Moskvada o‘zbekistonliklar ishtirokida pichoqbozlik ro‘y berdi, 2 kishi halok bo‘ldi

Jamiyat 19:45 / 17.02.2019 88825

Moskva janubi-sharqida o‘zbekistonliklar ishtirokida ro‘y bergan mushtlashuv oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda «Moskovskiy komsomolets» xabar bermoqda.

17 fevralga o‘tar kechasi Volgograd prospektida ro‘y bergan janjalda jami 10 kishi ishtirok etgan.

«Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, mushtlashuv ishtirokchilari soni 10 kishi bo‘lgan, ularning barchasi avtomoyka majmuasida ishlagan o‘zbekistonliklar», — deyiladi manba ma'lumotida.

Ma'lum bo‘lishicha, mojaroga ishchilardan biri boshqasining ukasini haqoratlagani sabab bo‘lgan.

Mojaro ishtirokchilaridan biri, 29 yoshli ishchi voqea joyida pichoqdan olingan jarohat tufayli halok bo‘lgan, yana ikki kishi jarohatlangan holda shifoxonaga yotqizilgan, ulardan biri jon bergan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Janjal kuzatuv kameralariga muhrlanib qolgan. Videoda ko‘rish mumkinki, mushtlashuvdan keyin odamlar yerda yotgan kishi atrofida to‘plangan, keyinroq politsiya va tez yordam mashinalari yetib kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: