O‘zbekistonda yoshlar ish qidirmay qo‘ygan, chunki ular ish topolmasligiga ishonadi - hisobot

O‘zbekiston 14:57 / 18.02.2019 32363

Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi tayyorlagan hisobotda O‘zbekiston muayyan sohalar, xususan bandlik, tadbirkorlik, eksport va energosamaradorlik kabi yo‘nalishlarni rivojlantirishi lozimligi aytilgan. 

«2016 yil ma'lumotiga ko‘ra, mehnatga layoqatli kishilar soni O‘zbekistonda 23 million nafar fuqaroni tashkil etadi. Bu umumiy aholining 72 foizi degani. Ularning 62 foizi (taxminan 13 million) ish bilan band. Agar joriy tendensiya saqlanib qolsa, 2030 yilga borib, mehnatga layoqatli kishilar soni yana 4 millionga ko‘payishi mumkin. O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida bu ko‘rsatkich bilan beshinchi eng katta davlatga aylanadi. 

Ammo bir qancha omillarni ham inobatga olish zarur: mehnatga layoqatli ko‘p kishi faol emas, ish bilan band emas yoki xorijda ishlaydi. Ayniqsa, 20-24 yoshdagi har 10 kishining biri faol ravishda ish qidirmaydi, chunki u ish topolmasligiga amin», — deyiladi hisobotda. 

Ma'lum qilinishicha, aholining katta qismi qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohasida band, rasmiy sektorda esa davlat korxonalari yaqqol ko‘zga tashlanadi. 

 «Har besh kishining to‘rt nafari qishloq xo‘jaligi sohasi yoki kichik xizmat ko‘rsatish ishi bilan band. Mos ravishda bu sohalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi ham shunchani tashkil etadi. Davlat korxonalarida esa band bo‘lgan xodimlar umumiy ishchilarning 1/3 qismini tashkil etadi. O‘zbekistonda hanuzgacha samaradorligi kam bo‘lgan yirik davlat korxonalari va qo‘shimcha yollanma kuch ko‘magisiz (jamidan 70 foizi shunday - tahr.) ish olib borayotgan kichik firmalar faolligi seziladi», — deya ta'kidlangan hujjatda.

Ko‘proq yangiliklar: