Tanqidiy maqoladan so‘ng Quvadagi maktab stadionida qurilish ishlari to‘xtatildi

Jamiyat 23:27 / 16.02.2019 13084

Shu oy 9 fevral kuni saytimizda “Quvada tadbirkor maktab stadioniga bino qursa bo‘laveradi(mi?) Xalq ta'limi vazirligi nega jim?” sarlavhasi ostida tanqidiy tahliliy maqola e'lon qilingan edi.  

Mazkur maqolada Farg‘ona viloyati Quva tumani Qorashoh mahallasidagi 44-umumiy ta'lim maktabi foydalanuvida bo‘lgan sport maydoni hududiga shu yerlik tadbirkor maishiy xizmat obektlari qurishni boshlagani va bundan ta'lim muassasi va mahalla ahli rozi bo‘lmay KUN.UZ saytiga murojaat qilgani bois o‘rganish natijalarini bayon qilgandik.

Qo‘qqisdan “Qosimov Sirojiddin chorvasi” a'zolari maktab stadioni oldida qurilish boshlaganida mahalla ahli hayron qolib, turli joylarga murojaat qila boshlaydi. To‘g‘risini aytish kerak, maktab ma'muriyati, MFY idorasi, mahalla aholisi tomondan yozilgan biror ariza yechim topmagan.

“Qosimov Sirojiddin chorvasi”  rahbari Inomjon Qosimov, stadion hududiga qurilish qilish uchun talab qilinadigan hujjatlariga ega ekanligini bildirgan.  

O‘z o‘rnida, maktab ma'muriyati va mahalla ahli “tadbirkor”ni nohaq deb topish uchun asos bo‘la oluvchi hujjatlarni taqdim etdi.

Yuqoridagi muammoli holat bo‘yicha yozilgan maqolada juda ko‘plab hujjatlardan nusxalar keltirgan edik.

Tahliliy material saytda chiqqanidan so‘ng bu masalaga Xalq ta'limi vazirligi o‘z munosabatini bildirdi.

Mazkur axborotda «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabridagi «Xalq ta'limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining 10-bandiga ko‘ra umumta'lim va maktabdan tashqari muassasalarning yer uchastkalari va ko‘chmas mulkini O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri bilan kelishmasdan begonalashtirish taqiqlanadi.

Qorashoh mahallasidagi 44-umumta'lim maktabi stadionini tadbirkorlar loyihalarini amalga oshirishlari uchun ajratish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirining roziligi olinmagan», deya ta'kidlangan.

Biroq, vazirlik tomonidan o‘tgan o‘n kun davomida o‘rganishlar olib borilmagan.

Biz yana Quva tumanida bo‘lib, masala qanday hal qilinayotganligi bilan qiziqdik.

Tuman hokimi Halimjon Umarov bilan bo‘lgan suhbat davomida, mutasaddi, muammo maktab foydasiga hal bo‘lganini, tadbirkorga mahalla hududidan bo‘sh yer maydoni berilishini bildirdi. Shundan so‘ng tuman hokimining o‘rinbosari bilan 44-umumta'lim maktabiga bordik.

Darhaqiqat, oldingi safar borganimizda stadion oldida bino poydevori uchun chuqurlar kavlanib, maydon panjaralari olib tashlangan va ikki qator teraklar kesib yotqizilgan edi.

Tuman hokimligining e'tibori va shu joyning o‘zida ish olib borgani tufayli stadion hududidagi chuqurlar tekislanib joyiga keltirilibdi. Maydon atrofiga panjaralar qayta o‘rnatilib, to‘ldirilgan chuqurlar o‘rniga manzarali daraxtlar ekilganiga guvoh bo‘ldik. Maktab o‘quvchilari mashg‘ulotlarni davom ettirishmoqda.    

“Sport o‘yingohi oldidagi kesilgan teraklarni ham maktabimizga qaytarishdi. Stadionda o‘quvchilar shug‘ullanishyapti. Hozircha muammolar yo‘q”, deydi maktab direktori Jamoldin Mo‘minov.

Ko‘rib turganingizdek, muammoli vaziyat hokimlik yordamida umumta'lim muassasasi foydasiga hal bo‘lgan. Stadion hududida qurilish ishlari to‘xtatilib, maydon o‘z holiga keltirilibdi.

Bizni maktabda ekanligimizni eshitib, “Qosimov Sirojiddin chorvasi”  rahbari  Inomjon Qosimov ham yetib keldi va o‘z hujjatlarining haqiqiyligini va bu borada oxirigacha kurashishini aytdi.     

O‘z o‘rnida tuman hokimligi maktab stadioni hududi daxlsiz qolishi va tadbirkorga boshqa joydan yer maydoni berilishini ta'kidladi.

Elmurod Ermatov, Farg‘ona

Ko‘proq yangiliklar: