Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy resurslar zaxiralari yaratiladi

O‘zbekiston 12:09 / 18.02.2019 4139

Vazirlar Mahkamasining “Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish, ulardan foydalanish va ularni qayta tiklash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish, ulardan foydalanish va ularni qayta tiklash tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan, ularni favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda shoshilinch ravishda jalb etish maqsadida yaratiladi.

Favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun quyidagi turdagi moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari yaratiladi:

idoraviy moddiy resurslar zaxiralari - O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hamda vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan respublika favqulodda vaziyatlarini bartaraf etish va 500 dan ortiq odamning hayot faoliyatini ta'minlash uchun;

mahalliy moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari - eng kam oylik ish haqining kamida 1,0 ming barobaridan ko‘pi bilan 5,0 ming barobarigacha bo‘lgan miqdorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi budjeti, tegishli ravishda viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining mahalliy budjetlari hisobidan mahalliy favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va 100 dan kam bo‘lmagan va lekin 500 dan ortiq bo‘lmagan odamlarning hayot faoliyatini ta'minlash uchun;

obektning moddiy resurslar zaxiralari - O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda budjet, budjetdan tashqari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan, boshqa tashkilotlarda esa o‘z mablag‘lari hisobidan lokal favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va 100 kishidan ortiq bo‘lmagan odamlarning hayot faoliyatini ta'minlash uchun.

Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moddiy resurslar zaxiralarini yaratadigan vazirliklar va idoralar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan ularning Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularda harakat qilish davlat tizimida bajaradigan funksiyalarini hisobga olgan holda belgilanadi.

Obektlarning moddiy resurslar zaxiralari fuqaro muhofazasi bo‘yicha toifaga ega bo‘lgan hamda xavfli ishlab chiqarish obektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda majburiy tarzda, boshqa tashkilotlarda esa sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar xavfi va manbalarini hisobga olgan holda ushbu tashkilotlarning rahbarlari ixtiyoriga ko‘ra yaratiladi.

Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moddiy resurslar zaxiralarining nomenklaturasi va hajmi, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning prognozi, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish rejalari, shuningdek, hududning tabiiy, iqtisodiy va boshqa o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib zaxirani yaratuvchi organlar tomonidan ishlab chiqiladi va quyidagilar bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi:

Idoralar uchun - O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi bilan;

mahalliy va obektlar uchun - O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmalari bilan.

Oziq-ovqat mahsulotlarining zaxiralari faqat mahalliy moddiy resurslar zaxirasi tarkibida yaratiladi.

Davlat moddiy zaxirasini shakllantirish vazifasi yuklangan tashkilotlar tomonidan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moddiy resurslar zaxiralarining nomenklaturasini ishlab chiqishda, takrorlanishning oldini olish maqsadida, ularga topshiriqda belgilangan moddiy boyliklarni kiritmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: