O‘zbekistonda xorijiy valutaga bo‘lgan talab o‘sdi. MB bunga qanday omillar sabab bo‘lganini ma'lum qildi

Iqtisodiyot 09:16 / 15.02.2019 19934

2018 yilning IV choragi davomida almashuv kursi dinamikasiga to‘lov balansining holati, pul-kredit sharoitlari, foiz stavkalari o‘rtasidagi farq, tashqi bozorlardagi o‘zgarishlar va boshqa ichki omillar ta'sir ko‘rsatdi, deb xabar bermoqda Markaziy bank.

2018 yilda ichki bozorda intervensiyalarning umumiy hajmi 3,8 mlrd. dollarni (undan 3,2 mlrd. dollar – Markaziy bank mablag‘laridan) tashkil etib, xorijiy valutaga bo‘lgan umumiy talabning 37 foizini qoplashga xizmat qildi.

2018 yil IV chorakda intervensiyalarning umumiy hajmi 2017 yilning mos davriga nisbatan 769 mln. dollarga o‘sdi. Xorijiy valutalarga bo‘lgan umumiy yillik talab 10,4 mlrd. dollarni tashkil qildi, bu 2017 yildagi ko‘rsatkichdan 1,5 barobar ko‘proqdir.

Xorijiy valutaga bo‘lgan talabning o‘sishiga quyidagi omillar sabab bo‘ldi:

birinchidan, iqtisodiyotni kreditlash va davlat xarajatlarining yuqori suratlarda o‘sishi sharoitida asbob-uskuna, texnologiya va texnologik liniyalar ko‘rinishida asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi sezilarli o‘sdi; 

ikkinchidan, iqtisodiyotda qurilish ishlari hajmining kengayishi tayyor qurilish materiallari va ularni ishlab chiqarish uchun xom-ashyo ichki taklifining cheklanganligi sharoitida ushbu tovarlar importining oshishiga sabab bo‘ldi (asosan, metallurgiya sohasi uchun); 

uchinchidan, iste'mol talabi va iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarida ishlab chiqarishning oshishi xom-ashyo importining oshishiga olib keldi; 

to‘rtinchidan, mahalliy avtomobillar ishlab chiqarish va sotish hajmlarining o‘sishi bilan avtomobil sanoati uchun xom-ashyo, materiallar, butlovchi qismlar va ishlab chiqarish liniyalari importi oshdi.

Intervensiyalardan tashqari, xorijiy valutaga bo‘lgan talab to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar (1,8 mlrd. doll.), eksportdan tushum (14,3 mlrd. doll.) va xalqaro pul o‘tkazmalari (5,1 mlrd. doll.) hisobidan qondirildi. O‘z navbatida, tashqi valuta oqimlari hajmining yetarliligi almashuv kursining keskin tebranishlarini oldini olishga yordam berdi.

Import hajmining 39,6 foizga (19,6 mlrd. dollar) oshishi muayyan darajada davlat xarajatlari va iqtisodiyotni kreditlash hajmlarining o‘sishi bilan izohlanadi. Buning natijasida, tashqi savdo balansi defitsiti 2017 yil bilan solishtirganda 3,8 mlrd. dollarga ko‘paydi va 5,3 mlrd. dollarni tashkil etdi. Xorijiy valutaga bo‘lgan yuqori talab, o‘z navbatida, milliy valuta almashuv kursiga devalvatsion bosimni kuchaytirdi.

Ko‘proq yangiliklar: