekord o‘rnatdi («Real» bilan barcha turnirlar doirasida olingan qizil kartochkalar soni 25taga teng). Ramos endi keyingi turda «Levante»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi, ammo undan keyingi muhim o‘yinlarda ishtirok etishi mumkin. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Kurtua gol urishiga bir baxya qoldi. «Real»ning 5 uchrashuv davom etgan g‘alabali seriyasi kutilmagan vaqtda to‘xtadi. «Real» yana uchinchi o‘ringa qaytdi va endi «Barselona» bilan oradagi farq 9 ochkoga yetdi, ikkinchi o‘rindagi «Atletiko» qo‘shnilarini 2 ochkoga ortda qoldirmoqda. «Jirona» bu mavsumda «Kamp Nou»da ham, «Bernabeu»da ham ochko ololgan yagona jamoa. Kuzda katalonlar «Barselona»ga qarshi safar derbisida durang o‘ynagandi (2:2).

Turnir to‘purarlari

Turnir jadvalidagi holat

Ko‘proq yangiliklar: