Restoranlarga sotilgan kinoteatrlar, ijtimoiy tengsizlik va maddoh ijodkorlar. Bugungi O‘zbekiston Zulfiqor Musoqov obektivida

Jamiyat 14:28 / 17.02.2019 57750

O‘zbekiston san'at arbobi, taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bugungi jamiyat, o‘zbek kinosan'ati va kinosanoati to‘g‘risidagi fikrlarini aytib o‘tdi.

Zulfiqor Musoqov

Rejissyor 2017 yil 3 avgustida prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston ijodkor ziyolilari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvga uni chaqirishmagani to‘g‘risida so‘zlaydi: «Prezidentimiz bilan ijodkorlar uchrashuvi bo‘lgandi. Meni aytishmagan. Bilishardiki, men shartta turib prezidentimizga o‘zimni tashvishlantirayotgan savollarni berardim. Maddohlik qilmasdim. Unaqa odatim yo‘q. Umuman biror marta rahbariyatga dardimizni yetkazish... Umrim «O‘zbekfilm»da o‘tdi.

Lekin bularning bari kim tomonidan qilinayotganini bilaman. Qo‘ldan kelganicha yaqinlashtirmaslik yoki bir narsa deb yubormasin, sirimizni ochib tashlamasin deb qo‘rqishadi, chunki qo‘limdan maddohlik kelmaydi».

Suhbat davomida Zulfiqor Musoqov respublika tuman va qishloqlarida kinoteatrlar qolmaganini afsus bilan tilga oldi: «O‘zbekistondagi kinoteatrlarning yarmi vayronaga aylantirilgan. Yarmi har xil restoranlarga sotib yuborilgan. 32 million odam aholi borligi holda kinoteatrlar soni juda kam. Masalan, men ko‘p davlatlarda bo‘lganman. Alohida hasham bilan jihozlanmagan, mayli katta bo‘lmasin, kichkina-kichkina, chiroyli teatrlar ko‘p. Shaharchalarda 10-12ta kinoteatr bor. Bizda esa poytaxtning o‘zida kinoteatr yetishmaydi-ku? Qishloqlarda, tuman markazlarida kinoteatrlar yo‘q.

Prezidentimizning o‘zi: «Kino sohasi yoshlarimizni tarbiyalashda Mudofaa vazirligi bilan teng. Xalqning ongini, didini pastga tushirib, zaharlaydigan filmlar bo‘lmaydi» degandi. Afsuski, oradan deyarli ikki yil o‘tdi, lekin bari o‘sha-o‘sha. Amalda esa, ko‘pincha, o‘sha bevosita shu narsaga mas'ul, javobgar odamlar uning teskarisini qilishyapti.

Shaxsan men uchun, Kinochilar uyining buzilishi katta fojia bo‘ldi. «Abdullajon»dan boshlab, («Berlin-Oqqo‘rg‘on»dan boshqa - tahr.) hamma filmlarim premerasi Kinochilar uyida o‘tgan. Shunday mustahkam, MDHdagi eng chiroyli Kinochilar uyini bir oy buzishdi-ku!?

Umidvorman, ishonchim bor, prezident «Men sizlarga yangi Kinochilar uyi qurib beraman» deb aytgan. Bilmadim...».

Rejissyor o‘tgan asrning 90-yillari boshidan O‘zbekistondagi oddiy aholining turmushi, dard-tashvishlaridan hikoya qiluvchi qator filmlarni suratga olgan. Ular orasida o‘zbekistonlik yoshlarning katta qismi sevib tomosha qiladigan «Osmondagi bolalar», «Osmondagi bolalar-2» filmlari ham bor.

Zulfiqor Musoqov o‘zbek yoshlarining bugungi kuni, ular haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi: «Ichki dunyosi chiroyli, bilimlarga juda tashna, madaniyatli yoshlarimiz bor. Yo‘q emas, lekin ular kamayib ketayotganidan tashvishlanyapman, afsuski. «Berlin-Oqqo‘rg‘on» filmidagi nemis tilida gapiradigan obrazlarning barchasiga Gyote instituti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida nemis tilini o‘rganayotgan, ko‘zlari chaqnoq yoshlari ovoz berdi.

Didi boy va bilimga tashna yoshlarimiz bor. Ular yaxshi film ko‘rmoqchi bo‘ladi. Afsuski, ko‘pchiligida bilim yo‘q. Jangari, oldi-qochdi filmlarning ta'sirida vahshiylik, zo‘ravonlik ular uchun bir odat bo‘lib qolyapti.

Har kun misol keltirish mumkin. O‘zining kursdoshini bir necha bola do‘pposlab o‘ldirib ketdi. O‘qituvchilar kaltaklangan holatlar bor. Men Samarqandda ochig‘ini aytdim. Bu qanaqa fashizm, bechora bir kampirning boshiga chiqindi paqirini kiydirib, yana selfi qilib olishadimi? Bu dahshat. Buning bari tarbiyasizlik, bular ko‘chada o‘sgan bolalar, ko‘chaning tarbiyasini topgan bolalar.

Ko‘p bolalar «Men ko‘chaning tarbiyasini ko‘rganman» yoki kap-katta odamlar ham «Men ko‘chada o‘sganman» deb mag‘rurlanadi. Gohida ko‘chada o‘ynab kech qolib ketsam, rahmatli dadam uyga kir derdilar. «Hamma ko‘chada yuribdi-ku?» desam, «Hamma – hamma, ertangi kelajagingni o‘yla, o‘g‘lim» deb aytardilar.

U yoshlar o‘ttiz yoshga yetganida ham ko‘chada o‘sganini aytadimi? Ko‘cha tarbiyasi ota-onaning tarbiyasini ko‘rmagan, bir iflos, zo‘ravon, yo‘lto‘sar maxluqlarning tarbiyasi bo‘ladi. Buning bari mening shaxsiy fikrlarim.

Yonimda bir kollej bor. Kunora urush chiqadi. Jangari, bir tiyinga qimmat filmlar chiqaradigan davlatlarning o‘zida ularni efirda uzatish qattiq nazoratdan o‘tadi.

Mushaklarni rivojlantirish katta qadamlar bilan ketyapti, miyani rivojlantirish esa oqsayapti».

Rejissyor «Kichkina tabib» filmidagi Shuhrat aka obrazi kabi insonlar jamiyatimizda ham uchrab turishini aytadi: «Men ulardan juda uzoqman. Biznesni tushunmasam, pul sanashni ham bilmayman. Butun umr shu «vedomost»ga qo‘l qo‘yib, oylik olib yurgan odamman. Shuhrat aka obrazidek bo‘lishga ham iqtidor kerak-da. Har bir odam qo‘lidan kelgan, eplagan ishini qiladi.

O‘ylab qaraganda, meni tashvishlantirayotgan narsa – boylar bilan kambag‘allar o‘rtasidagi farq, oldin odamlar uyalardi. Men «bechoralar ko‘chasi» deydigan ko‘chada darvozasining o‘zi kamida 5000 dollarlik, million dollarlik uylar bor. Tabiiyki, savol tug‘iladi. Bu birovning pulini sanash emas, bizning eng kam oylik ish haqimiz 202 ming so‘m bo‘lgan paytda, shu odamlar million so‘m, mayli, bir yarim million so‘m olsin... (nomutanosiblik).

Buni ochiq-oydin aytish kerak, ikki xonali «katalak» uylarda olti kishilik oilalar bor. Yoshi o‘ttizga kirib, uylanolmay yurgan yigitlar qancha... To‘ylarni qarzga o‘tkazib, butun umr qarzga botib yurganlar bor. Ajralishlar ham ko‘payib ketdi».

Zulfiqor Musoqov bilan suhbatning to‘liq shaklini Kun.uz’ning YouTube va Mover’dagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Ko‘proq yangiliklar: