O‘zbekistonda havo transportining rivojlanishi barcha sohadan ko‘ra ham sekin amalga oshmoqda

O‘zbekiston 19:19 / 18.02.2019 7258

Jahon Banki guruhi va Xalqaro moliya korporatsiyasi mutaxassislari tomonidan e'lon qilingan «O‘zbekistonda bozorlarni tashkil etish. Barqarorlikdan raqobatbardoshlikka qadar» nomli hisobotida ma'lum qilinishicha, 2017 yili havo transporti orqali O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2,8 million kishini tashkil etadi. 

«O‘zbekiston yer maydoni bo‘yicha katta double-landlocked (dengizga chiqish uchun ikki mamlakat chegarasidan o‘tish lozim - tahr.) yagona mamlakat hisoblanadi. Sayyoh va biznes maqsadida mamlakatga tashrif buyuradigan xorijliklar yer transportidan foydalanmaydi, shuningdek, tez ayniydigan va qimmatbaho yuklar, O‘zbekiston ishlab chiqarilgan ko‘plab tovarlarni tashish ham ishonchli va raqobatbardosh havo transporti hamda logistika tuzilmasini talab etadi», — deyiladi hujjatda. 

Ammo O‘zbekistonning boy madaniy tarixi, makon va joylashuviga nisbatan mamlakatga ancha kam sayyoh kelmoqda. Masalan, 3,5 million kishi yashaydigan Gruziyaga ham 3 million atrofida  sayyoh havo yo‘llari orqali tashrif buyuradi. Yaqin Sharqda joylashgan, 10 milliondan kam aholiga ega Iordaniya esa har yili 10 millionga yaqin sayyohni havo yo‘llari orqali kutib oladi. 

«O‘zbekistonda havo transportining rivojlanishi barcha sohadan ko‘ra ham sekin amalga oshmoqda. 2010 yildan buyon bu soha yiliga 2 foizdan rivojlandi. Mintaqadagi qo‘shni mamlakatlar — Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich yillik 16 foiz, Qozog‘istonda har yili 10 foizni tashkil etadi», — deyiladi  «O‘zbekistonda bozorlarni tashkil etish. Barqarorlikdan raqobatbardoshlikka qadar» nomli hisobotda. 

Ma'lum qilinishicha, xorijiy fuqarolar uchun viza rejimini erkinlashtirish kerakli qadam bo‘ldi, ammo yetarli emas. Negaki, O‘zbekistonga parvoz qilish ham yo‘lovchi, ham aviakompaniya uchun qimmatga tushadi. 

«Toshkent xalqaro aeroporti xorijiy aviakompaniyalarga xizmat ko‘rsatish va yo‘lovchi boj narxlari bo‘yicha dunyodagi eng qimmat aeroportlardan biri hisoblanadi. Milliy aviatashuvchi esa imtiyozlardan foydalanadi» , — deya ta'kidlanadi unda.

Ko‘proq yangiliklar: