AQSh Misrga qadimiy oltin yodgorlikni qaytardi

Jahon 09:06 / 18.02.2019 10186

Misrga mamlakatdan olib chiqilgan va Nyu-Yorkdagi Metropoliten-muzeyda namoyishga qo‘yilgan, qadimgi misrlik qohinning oltin suvi yugurtirilgan tobuti qaytarildi. Bu haqda Misrning qadimiyliklar ishlari bo‘yicha vazirligi ma'lum qildi.

Najamanx ismli qohinning yog‘och tobuti yarim asr avval Misrdan noqonuniy tarzda olib chiqilgan, so‘ngra uni vositachilar orqali 1971 yilda Metropoliten-muzey sotib olgan.

Tobut oltin suvi va Qadimgi Misr yozuvlari bilan qoplangan. Mutaxassislarning aytishicha, tobutdagi matn o‘zidan qohinni himoya qiluvchi o‘ziga xos tumorni aks ettiradi. 

Manxetten prokuraturasi ko‘p yil avval amalga oshirilgan bitimning barcha tafsilotlarini 1,5 yildan ko‘proq tergov qilgan. Uning davomida Misr ushbu arxeologik yodgorlikka egalik huquqini hamda vositachi-antikvarda mamlakatdan eksponatlarni olib chiqish huquqiga soxta litsenziya bo‘lganini tasdiqlay olgan.

Natijada Nyu-York sud idoralari yodgorlik uning qonuniy egasi – Misrga qaytarilishi kerakligi haqida qaror chiqargan. Tobut Misrga qaytarilgach, Qohira markazidagi Tahrir maydonida joylashgan milliy muzeyda ma'lum vaqtga namoyishga qo‘yiladi, so‘ngra Katta Misr muzeyidagi doimiy ekspozitsiyada o‘zining qonuniy o‘rnini egallaydi.

Ko‘proq yangiliklar: