Hafta o‘yinlari anonsi. «Barsa» jiddiy bosim ostida, «MYu» «Chelsi»ga qarshi

Sport 13:09 / 16.02.2019 22648

ATALANTA - MILAN (17 fevralga o‘tar kechasi, 00:30)

Italiyada ajoyib formaga kirib olgan va juda yaxshi seriya qayd qilayotgan ikki jamoaning to‘qnashuvi juda qiziq bo‘lsa kerak. Buning ustiga, «Milan» va «Atalanta» mos ravishda 39 va 38 tadan ochko to‘plab, to‘rtinchi va beshinchi o‘rinni band qilib turishibdi. Ya'ni, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda ham bu o‘yin natijasi muhim ahamiyat kasb etadi.

«Milan»ning yangi hujumchisi Kshishtof Pyontek o‘zini ko‘rsatishni boshlab yubordi. Dastlab, «Napoli»ga qarshi kubok o‘yinida debyut qilib, dubl qayd etgan polshalik forvard A Seriyada keyingi ikki o‘yinda ham maydonni golsiz tark etmadi. «Milan» esa, oxirgi 9 o‘yindan atigi bir marta, u ham bo‘lsa, «Yuventus» bilan o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi xolos.

«Atalanta»ning yurishi undan ham salmoqliroq. Bergamoliklar sakkiz o‘yindan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelishmoqda. Bu o‘yinlar ichida «Yuventus» va «Roma» bilan jangovor duranglar, 5:0, 6:2 hisobidagi chiroyli g‘alabalar va kubok o‘yinida turinliklar ustidan yirik hisobdagi zafar ham bor. Jamoa hujumchisi Duvan Sapata esa, oxirgi 12 o‘yinda, barcha musobaqalarda, 18 gol urishga muvaffaq bo‘ldi va shu davrdagi Yevropaning eng sermahsul o‘yinchisi bo‘lib turibdi. Bu o‘yinlarda Sapala ikki marta het-trik va bir pokerga erishdi.

«Atalanta» A Seriyada 50 gol urishga erishgan – bu ham chempionatdagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir. «Milan» bilan o‘zaro o‘yinlarda ham hozirda «Atalanta»ning natijalari yuqori – oxirgi 7 o‘yinda milanliklar biror marta ham g‘alaba qozona olishmagan.

Xullas, o‘yin mazmuni jihatidan ham, turnir jadvaliga bo‘lgan ta'siri, umuman jamoalarning bugungi holati, qahramonlar jihatidan ham tomosha qilishga arzigulik o‘yin bo‘lishiga shubha yo‘q. 

BARSeLONA – VALYaDOLID (17 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)

Go‘yoki, bir tekisda, barcha masalalarda aniq javoblar bilan davom etayotgan La Ligaga intriga qaytdi. «Barselona» qatorasiga ikki o‘yinda ochko yo‘qotdi va endi, kataloniyaliklarning «Real» bilan o‘rtadagi farqi atigi 6 ochkoni tashkil qilmoqda.

«Barselona» o‘yinida pasayish va ochkolar yo‘qotilishi yangilik emas, esingizda bo‘lsa, birinchi davrada Valverde jamoasi yomonroq natijalarni ketma-ket qayd etishgandi. Ammo bu safargisi sal xavfliroq. Birinchidan, o‘tgan safar mos ravishda «Real» ham yomon natijalar qayd etgan va shu tariqa kataloniyaliklarning muvaffaqiyatsiz o‘yinlari soyada qolgandi. Ikkinchidan, Ispaniya chempionatida muammolar aynan eng keraksiz paytda, Chempionlar Ligasida qizg‘in palla boshlangan davrda yuzaga kelmoqda. Buning ustiga, tarkib borasida ham muammolar yetarli – Usmon Dembele hali ham jarohatini davolamoqda, Koutino esa, doim ham samarali o‘yin ko‘rsata olmayapti. So‘nggi o‘yinlarda asosiy tarkibda muntazam tushib turgan Artur ham jarohat oldi va mart oyigacha safga qayta olmasa kerak.

Kelasi hafta «Barselona» Lionga safar qiladi. Undan keyin esa, «Sevilya» bilan yana mehmonda, keyin Madridda «Real»ga qarshi avval kubok, keyin chempionat doirasida uchrashuvlar kutib turibdi. Mana shu to‘rt qiyin o‘yin oldidan biroz tin olishning ham iloji yo‘q – endi «Barselona» bunday o‘yinlarda xato qilishga haqli emas.

«Valyadolid» esa, xavfli zonadan atigi 3 ochko farq bilan 15-o‘rinda bormoqda va bunday holatda ular yanada noqulaylik tug‘dirishlari mumkin. Buning uchun birinchi davrada bu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinni eslash kifoya – o‘shanda «Barselona» yagona gol evaziga g‘alaba qozongan, mezbonlarning so‘nggi daqiqalarda urgan gollari esa, faqat VAR yordamida bekor qilingandi. Umuman olganda, yangi davrda «Valyadolid» va «Barselona» besh marta to‘qnash kelib, 4tasida kataloniyaliklar g‘alaba qozongan. 2014 yilning mart oyida bo‘lgan o‘yinda autsayder o‘z maydonida 1:0 hisobida ustun kelgan.

Darvoqe, «Barselona» klubi bosh murabbiy Ernesto Valverde bilan 2019/20 yilgi mavsum oxirigacha yangi shartnoma shartlarini kelishib olganini ma'lum qildi. Buni ham yuvish kerak, albatta.   

ReAL – JIRONA (17 fevral, 16:00)

Yuqorida aytib o‘tilganidek, Ispaniya chempionatiga intriga qaytdi va bunga asosan «Real»ning 2019 yildagi barqaror o‘yinlari sabab bo‘lmoqda. Madridliklar La Ligada qatorasiga 5 o‘yinda g‘alaba qozonishdi, 16 ochko to‘plashdi va bu liga jamoalari ichida eng yaxshi ko‘rsatkichdir. «Jirona» esa aksincha, 2019 yilda eng kam – atigi 2 ochko olishga muvaffaq bo‘lgan xolos. Kataloniyaliklar oxirgi marta La Ligada 25 noyabr kuni g‘alaba qozonishgan, umumiy hisobda esa, 5 dekabr kuni Ispaniya kubogidagi g‘alaba eng oxirgisi bo‘lib turibdi. «Jirona» so‘nggi olti o‘yinda faqat mag‘lubiyatga uchramoqda.

«Real» bilan o‘zaro o‘yinlar borasida ham «Jirona»ning natijalari barqaror – ya'ni, yomon. Esingizda bo‘lsa, 2017 yilning avgustida La Ligada debyut qilgan jironaliklar «Real» ustidan g‘alaba qozonishgandi. Shundan keyin o‘tkazilgan besh o‘yinda «Real»ning qo‘li baland keldi.

Ammo bu o‘yinga e'tibor qaratishning ham o‘ziga yarasha sabablari bor. Birinchidan, har qanday yomon seriya bir kun barham topadi va hafta o‘rtasida Chempionlar Ligasida o‘ynagan «Real»ga qarshi o‘z imkoniyatini sinab ko‘rish ayni muddao. Ikkinchidan, «Real» ham chempionlik poygasiga kirishdi va endi ular ham har o‘yinda g‘alaba uchun maydonga tushishlari shart. Va yana bir qiziq jihat, o‘tgan mavsum boshidan buyon «Santyago Bernabeu»da eng ko‘p gol urgan jamoa aynan «Jirona» bo‘lib turibdi. Ispaniya kubogi va chempionati bahslarida ikki marta Madridga mehmon bo‘lgan «Jirona» jami 5 gol urishning uddasidan chiqqan. Bu o‘yinlarda jamoa mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, aytish mumkinki, jironaliklar «Real» darvozasini qanday ishg‘ol qilishni bilishadi. Mehmonlar yetakchi hujumchisi Kristian Stuani esa, o‘z faoliyati davomida 5 marta «Real» darvozasini ishg‘ol qilishning uddasidan chiqqan.

Tarkiblar borasida «Real» uchun Luka Modrichning maydonga tusha olmasligi katta yo‘qotish. Xorvatiyalik futbolchi «Atletiko»ga qarshi o‘yinda sariq kartochka oldi va diskvalifikatsiya qilindi. Shuningdek, Karim Benzema va Iskoning maydonga tushishi so‘roq ostida. Markos Lorente esa, mart oyigacha jamoaga yordam bera olmaydi. «Jirona» tarkibida esa, yuqorida tilga olingan Kristian Stuani «Ueska» bilan o‘yinda kichik jarohat olgandi. Uning ham maydonga tushish yo tushmasligi so‘roq ostida turibdi.

AYNTRAXT – BORUSSIYa M (17 fevral, 19:30)

Bundesliganing ikki yetakchi va qiziqarli jamoalarning uchrashuvi. Azar, Plea, Hofmann, Yovich, Aller, Rebich kabi futbolchilar qatnashadigan o‘yinni tomosha qilish ancha zavqli bo‘lsa kerak.

Menxengladbaxliklar chempionlik poygasidan uzoq bo‘lsalar-da, kuchli uchlikda mustahkam o‘rin olishgan. O‘tgan turda o‘z maydonida «Herta»dan qabul qilingan mag‘lubiyat juda qimmatga tushdi va endi bu safar Hekking shogirdlari mag‘lubiyatga uchrashga haqlari yo‘q. «Ayntraxt» esa, 33 ochko to‘plagan va kuchli to‘rtlikdan, ya'ni Chempionlar Ligasi yo‘llanmasidan 5 ochko ortda borishmoqda. Bu o‘yinda ham ochko yo‘qotilishi frankfurtliklarning bu kurashdagi imkoniyatlarini ham keskin tushirib yuboradi.

O‘zaro o‘yinlar borasida oxirgi 18 o‘yinning yarmini o‘z foydasiga hal qilgan «Borussiya»ning natijalari yaxshiroq, ammo so‘nggi yillarni alohida oladigan bo‘lsak, frankfurtliklar bo‘sh kelishmayapti va hatto 2015 yilda «Ayntraxt» safarda 5:1 hisobida g‘alaba qozongandi. O‘tgan mavsumdagi har ikki o‘yinda ham Frankfurt jamoasi g‘alaba qozongan. Birinchi davradagi o‘yinda esa, mezbon jamoa 3:1 hisobida ustun kelgan edi.

Sport formasi nuqtai nazaridan, bu o‘yinda mehmonlar yaxshiroq ko‘rinishlari turgan gap. Chunki «Ayntraxt» payshanba oqshomida Yevropa Ligasida o‘yinida maydonga tushdi. Bu o‘yin ham safarda, «Shaxtyor»ga qarshi kechgani va o‘yin juda murosasiz (2:2) kechganini e'tiborga olsak, «Ayntraxt» anchagina kuch yo‘qotganini taxmin qilish mumkin.

CheLSI – MANCheSTeR YuNAYTeD (19 fevralga o‘tar kechasi, 00:30)

Bu hafta Angliya Premer-Ligasida tur o‘yinlari bo‘lmaydi. Aksariyat jamoalar Angliya kubogida bo‘lishini e'tiborga olgan APL taqvimni shunday tuzdi, lekin ma'lum bo‘lishicha, oxirgi 16 jamoadan atigi 7tasi APL vakili bo‘lib chiqdi xolos. Top-6 dan ham uch jamoa – «Liverpul», «Tottenhem» va «Arsenal» turnirni tark etishdi, yana ikki top-klub esa nimchorak finalda o‘zaro to‘qnashadigan bo‘ldi.

Bu Angliya futbolidagi yangi asr klassikalaridan biri, «Chelsi» bu asrda «MYu»ni eng ko‘p yutgan, eng ko‘p sovrin tortib olgan jamoa bo‘lib qolmoqda. Jumladan, mana shu Angliya kubogi doirasida ham so‘nggi uch to‘qnashuvda «Chelsi» bir xil – 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, manchesterliklarni kurashdan chiqarib yuborgan. 2013 va 2017 yillarda chorak finalda «Stemford Brij» «Chelsi» g‘alabasiga guvoh bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yili final o‘yini aynan mana shu raqiblar o‘rtasida kechgandi.

Yana bir qiziq jihat, 2012 yil, ya'ni Aleks Fergyuson ketganidan beri «Manchester Yunayted» raqibini safarda yuta olmayapti. «MYu» ikki marta bunga juda yaqin kelgan, ammo har ikki safar ham «Chelsi» so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qolgandi. O‘z navbatida, «Chelsi»ning «Old Trafford»dagi g‘alabasiga ham ancha bo‘ldi, bu ham Aleks Fergyuson davriga to‘g‘ri keladi.

Bugunga qaytadigan bo‘lsak, qaysidir ma'noda jamoalar o‘xshash vaziyatga tushib qolishgan. «Chelsi» va Sarri o‘rtasidagi muloqot tobora chigallashib bormoqda va buning natijasi o‘laroq jamoa o‘tgan turda «Manchester Siti»dan qaqshatgich zarba qabul qilib oldi. «MYu» esa 11 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyadan keyin, «PSJ»ga qarshi hech narsa qila olmadi va go‘yoki ikki oy davom etgan ijobiy muhitni boy berib qo‘ygandek. Demak, har ikki jamoa uchun ham bu o‘zini isbotlash uchun so‘nggi imkoniyat. «MYu» mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, bu mavsumni sovrinsiz tugatishi deyarli aniq bo‘lib qoladi.

Tarkiblar borasida, aslida, raqibidan ikki kun keyin yevrokubokda maydonga tushadigan «Chelsi» uchun noqulayroq tuyulgandi. Lekin aksincha bo‘lib chiqdi. «Manchester Yunayted» parijliklar bilan o‘yinda ikki asosiy futbolchisi Marsiyal va Lingardni jarohat tufayli yo‘qotdi va bu futbolchilar «Chelsi»ga qarshi qanday holatda bo‘lishlari so‘roq ostida. Shuningdek, o‘sha o‘yinda chigalyozdi paytida Sanches hakam bilan to‘qnashib ketgan va u ham jarohat olgan. O‘ng qanot himoyasida Valensiya va Darmiyan hali tiklanib ulgurgani yo‘q.

«Chelsi» esa, aksincha, «Malmyo» bilan o‘yinda tarkibni rotatsiya qilib olish imkoniga ega bo‘ldi. Yevropa Ligasi o‘yinida Azar, Kante va Iguain asosiy tarkibda maydonga tushishmadi. Sarri ixtiyorida so‘nggi paytlarda safda bo‘lgan barcha futbolchi sog‘lom holatda.

Demak, «Chelsi» va «Manchester Yunayted» ishtirokidagi qatorasiga uchinchi yildagi Kubok uchrashuvi bizni kutib turibdi. Sarrining inqirozi qachongacha davom etadi? Sulsher va «MYu»ning «asal oyi» tugadimi? Bu savollarga aniq javobni dushanba oqshomida bilib olamiz.

BOShQA O‘YINLAR

16 fevral. «Rayo Valekano» – «ATLeTIKO» (20:15), «INTeR» – «Sampdoriya» (22:00), «Nyuport» – «MANCheSTeR SITI» (22:30), «BARSeLONA» – «Valyadolid» (17 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)

17 fevral. «NAPOLI» – «Torino» (18 fevralga o‘tar kechasi, 00:30), «Sent Eten» – «PSJ» (18 fevralga o‘tar kechasi, 01:00).

Ko‘proq yangiliklar: