40 yoshli Pisarro o‘z goli bilan «Verder»ni qutqardi. U Bundesliga rekordchisi

Sport 10:00 / 17.02.2019 5083

«Bavariya» va «Chelsi» klublarining sobiq futbolchisi, perulik hujumchi Klaudio Pisarro – Bundesligada yangi rekord o‘rnatdi.

Ayni vaqtda «Verder»da to‘p surayotgan futbolchi Bundesliganing 22-turida «Herta»ga qarshi o‘yinda (1:1) hisobni tenglashtiruvchi gol urdi. Pisarro o‘yinga qo‘shib berilgan oltinchi daqiqada darvozani ishg‘ol etdi, buning evaziga bremenliklarning mag‘lubiyatsiz seriyasi davom etdi - besh o‘yin.

Pisarro Bundesliga tarixida gol urgan eng yoshi ulug‘ futbolchiga aylandi. Perulik bu futbolchi ayni vaqtda 40 yoshu 136 kunlik. Qayd etish kerakki, avvalgi rekord ham Pisarroga tegishli edi. O‘tgan safar u Bundesliganing 10-turida, 2018 yilning 4 noyabrida «Mayns»ga qarshi o‘yinda gol urgandi. Bu ro‘yxatda uchinchi o‘rinni 37 yoshida Germaniya chempionati o‘yinida gol urgan Oliver Fink band etgan.

Pisarro joriy mavsumda barcha turnirlar doirasidagi 19 o‘yinda jami 4 gol urgan.

Pisarro 1999 yilda Yevropaga kelib, dastlab «Verder» safida to‘p surgan. 2001-2007 yillarda «Bavariya» a'zosi bo‘lgan futbolchi myunxenliklar safida 174 o‘yin o‘tkazib, 71 gol urgan, 2007 yilda «Chelsi»ga yo‘l olgan futbolchi asosiy tarkibga kira olmagan, 2008-2009 yilgi mavsumni «Verder»da ijara asosida o‘tkazgan, 2009 yili «Verder»ga butunlay qaytib, 77 o‘yinda 43 gol urishga erishgan. 2012 yili «Bavariya» yana uni o‘z safiga qo‘shib oladi va hujumchi 2015 yilgacha shu jamoada qoladi, keyin «Verder»ga qaytgan futbolchi 2017 yil jamoani tark etishga majbur bo‘ladi, o‘sha vaqtdagi bosh murabbiy Aleksander Nuri uni tarkibdan chiqarib tashlagandi. Bir mavsumni «Kyoln» safida o‘tkazgan tajribali futbolchi 2018 yil yozida yana jonajon jamoasiga qaytadi. 

«Uning tajribasi biz uchun yuqori ahamiyatga ega. Pisarro hamon maydonda muhim futbolchi, u buni Dortmunddagi o‘yinda ko‘rsatgandi. U afsona. Klaudio – haqiqiy fenomen, u hamisha yaxshi sport formasida bo‘lgan», – deya ishonch bilan gapiradi «Verder» bosh murabbiyi Florian Kofeldt.

Ko‘proq yangiliklar: