Navoiyda ko‘pqavatli uylar aholisi loy kechmoqda: mutasaddilar muammoni bartaraf etishni va'da qildi

Jamiyat 15:10 / 17.02.2019 12754

Respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Navoiyda ham yangi uylar, ko‘pqavatli turar joylar qurilmoqda. Yangidan barpo etilayotgan zamonaviy ko‘pqavatli uylar soni yildan yilga oshmoqda.

Albatta, bu jarayonda qurilish tashkilotlaridan katta mas'uliyat talab etiladi. Qurilish ishlarining sifatli amalga oshirilishi, belgilangan ishlar oxirigacha yetkazilishi va vaqtida tugallanishi eng muhim omillardandir.

Aks holda, ko‘pqavatli uylardagi xonadon egalarining turli e'tirozlari, nizolar va ko‘pgina tushunmovchiliklar kelib chiqishi mumkin.

Kun.uz tahririyatiga Navoiy viloyati, Karmana tumanidagi «Yoshlik» mahallasi aholisidan aynan shu mazmundagi murojaat keldi.

Ushbu murojaatni joyida o‘rgandik va mahalla aholisining e'tirozlarini tingladik.

«Bu yerga 2016 yil ko‘chib kelganmiz. Shuncha vaqtdan buyon katta ko‘chaga chiqish uchun yo‘l qilib berishmayapti. Yog‘ingarchilik kunlarida loy kechishga majburmiz. Farzandlarimiz bog‘cha va maktabga boradi, o‘zimiz ishga boramiz. Ko‘chaga chiqqunimizcha loyga botamiz. Bu masalada ko‘p marta turli joylarga murojaat qildik. Ammo bu muammo qurilish tashkiloti va hokimiyat o‘rtasidagi sansolarlik tufayli ijobiy yechim topmayati. Murojaatlarimiz e'tiborsiz qolmoqda», – deydi mahalla aholisi.

O‘rganishimiz davomida ma'lum bo‘lishicha, mahalladagi 108 va 110-uylar 2016 yili qurilib, foydalanishga topshirilgan. Aholi ko‘chib kelib, yashay boshlaganidan beri bu uylarning atrofi obodonlashtirilmay kelinmoqda. Shuningdek, ko‘chaga chiqadigan yo‘l qilinmagan. Ushbu uylarda yashovchilar shuning uchun yozda tuproq, qishda loy kechishga majbur. Mazkur uylar atrofida yangi ko‘pqavatli uy qad rostlamoqda. Bir necha yillardan buyon bu yerda obodonlashtirish ishlari olib borilmayotganiga shu omil sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Ammo 108 va 110-uylarda yashayotgan aholi uchun vaqtinchaga bo‘lsa ham yo‘l qilib berilishi zarur. Axir, ular 2016 yildan buyon shu muammodan aziyat chekmoqda.

Ushbu holat yuzasidan Karmana tumani hokimligining qurilish masalalariga mas'ul bosh mutaxassisi va 108, 110-uylarning qurilishini amalga oshirgan qurilish tashkiloti rahbari bilan uchrashdik.

Qurilish tashkiloti rahbari tez fursatda ushbu uylarda yashayotgan aholi uchun katta ko‘chagacha yo‘l qilib berilishini va'da qildi.

Kun.uz mazkur muammoning ijobiy hal etilishi yuzasidan berilgan va'daning bajarilishiga ishonch bildiradi va bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri.

P.S. Xorijiy davlatlarda biror qurilishni amalga oshirishdan avval o‘sha hududga tekis yo‘l o‘tkaziladi, asfaltlanadi, kommunal tarmoqlar tortiladi. Keyin esa inshootni barpo etish ishlariga kirishiladi. Bizda esa teskarisi — bino yoki inshoot quriladi, agar qandaydir muhim obekt bo‘lsa yo‘l yotqiziladi, bo‘lmasa shundoqligicha tashlab ketilaveriladi. Keyinchalik suv, gaz, kanalizatsiya uchun yana yo‘llar qaziladi, katta mablag‘ sarflab asfaltlangan yo‘llar buziladi. Tahririyatimizga namunaviy uy-joylar qurilgan joylardan bu borada ozmuncha shikoyat kelib tushdimi?!

Shuning uchun xususiy qurilish korxonalariga turarjoy binolari qurish uchun yer ajratib berishdan avval, birinchi galda o‘sha hududni obodonlashtirish masalasi ham ularning gardaniga yuklanishi me'yoriy hujjatlarda o‘z aksini topishi kerak, deb o‘ylaymiz.

Ko‘proq yangiliklar: