Kadastr idoralarida tovlamachilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun blokcheyndan foydalanilmoqda

O‘zbekiston 18:18 / 18.02.2019 10356

Davlat kadastr idoralarida tovlamachilikka yo‘l qo‘ymaslik, ko‘chmas mulk bilan ishlaydigan xizmatchilar va mulk egalarining hisob yozuvlariga noqonuniy o‘zgartirishlar kiritishlariga imkon qoldirmaslik maqsadida blokcheyn texnologiyasidan foydalanilmoqda, deb xabar bermoqda Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati. 

15 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda BMT taraqqiyot dasturining Innovatsiya va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish va attestatlarni tekshirish bo‘yicha xizmatlar transformatsiyasi misolida davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasiga blokcheyn texnologiyasini joriy etish imkoniyatlari borasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda BMT Taraqqiyot dasturining «Davlat boshqaruvini samarali rivojlantirish va raqamli transformatsiyaga ko‘maklashish» loyihasining milliy konsultanti Bunyod Hoshimxo‘jayev davlat sektorida korrupsiyani bartaraf etishda blokcheynlarning ahamiyati haqida gapirib o‘tdi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati

Bosh prokuratura ma'lumotiga ko‘ra, , 2018 yilda 1561 nafar turli toifadagi mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. 

Davra suhbatida mansabdor shaxslarning korrupsiya bilan shug‘ullanishlariga imkoniyat tug‘dirmaydigan tizim yaratilishi lozimligi alohida qayd etildi. Davlat xizmatlarini takomillashtirish, davlat muassasalarining shaffofligi va hisobdorligini ta'minlash maqsadida davlat tranzaksiyalariga blokcheyn tizimini integratsiya qilishni davom ettirish lozimligiga e'tibor qaratilayotgani aytildi.

Ma'lumot uchun, blokcheyn — aniq qoidalar asosida to‘xtovsiz va ketma-ketlikda tuzilgan, ma'lumot tashuvchi bloklar zanjiri. Odatda bloklar zanjiri bir-biridan mustaqil kompyuterlarda saqlanadigan nusxalar bilan bog‘lanadi.

Ko‘proq yangiliklar: