Tojikiston aholisiga oltin qazib olishga ruxsat beriladi

Jahon 13:12 / 16.02.2019 19508

Tojikiston hukumati jismoniy shaxslarning oltin izlovchilik faoliyatiga ruxsat beradi, ular oltin va boshqa qimmatbaho metallarni qazib olishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda, TASS xabariga ko‘ra, Tojikiston moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda 15 fevral kuni xabar qilgan.

«Qaror loyihasi yaqin kunlar ichida hukumatga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi va navbatdagi yig‘ilishda qabul qilinadi», - deya amaldorning so‘zlarini keltirgan Asia-Plus. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda hujjat boshqa vazirliklar hamda idoralar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Qarorga ko‘ra, Moliya vazirligidan ruxsat olgan mamlakatning har bir fuqarosi qimmatbaho metallarni izlash va qazib olish bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. Ularni davlat moliyaviy tuzilmalariga vazirlik tomonidan belgilanadigan narxda topshirish mumkin.

Hozir Tojikistonda faqat ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar qimmatbaho metallarni qazib olishi mumkin. Oltin izlovchilar avvaldan ularning shtatiga kiritiladi va «ish beruvchiga» ular tomonidan belgilangan narx bo‘yicha topilgan narsani topshirishga majburlar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston hukumati qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishni rasman qonuniylashtirgandi.

Ko‘proq yangiliklar: