O‘zbekiston Superligasida yangi mavsum qachondan boshlanishi ma'lum, unda nechta klub qatnashishi noma'lum

Sport 14:23 / 18.02.2019 8250

O‘zbekiston Superligasining 2019 yilgi mavsumi uchun qur'a tashlash marosimi 25 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Chempionat 8 martdan start oladi. Bu haqda PFL rasmiy saytida ma'lum qilindi.

Qayd etilishicha, qur'aga qadar PFL komissiyasi 19 fevraldan boshlab futbol klublarini yakuniy tekshiruvdan o‘tkazadi hamda hafta yakunida Superligada to‘p suradigan klublar nomiga oydinlik kiritib oladi. 

«Rejaga ko‘ra, Superliganing 2019 yilgi mavsumi martning ilk kunidan start olishi kerak edi. Biroq futbol klublari litsenziyalash talablarini yakunlab ulgurmadi. Superligada klub soni 10 ta qoldirilishi mumkinligi borasida avval ham xabar berilgan bo‘lsa-da, bu holatdan ayrim jamoalar to‘g‘ri xulosa chiqarmagan», – deyiladi xabarda.

Belgilanishicha, mart oyidagi FIFA kunlari, shuningdek, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining Tokio-2020 yo‘lidagi saralash uchrashuvlari tufayli klublar 29 martdan boshlab 2-tur uchrashuvlarini o‘tkazadi. Bunga qadar sara futbolchilar milliy va olimpiya terma jamoalari ixtiyorida bo‘ladi.

FIFA kunlari davom etayotgan bir vaqtda PFL kubogi bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur kubokda g‘olib chiqqan jamoaga «A» Pro-ligasi uchun imtiyozli yo‘llanma taqdim etish rejalashtirilgan.

«PFL 2019 yilgi mavsum format qanday bo‘lishini 12 ta klubga moslab tuzib chiqqandi. Ammo yuqorida ko‘rsatilgan muddatlarga qadar klublar ishlarini yakunlab ulgurishmasa, ular avtomatik ravishda bitta quyi ligaga tushiriladi. Jamoaning xalqaro maydonda ishtirok etishi yoki sovrinli o‘rinlar uchun kurashish qudratiga ega ekaniga emas, litsenziyalash talablarining bajarilishiga birinchi galda e'tibor qaratiladi», – deya ta'kidlangan PFL xabarida.

Ma'lum qilinishicha, fevral oyining so‘nggi kunida PFL vakillari OFK komissiyasi bilan uchrashish uchun Kuala-Lumpurga yo‘l oladi. Bunda litsenziyalash talablari, ulardagi barcha jihatlar OFK vakillari bilan muhokama qilinadi.

«Aynan 2019 yildan boshlab O‘FA klublarga qo‘yilayotgan talablarni oshirgan bo‘lib, bunda tashkilot Yaponiya tanlab olgan yo‘ldan yurishga qaror qilgan. Ya'ni, milliy litsenziyalash talablariga javob bera oladigan klublar OFK Lisenziyalash komissiyasi talablariga hech bir qiyinchiliksiz mos kelishi shart», – deyiladi liga matbuot xizmati ma'lumotida.

Xabar qilinishicha, shu yilning 1 may kuniga qadar esa barcha futbol klublariga 2020 yilgi mavsum talablari aks etgan reglament rasman taqdim etiladi. Klublar yil davomida shuning ustida ishlashi kerak bo‘ladi. 31 oktabr kuni esa PFL litsenziyalash jarayonini yakunlaydi.

«Mazkur muddatdan bir kun kech qolgan jamoalarning arizasi qabul qilinmaydi. Ya'ni 2020 yil uchun qadam noyabr oyi boshlanmay turiboq qo‘yiladi», – deya ogohlantirgan PFL.

Qayd etilishicha, tashkilot hozirga qadar eski reglamentni tartibga keltirgan, futbolchi va murabbiylar uchun umumiy shartnomalarni ishlab chiqqan. Ayni vaqtda PFL bosh liga homiylari, shuningdek, bir qator sug‘urta kompaniyalari, translatsiya masalalari yuzasidan manfaatli kelishuvlar bo‘yicha ish olib bormoqda.

Professional futbol ligasi qur'a va chempionat starti kabi marosimlar sanasi ochiqlanishi biroz kechikkani uchun futbol muxlislaridan uzr so‘ragan. Shuningdek, davlat korxonalari berayotgan tayyor pulga jamoa tuzayotgan klub rahbarlarini o‘z ishiga mas'uliyat bilan yondoshishga chaqirgan.

Ko‘proq yangiliklar: