Erdo‘g‘an Idlibda Rossiya va Eron bilan qo‘shma amaliyotni istisno etmadi

Jahon 16:02 / 16.02.2019 7730

Rossiya, Turkiya va Eron Suriyaning Idlib viloyatida radikal guruhlarga qarshi qo‘shma harbiy amaliyotlar o‘tkazishi mumkin. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Hurriyet gazetasi.

«Birgalikdagi amaliyotlar istalgan vaqtda voqealar rivojiga mos ravishda o‘tkazilishi mumkin. Ular uchun hech qanday to‘siq yo‘q. Hozirgi chora-tadbirlar Idlib aholisining qulayligi, baxt-saodati va farovonligiga qaratilgan. Biz uchun muhim bo‘lgan narsa - odamlar xavfsizligi», - dedi Erdo‘g‘an Sochidan qaytib kelgach. U yerda prezident 14 fevral kuni Rossiya va Eron rahbarlari Vladimir Putin hamda Hasan Ruhoniy bilan sammitda ishtirok etdi.

Idlibdagi vaziyat prezidentlar muhokama qilgan asosiy masalalardan biri bo‘ldi, deya ta'kidlaydi Hurriyet. Ular «Hayot Tahrir ash-Sham» va boshqa radikal guruhlarga qarshi aniq qadamlar qo‘yishga kelishib oldilar. Erdo‘g‘an aynan qanday choralar rejalashtirilganligiga aniqlik kiritmadi, lekin anklavda qo‘shma amaliyotlar bo‘yicha uch tomonlama kelishuvni tasdiqladi. Idlibda viloyat hududining 90 foizini nazorat qiladigan o‘n minglab jangarilar yashaydi.

Erdo‘g‘anning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya va Rossiya harbiylari Idlibdagi keskinlikdan xoli hududdagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha memorandumni amalga oshirishga oid jadal ish olib bormoqda, u o‘tgan yil sentabr oyida imzolangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShda Suriyadan qo‘shinlarni olib chiqish muddati ma'lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: