Farg‘onada “O‘zbekenergo” AJ tizimidagi barcha viloyatlar vakillariga dolzarb mavzuda o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi

Jamiyat 12:13 / 18.02.2019 2368

“O‘zbekenergo” aksionerlik jamiyati yuridik va jismoniy shaxslardan tushayotgan murojaatlarga mas'uliyat bilan qarash va ularni tahlil qilib, ijobiy yakun topishiga erishishga katta e'tibor qaratib kelmoqda.  

2019 yil 16 fevral kuni “O‘zbekenergo” aksionerlik jamiyati boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyevning tashabbusi bilan Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasida,  “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib borishni to‘g‘ri yo‘nalishga qo‘yish” mavzusida o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

 Tadbirda “O‘zbekenergo”AJ tizimi tashkilotlarining ish yuritish, ijro intizomi hamda yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari bilan  ishlayotgan  mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Bugungi kunda “O‘zbekenergo” AJ tizim korxonalarida O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 1 sentyabrdagi O‘RQ-445-sonli Qonuniga asosan tizimli ishlar amalga oshiilmoqda.

“O‘zbekenergo” AJ va uning tasarrufidagi korxona va tashkilotlarida 2018 yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar umumiy soni 37844 tani tashkil qiladi. Shulardan 22218 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlardir. Ushbu murojaatlarda ko‘rsatilgan asosiy masalalar elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar va elektr energiya uzatish tarmoqlarining transformator punktlarini yangilash, ta'mirlash muammolarini hal qilish to‘g‘risida.

O‘tgan 2018 yil tahlillariga ko‘ra Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqilishi tizimli yo‘lga qo‘yilganligi, murojaatlarning ijro intizomiga rioya etgan holda muddatida sifatli ijrosi ta'minlanganligi bois ushbu o‘quv-amaliy seminar ilk marotaba Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tdi.

Kelib tushgan ushbu murojaatlarning 69 foizi qanoatlantirilgan, 39 foizi ijobiy yechimini topgan, 36 foizi esa huquqiy maslahat va ma'lumot berish orqali hal qilingan. Ko‘rsatkichlar shuni ko‘rsatadiki murojaatlarning 31 foizi umumiy tushuntirishlar berilishi orqali ko‘rib chiqilgan.

Tadbir davomida ish yuritishdagi, ijro intizomidagi hamda yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari bilan ishlashdagi yo‘l qo‘yilayotgan ayrim kamchiliklar hamda ijro intizomiga mas'ul bo‘lgan mutaxassislar huquqiy-me'yoriy hujjat turlarini talab darajasida bilmasligi tanqidiy-tahliliy nuqtai nazardan ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga kelib tushayotgan murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarning qanoatlantirish darajasini oshirish hamda murojaatlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar berildi

Seminar yakunida ish yuritish, ijro intizomi hamda yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.

Elmurod Ermatov, Farg‘ona

KUN.UZ muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: