“Xalqaro saratonga chalingan bolalar kuni” keng nishonlandi

Jamiyat 19:06 / 15.02.2019 6695

O‘zbek xalqi azaldan yiqilganni suyab, yordamga muhtojlarga qo‘l berishga o‘rgangan. 15 fevral – “Xalqaro saratonga chalingan bolalar kuni”ni keng nishonlash maqsadida Respublika onkologiya ilmiy tekshirish markazida hayot sinovlariga, uning achchiq zarbalariga dosh berayotgan bolalarni xursand qilish uchun bir guruh yoshlar, estrada yulduzlari, kino va teatr aktyorlari hamda mashhur futbolchilar jam bo‘ldi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda "Mo‘jizalar davri" ko‘ngilli yoshlar jamoasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda bolajonlar yulduzli mehmonlar, raqslar shousi, qiziqarli o‘yinlar, sirk tomoshalaridan bahramand bo‘lishdi.

– Hayotning shirinligi, umrning mazmundorligi, albatta, bolalar bilan. Bugungi tomoshalarni ko‘rib, ularning ko‘zlari kuldi, atrofida girdikapalak bo‘lib yurgan masxaraboz qiyofasidagi opalari, akalari bilan o‘yinlar o‘ynashdi. Quralay ko‘zlarning bir kunini bo‘lsa-da, quvonchga to‘ldirganlar orasida men ham borligimdan xursandman, – deydi taniqli aktyor Javohir Zokirov.

Shu kuni bolalarga turli tashkilotlar tomonidan sovg‘alar topshirildi.

Ayniqsa, "Mo‘jizalar davri" ko‘ngilli yoshlar jamoasi a'zolarining hayvonlar, gullar, multfilm qahramonlari surati aks ettirilgan rang-barang rasmlarga ezgu tilaklar, eng yaxshi niyatlar yozib ulashgani bolalarning rangin dunyosini boyitishga xizmat qildi.

– Mening ismim Bilolbek. Yoshim to‘qqizda. Bolalar bilan o‘ynamaganimga ancha bo‘lgandi. Bugun biz masxarabozlar bilan maza qilib o‘ynadik. Raqslarga tushdik. Men katta bo‘lsam, ichki ishlar xodimi bo‘laman. Vatanimga xizmat qilaman, Onam faxrlanadigan yigit bo‘laman, – deydi Bilolbek.

Ko‘proq yangiliklar: