Malayziya AQShga Goldman Sachs banki boshqaruvchisini ekstraditsiya qiladi

Jahon 20:58 / 15.02.2019 2364

Malayziya sudi Goldman Sachs bankining sobiq boshqaruvchisi Rojyer Ngni AQShga ekstraditsiya qilish qarorini qabul qildi. Ng Malayziyaning 1MDB suveren fondidan milliardlab dollar o‘g‘irlash maqsadida til biriktirishda ayblangan. 

Ng Goldman Sachs’ning Janubi-Sharqiy Osiyodagi rahbari Tim Leyssnerning o‘rinbosari bo‘lgan. Leyssner AQShning pul yuvishdagi ayblovlarini tan olgan. Ng esa o‘zini aybdor deb tan olmayapti. 46 yoshli sobiq bankirning AQShga topshirilishi dunyodagi eng yirik investitsiyaviy banklardan biri atrofidagi xalqaro mojaroning yakuni bo‘ladi.

1MDB’dan 4,5 mlrd dollar olib chiqilgani haqidagi xabar 2015 yilda paydo bo‘lgan. O‘shanda Malayziyaning bosh vaziri Najib Razzoq hisobraqamlarida fonddan o‘tkazilgan 681 mln dollar aniqlangan. Ushbu ish bilan 10 davlat huquq-tartibot idoralari shug‘ullangan. Pul yuvish ayblovi bo‘yicha bankning top-menejyerlari, Razzoq va uning sobiq o‘rinbosari Ahmad Zohid Hamidiyga ayblovlar qo‘yilgan. Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, fitna ishtirokchilari fondning 3,5 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ini o‘zlashtirib olishgan. Ulardan 1 mlrd dollari AQSh bank tizimi orqali olib chiqilgan.  

Malayziya fonddan pullarning olib chiqilishida Goldman Sachs muhim rol o‘ynaganini aytmoqda va uni malayziyalik amaldorlarni sotib olishda ayblamoqda. Shu sababli bankdan 7,5 mlrd dollar to‘lashni talab qilmoqda. Bank Malayziya hukumati ayblovlari bo‘yicha bahslashmoqda.

1MDB bilan bog‘liq mojaroga turli davlat va sohalar odamlari va tashkilotlar aralashgan. Misol uchun, “Uoll-stritlik bo‘ri” filmiga prodyuserlik qilgan, Razzoqning asrandi o‘g‘li boshqargan Red Granite kompaniyasi fonddan chiqarilgan mablag‘larni olishda ayblangan. Shuningdek, fondning yo‘qolgan pullaridan suratlar sotib olingan.

Ko‘proq yangiliklar: