O‘zbekistonda ayollar onkologik kasalligining oldi olinadi

Jamiyat 22:54 / 18.02.2019 11703

O‘zbekistonda ayollarda uchraydigan bachadon bo‘yni saratonining oldini olishga yo‘naltirilgan Odam papillomasi virusiga qarshi vaksina joriy qilinmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, vazirlikda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YUNISEF va YuNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbir davomida shu haqida ma'lum qilingan. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma'lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo miqyosida 370 mingdan ziyod ayolda bachadon bo‘yni saratoni birinchi bor qayd etiladi, shulardan 190 ming nafari ushbu kasallik oqibatida vafot etadi. 

Bachadon bo‘yni saratoni O‘zbekistonda eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklari orasida ikkinchi o‘rindadir. Kasalliklar orasida xavflilik ko‘rsatkichi bo‘yicha esa bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon saratoni xastaliklaridan keyin uchinchi o‘rinda va tug‘ish yoshidagi ayollar orasida bachadon bo‘yni saratonidan o‘lim ko‘rsatkichi ikkinchi o‘rinda turadi. 

Shunday qilib, papilloma virusi kasalliklarining salmog‘i yuqori bo‘lib, uning oldini olish uchun samaradorligi yuqori va xavfsiz bo‘lgan odam papillomasi virusi vaksinasi bilan emlash orqali bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallanishning kamayishiga erishish mumkin.

"2006 yildan boshlab qizlar dunyo miqyosida OPVga qarshi vaksina bilan emlanadi, — dedi JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mas'ul xodimi Kamola Safayeva. — Yuzdan ortiq mamlakat undan foydalanish uchun ruxsat olgan, ulardan 74 tasi vaksinani o‘zining milliy emlash kalendariga kiritgan. Ko‘p yillik o‘rganishlar vaksinaning samarasi 10 yildan ortiq ekanini ko‘rsatmoqda. Ko‘pchilikni vaksina qizlarning reproduktiv faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydimi, degan savol qiziqtirishi tabiiy. Jahonda o‘tkazilgan tajribalardan ma'lum bo‘lishicha, ushbu vaksina qizlarni nafaqat bachadon bo‘yni saratonidan himoyalaydi, balki ularning sog‘lig‘ini yanada mustahkamlaydi".

"Milliy emlash kalendari bo‘yicha yurtimizda bolalar davlat hisobidan 12 ta boshqariladigan infeksiyaga qarshi profilaktik emlanadi, ularni qo‘llash evaziga ko‘p yillardan buyon qator kasalliklarning oldi olinyapti, — dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilorom Tursunova. — OPVga qarshi vaksinaning joriy qilinishi esa bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olishga xizmat qiladi. Joylarda Global vaksina va immunizatsiya alyansi yordamida qurilayotgan muzlatgichli omborlarda vaksinalar sifatli saqlanadi va tarqatiladi. Vaksinalar joriy yilning birinchi yarmida yurtimizga olib kelina boshlaydi va oktabr oyidan boshlab 400 ming nafarga yaqin 9 yoshli qizlar maktablarda va tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inlarida emlanadi".

Ko‘proq yangiliklar: