Polsha Al-Qudsdagi tadbirda ishtirok etishdan bosh tortganidan keyin Isroildagi sammit bekor qilindi

Jahon 20:50 / 18.02.2019 6185

Polsha Al-Qudsda bo‘lib o‘tadigan Vishegrad guruhi mamlakatlari (Vengriya, Polsha, Slovakiya, Chexiya) yetakchilarining uchrashuvida ishtirok etishdan voz kechdi, Isroil TIV rahbari Isroil Katsning polshaliklar antisemitizmiga oid bayonoti bunga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng Isroil hukumat rahbari ishtirokidagi besh tomonlama sammit qator ikki tomonlama uchrashuvlarga almashtirildi. 

Sammitda ishtirok etishdan voz kechishga oid qaror haqida Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy ma'lum qildi. 

“Isroilda rejalashtirilgan uchrashuvda Polsha delegatsiyasi qatnashmasligiga oid qaror qabul qildim, Polsha tashqi ishlar vaziri Yatsek Chaputovich ham tadbirga bormaydi, - deydi Moravetskiy. – Kats (Isroil tashqi ishlar vaziri)ning so‘zlari mutlaqo mantiqqa to‘g‘ri kelmasligi shunday qaror qabul qilishimga sabab bo‘ldi”. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Polshaning Vishgrad guruhi bo‘yicha sheriklari Varshavaning qaroridan xabardor. “Ular bizning xatti-harakatlarimizni to‘liq tushunishadi”, - dedi Moravetskiy. 

Vishgrad guruhi siyosatchilarining uchrashuvi 19 fevralda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. To‘rt davlat bosh vazirlari va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ishtirokidagi sammit Al-Qudsda bo‘lib o‘tishi kerak edi. 

Biroq Varshava voz kechganidan so‘ng Chexiya bosh vaziri Arey Babish guruh sammiti bo‘lmasligini ma'lum qildi. Uning o‘rniga Al-Qudsda Chexiya, Slovakiya va Vengriya bosh vazirlari ishtirokida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkaziladi. 

The Jerusalem Post gazetasi Isroil bosh vazirining so‘zlarini noto‘g‘ri yetkazganidan so‘ng Polsha va Isroil o‘rtasida diplomatik mojaro yuzaga keldi. Netanyaxu jurnalistlarning Ikkinchi jahon urushi vaqtida polshaliklarning natsistlar jinoyatiga aloqadorligi to‘g‘risidagi savolga javob berayotgan bo‘lgan. 

Gazeta go‘yoki Netanyaxuning “xolokostga butun Polsha xalqi aloqador” degan javobini keltirgan, biroq keyinroq uning matbuot xizmati gap Polshaning natsistlar bilan hamkorlik qilgan alohida fuqarolari haqida borayotganini aytib, aniqlik kiritgan.

Ko‘proq yangiliklar: